Oʻzbekiston “Dubai Expo 2020”da pomidor vaksinasi, antitana saqlovchi sut va “Rutan” dori preparatini namoyish etdi

Saqlash
12:03 / 31.03.2022 732 0

“Dubai Expo 2020” Oʻzbekiston milliy pavilyonida Innovatsion rivojlanish vazirligi hujayrali texnologiyalar, tibbiyotga regenerativ texnologiyalarni joriy etish, COVID-19 kasalligiga qarshi Oʻzbekiston olimlari tomonidan yaratilgan vaksinalar va dori vositalari, koronavirus pandemiyasi davrida aholi immunizatsiyasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, mazkur loyihalardan biri inson kindik qoni oʻzak hujayralarini tayyorlash va saqlashning toʻliq texnologik jarayonlarini oʻz ichiga oluvchi platforma hisoblanadi. Ilmiy loyiha doirasida suyak iligiga eng yaxshi muqobil sifatida kindik qonidan inson gematopoetik ildiz hujayralari namunalarini toʻplash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

 

Oʻzbekiston olimlari tomonidan yaratilgan yangi biotexnologik mahsulotlarlardan – teri va yumshoq toʻqimalarning chuqur shikastlanishlarini, masalan, kuyishlarni davolash uchun terining bioekvivalenti uchun hujayra komponenti texnologiyasi, ichki organlar kasalliklarini davolash uchun kattalar qorin boʻshligʻidagi yogʻ hujayralari asosida biomedikal mahsulotlar ham koʻrgazmadan joy olgan boʻlib, ularning ham taqdimotlari boʻlgan. Ularni qoʻllash istiqbollari, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazilgan.

 

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga qarshi Ilgʻor texnologiyalar markazi tomonidan yaratilgan oqsil rekombinant va DNK vaksinalar, diagnostik test toʻplamlari, Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi tomonidan yaratilgan isteʼmol qilish mumkin boʻlgan pomidor vaksinasi, Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan olingan antitana saqlovchi sut hamda Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqilgan «Rutan» dori preparati ham namoyish etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish