Odamlarni samosudga chaqirgan imom noibi ishdan olindi

Saqlash
20:10 / 20.09.2022 793 0

Toshkent shahri Uchtepa tumani “Aziz ota” jome masjidi imom noibi vazifasida ishlab kelgan Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzboshimchalik ila keskin chiqishi fuqarolarning bahs-monozaralariga sabab boʻlmoqda. Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoq orqali imomlik maqomi va amaldagi qonun-qoidalarga eʼtibor qilmay, goʻyoki Islom dini samosud qilishga chaqirishi toʻgʻrisidagi qarashlari aslida dinimiz taʼlimotiga zid va voqelikka nisbatan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi munosabatini ifoda etmaydi.

 

«Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarni amaldagi qonunlarga zid ravishda zoʻravonlikka chaqiruvchi har qanday chiqishlarni qatʼiy qoralaydi hamda ularni qonunchilik talablariga chuqur hurmat bilan munosabatda boʻlishga va toʻla rioya etishga chaqiradi.

 

Qayd etish lozimki, diniy idoraning avval qabul qilingan va ijroga yoʻnaltirilgan hujjatlarida masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar amaldagi qonunchilik, odob-axloq qoidalari, mehnat majburiyatlariga amal qilish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida diniy asosda adovat qoʻzgʻatuvchi axborot tarqatmaslik, noxolis va salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab boʻluvchi chiqish qilmaslik talablari qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2022-yil 13-sentyabr kuni chiqarilgan 01/A 128-sonli buyruqda ham diniy soha vakillarining masjidlar va diniy marosimlarda, Internet tarmogʻidagi chiqishlarida ijtimoiy beqarorlikka, milliy yoki diniy asosda nizo keltirib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni tarqatmaslik alohida taʼkidlangan edi», deyiladi munosabatda.

 

Afsuski, yuqoridagi talablarga qaramay, Vohidov Mirsobit oʻz chiqishida huquqiy-miyoʼriy hujjatlar talablarini buzib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining mazkur yoʻnalishdagi buyruqlari, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlaridagi talablarga rioya etmagan.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Odob-axloq komissiyasi tomonidan Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishi, shuningdek, diniy idora ichki meʼyoriy hujjatlari talablarini qoʻpol ravishda buzgani hamda amaldagi qonunchilikka hurmatsizlikka yoʻl qoʻygani koʻrib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilingan.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2022-yil 19-sentyabr kungi buyrugʻi bilan Vohidov Mirsobit bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda uni egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2021-yil 30-noyabrdagi “Jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarni tartibga solish boʻyicha” 01A/ 198-sonli buyrugʻiga barcha imom-xatib va imom noiblar tomonidan qatʼiy amal qilinishi toʻgʻrisida koʻrsatma xati joylardagi vakilliklarga yoʻllandi. Buyruqning mazmun-mohiyati yuzasidan hududlarda diniy soha xodimlari ishtirokida takroran tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

 

«Ushbu imom noibi chiqishi turlicha talqin qilinayotganidan kelib chiqib taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining jamiyatdagi tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomligini taʼminlash, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli faoliyatiga baʼzida uchrab turgan bunday kaltabin chiqishlar soya solmaydi.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bugun axborot makonida diniy yoʻnalishida kuzatilayotgan murakkab sharoit va turli xurujlar davrida barcha imom-xatiblar, noiblar va tizim vakillariga aholi orasida maʼrifiy Islom gʻoyalarini keng targʻib etish, tinchlik-osoyishtalik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, millatlar va elatlar oʻrtasidagi bagʻrikenglikni, fuqarolar orasida oʻzaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash hamda amaldagi qonunchilikka qatʼiy rioya etishni faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari ekanini yana bir bor eslatadi», deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//