Oʻzbekistonda Suv akademiyasi tashkil etiladi

Saqlash
16:04 / 11.04.2022 778 0

Prezidentning “Suv taʼminoti sohasida malakali xodimlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

 

Unga koʻra, suv zaxiralaridan oqilona va samarali foydalanish, boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash. ularning professional saviyasini oshirish tizimini xalqaro standartlarga muvofiq tubdan takomillashtirish, soha menejmentida zamonaviy usullarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash maqsad qilib olingan. Shu sababli yagona ilmlar markaz – Suv taʼminoti sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish akademiyasi tashkil etiladi. Bir qator sohalar akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilanadi. Jumladan:

 

sohani rivojlantirishga zarur boʻlgan kadrlar, oʻrta va oʻrta-maxsus professional taʼlim, oliy taʼlim hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

 

xorijdagi yetakchi professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda, izlanishlar olib borish, ilmiy, ilmiy-pedagogik va ilmiy-texnik kadrlarni tayyorlash boʻyicha hamkorlikda dasturlarni amalga oshirish, xorijiy stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

 

ichimlik va oqova suv sohasida olib borilayotgan yangi qurilish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish tadbirlarida raqamlashtirish boʻyicha ilgʻor texnik va texnologik yechimlardan keng foydalanish;

 

hisob-kitoblar va billing tizimida “sunʼiy intellekt” va “buyumlar interneti” joriy qilish, oqova suv tizimlariga ilgʻor texnologiyalarni tatbiq qilish, ichimlik suvni sifatini nazorat qilish boʻyicha ilgʻor texnologiyalar va laborator izlanishlarni olib borish va oʻqitish;

 

sohani moliyaviy boshqarish, tariflarni shakllantirish, abonentlar va jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha doimiy ravishda qisqa va oʻrta muddatli oʻquv kurslari va amaliy oʻqishlarni, shu jumladan, toʻlov-kontrakt asosida tashkil etish;

 

sohada amalga oshirilayotgan investitsion siyosatga yangi boshqarish va moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

 

«Oʻzsuvtaʼminot» aksiyadorlik jamiyati Suv akademiyasining muassisi hisoblanadi va faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Suv akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalari tinglovchilari hamda mustaqil tadqiqotchilar uchun suv taʼminoti sohasida ilmiy-amaliy izlanishlar orqali ilmiy daraja olish huquqini beruvchi taʼlim muassasasi hisoblanadi.

 

Suv akademiyasiga 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab vazirliklar, idoralar va tadbirkorlik subyektlarining ehtiyojlari va strategik rivojlanishidan kelib chiqqan holda, sohaviy xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy hamda muhandis-texnik kadrlarni tayyorlashni tashkil etish huquqi beriladi.

 

Akademiya Toshkent shahri Yunusobod tumani Bogʻishamol koʻchasi, 151-uy manzilda joylashtiriladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi yigʻimlar va boshqa toʻlovlar undirmasdan ushbu manzilda joylashgan “Musaffo obi hayot” MCHJning 1,4 ga yer maydoni hamda koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini (davlat ulushini) Suv akademiyasi tasarrufiga oʻtkazadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish