Oʻzbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun maxsus samolyot Toshkentdan Polshaga joʻnab ketdi

Saqlash
17:06 / 28.02.2022 787 0

Hozirgi paytda Katovitse (Polsha) aeroportiga 262 nafar Oʻzbekiston fuqarosi olib kelingan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

 

Bugun mamlakatimiz poytaxtidan parvoz qilgan “Uzbekistan Airways” AJ maxsus samolyoti Toshkent vaqti bilan soat 12.45 da Katovitse aeroportiga qoʻnadi.

 

Oʻzbekistonning Kiyevdagi elchixonasidan olingan maʼlumotga koʻra, Ukrainaning «Krakoves» nazorat oʻtkazish punkti orqali fuqarolarimiz oʻtkazilishini tezlashtirish maqsadida 7 ta avtobus ijaraga olingan. Ular koʻmagida shu paytgacha Ukraina-Polsha chegarasiga 11-marta qatnov amalga oshirilgan.

 

Ayni paytga qadar 560 nafardan koʻproq mamlakatimiz fuqarosi Polsha davlat chegarasini kesib oʻtdi.

 

Polshaning chegara hududida Oʻzbekistonning Varshavadagi elchixonasi xodimlari tomonidan tashkiliy masalalar hal qilinmoqda. Chegarada yurtdoshlarimiz oziq-ovqat bilan taʼminlanmoqda, keksalar va yosh bolali ayollarning dam olishi uchun sharoit yaratilgan.

 

Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//