Jamiyat
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov mamlakatdagi ahli ilmlarga murojaat qildi.
Nuriddin Xoliqnazarov oʻz murojaatida bugungi kunda oʻzlarining xatti-harakatlari bilan dinni xunuk koʻrsatib qoʻyayotgan baʼzi ahli ilmlar haqida gapirib, ularga dinni yetkazishda chiroyli yoʻldan borish zarurligi aytib oʻtgan. Muftiy, shuningdek, murojaatida bir qancha kitoblar va ulamolar fikri inobatga olinganini hisobga olib, buni fatvo sifatida qabul qilish kerakligini alohida taʼkidladi.
“Keyingi paytlarda dilni xira qiladigan foydasiz tortishuvlar, nizolar avj oldi. Bu kabi tortishuvlar insonni foydali ilm olishdan uzoqlashtirib, umrni behuda oʻtkazishga sabab boʻladi. Eng yomoni ushbu tortishuvlar diniy mavzular atrofida boʻlayotganidir. Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsangiz, diniy mavzudagi tortishuvlar, munozaralar koʻpayib ketdi. Bu oʻz navbatida insonlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab boʻlyapti. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar tortishuvlar maydoniga aylanib qoldi. Ular orasida baʼzi ahli ilm kishilari ham borligi kishini qattiq iztirobga soladi. Baʼzi ahli ilmlar voqelikka qaramay, turli gaplarni aytishi tortishuv va muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Bu ham fitnaga sabab boʻlmoqda. Yana ustoz koʻrmasdan, hali diniy ilmlarni yaxshi oʻzlashtirmay, din nomidan gapirayotganlar ham uchrab turibdi. Ular umuman voqelikni tushunmasdan, har xil “fatvolar”ni aytayotganlariga guvoh boʻlmoqdamiz. Bularning gaplaridan keyin koʻpchilikning dinga, xususan, ahli ilmga boʻlgan fikri salbiy tomonga oʻzgarmoqda. Goʻyoki, din mana shunday xato qilib gapirayotganlar degan tushuncha paydo boʻlmoqda. Barcha ahli imlar mana shunday deb oʻylanyapti. Natijada Allohning diniga xolis xizmat qilayotgan taqvoli, olim ustozlar ham ular orasida koʻrinib qolyapti. Bu nihoyatda musibatlidir. Shuning uchun, bugun biz mana shu narsalarni toʻxtatishga, ijtimoiy tarmoq boʻlsin yoki biror bir majlis, masjid, minbar boʻlsin, gapirishga imkon beradigan qanday makon boʻlishidan qatʼi nazar, har bir gapirguvchi, har bir bahs qilguvchini, oʻzimizni isloh qilishga chaqirmoqchiman”, — deydi Oʻzbekiston musulmonlari raisi.
Muftiy nasihat muloyimlik bilan olib borilishi kerakligiga ham alohida urgʻu berdi.
“Din tortishuv, munozara, haqorat va bir-birini kamsitish uchun kelgan emas. Din — bu nasihat. Ana shu qoidaga muvofiq juda ham ehtiyot boʻlishimiz kerak.
Nasihat yumshoqlik va muloyimlik bilan olib boriladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qoʻpol, dagʻal gapiruvchi, haqorat qiluvchi Zot boʻlmaganlar. Ming afsuski, Alloh nomidan gapirib, haqorat qilib yuborishlik, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam nomidan gapirib, fahsh soʻzlarni ishlatib daʼvat qilishliklarni ham eshitib qolyapmiz. Alloh Oʻzi kechirsin. Dinimiz shunday goʻzal, shunday madaniyat ustiga qurilganki, ogʻzimizdan birorta fahsh soʻz chiqmasligi kerak”, — deydi muftiy oʻz murojaatida.
Nuriddin Xoliqnazarov murojaati soʻngida qaysidir ahli ilmlar, domlalar kimlarningdir koʻnglini ranjitib qoʻygan boʻlsa, ularning nomidan muftiy sifatida uzr soʻradi.
“Xodimlarimizning bilmasdan qilgan kamchiliklarini dinning xatosi deb qabul qilmang. Bu shaxslar xatosi. Shaxslar xatosi esa uzr ila yuviladi. Uzrimizni qabul qilgaysiz. Alloh hammamizni hidoyatda qilsin”.
Avvalroq Nuriddin Xoliqnazarov raisligida oʻtgan yigʻilishda 4 nafar imom ishdan olingani haqida xabar berilgandi. Ungacha esa Toshkentdagi masjid imom-noibi fuqarolarni “samosud” qilishga chaqirgani uchun oʻz vazifasidan ozod etilgandi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q