Maktab shahodatnomasini yoʻqotganlar xujjat dublikatini onlayn olishi mumkin

Saqlash
22:26 / 20.09.2022 1008 0

2022-yilning 1-iyulidan boshlab shahodatnoma dublikatini masofadan turib olish xizmati yaratildi. Bu haqida Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.

 

Yangi xizmat doirasida qator qulayliklar joriy etilmoqda. Jumladan:

 

  • shahodatnoma dublikati endi 5 kunda beriladi (avval oylab kutilgan);
  •  
  • shahodatnoma dublikatini olish uchun ariza bevosita my.gov.uz portali orqali yuboriladi va dublikat elektron shaklda portal orqali beriladi (avval ariza berish uchun ham, hujjatni olib ketish uchun ham maktabga kelingan);
  •  
  • ariza onlayn shaklda, inson omilisiz qabul qilinadi, shaxsiy maʼlumotlar avtomatik tarzda boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinadi va boshqa hech qanday hujjat soʻralmaydi (avval maktabga 5 tagacha hujjat taqdim etilgan: ariza, hujjat yoʻqolgani haqida gazeta eʼloni, topilmalar idorasidan maʼlumotnoma, pasport nusxasi, familiya oʻzgargani haqida FHDYO boʻlimlaridan maʼlumotnoma).
  •  

Bugungi kunga qadar 8 mingdan ortiq fuqarolar mazkur xizmatdan foydalanib shahodatnoma dublikatini masofadan olishga ulgurdi. Hujjat dublikati elektron shaklda berilgach, maktabdan berilgan attestat oʻz kuchini yoʻqotadi.

 

“Maktab va u yerda kechayotgan har bir jarayon barchani birdek qiziqtirishi, tabiiy. Zero, deyarli har bir xonadonda maktabda tahsil oladigan oʻquvchi yoki shu sohada mehnat qiladigan xodim bor. Shunday ekan, xalq taʼlimi tizimi sohasida aholiga koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini imkon qadar shaffof, tezkor va sifatli amalga oshirish juda muhimdir”, deb yozadi vazirlik vakili.

 

Bundan tashqari, xalq taʼlimi tizimida davlat xizmatlarini yanada kengaytirish “insonlar emas, hujjatlar harakat qilishi kerak” tamoyilini kengroq joriy qilish maqsadida joriy oʻquv yilida yana 3 ta xizmat yoʻlga qoʻyiladi. Bular oʻquvchilarni bir maktabdan boshqasiga oʻtkazish, xorijiy fuqaro farzandlarini maktabga qabul qilish, eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarini topshirish uchun ariza berish xizmatlaridir.

 

«Xalq taʼlimi tizimiga oid davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida koʻmak berish hamda tegishli savollarga javob berish maqsadida maxsus bot @Xtv_davlatxizmatlari_bot faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yurtdoshlarimiz Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xalq taʼlimiga oid muammolarga duch kelishgan taqdirda mazkur botga murojaat qilishlari mumkin boʻladi», deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//