IIB xonasiga olib borilgan fuqaro hushini yoʻqotib, reanimatsiyaga yotqizildi

Saqlash
16:15 / 05.07.2024 804 0

4-iyul kuni Fargʻona viloyati Rishton tumanida IIB xodimlari hamda haydovchi oʻrtasida janjal kelib chiqqan.

 

Nizoga haydovchi yoʻlning harakatlanish mumkin boʻlmagan qismida avtomobilni boshqargani sabab boʻlgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, nizo janjalga aylangan va mazkur jarayonda IIB xodimlari fuqaroga nisbatan elektroshoker qoʻllagan. Shundan soʻng haydovchi xizmat xonasiga olib borilgan.

 

Biroq fuqaro IIB xonasidan hushsiz holda, zambilda olib chiqilgan va tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yuborilgan.

 

Xabarga koʻra, 5-iyul kunining birinchi yarmida ham fuqaro hushiga kelmagan.

 

Aniqlik kiritilishicha, haydovchi Rishton tumani “Zohidon” qishlogʻida yashovchi, 33 yoshli Ravshan Madaliyev boʻlib, u yoʻlning harakatlanish mumkin boʻlmagan qismida avtoulovini boshqarib, yoʻl harakati qoidasini buzgan.

 

Shundan soʻng uni toʻxtatgan, oʻsha hududda xizmat vazifasini bajarayotgan PPX xodimi haydovchiga chap tomonda harakatlanish mumkin emasligini tushuntira boshlagan, ammo yakunda oʻzaro janjal kelib chiqqan.

 

Janjalning kelib chiqishiga asosiy sabab esa avtomobilning old qismi zararlanishidir. Yaʼni, haydovchi avtomobilni yoʻlning boshqa bir qismiga olmoqchi boʻlganida, xodimlar mashina yoʻlini toʻsib olishgan va oqibatda nizo chogʻi mashinaning old qismi zararlangan.

 

“IIB xodimlari avval 2 kishi edi. Keyin toʻsatdan koʻpchilik boʻlib ketishdi. Mashina yoʻlini toʻsib olib, akamning mashinani boshqa yoʻlga olishiga toʻsqinlik qilishdi. Xodimlardan biri akamning qoʻliga elektroshoker ishlatdi. Keyin esa sudrab, xizmat xonasiga olib kirib ketishdi. Bu paytda xodimlardan biri yana boshiga urdi. Akam xizmat xonasiga kirgunicha holati yaxshi edi. Uni xonada koʻpchilik boʻlib kaltaklashgan. IIB xonasidan hushsiz holatda chiqdi. Tezkorlik bilan reanimatsiya boʻlimiga olib bordik. Kechadan beri oʻziga kelmayapti”, — deya guvoh sifatida voqeaga izoh bergan haydovchining jiyani Kun.uz'ga.

 

Maʼlum qilinishicha, haydovchi Ravshan Madaliyev 2022-yilda avtohalokatga uchragan va natijada miyasidan ogʻir jarrohlik amaliyoti oʻtkazgan.

 

Murojaatchi janjal tasvirga tushib qolgan doʻkon kamerasidan barcha kadrlar 5 nafar PPX xodimlari tomonidan, asl holatni yashirish maqsadida, oʻchirtirib yuborilganini aytadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi

Ilm-fan

18:42 / 04.10.2024 0 309
10 yoshli bola IELTS'dan 7 ball oldi

Jamiyat

17:35 / 04.10.2024 0 299
Xususiy maktab oʻqituvchilari oʻquvchini urdi

Jamiyat

16:38 / 04.10.2024 0 207
Ijodiy faoliyatga oid qonun qabul qilindi

Jamiyat

14:43 / 04.10.2024 0 312
Ertaga 9 ta viloyatda yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

//