Solixon domla ishdan olindi

Saqlash
14:24 / 24.01.2022 939 0

Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon Ortiqxoʻjayev ishdan boʻshatildi. Bu haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan ushbu imom noibining internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchilarning eʼtirozlariga sabab boʻlgan.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlarida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fuqarolar, davlat, jamoat va diniy tashkilotlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi axborot tarqatmaslik, salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab boʻluvchi chiqishlar qilmaslik talablari qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

 

Idora tomonidan 2021-yil 30-noyabrda chiqarilgan buyruqda diniy soha xodimlari tomonidan jamoat oldida, OAV, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda muayyan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan maʼlumot eʼlon qilish Mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishgacha boʻlgan intizomiy chora koʻrilishi qayd etilgan.

 

«Solixon domla Ortiqxoʻjayev aholi, ayniqsa, Toshkent viloyati musulmonlari orasida hurmat-ehtiromga ega boʻlgani eʼtiborga olingan holda, 2021-yilda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimiga imom noibi vazifasiga rasman ishga qabul qilingan edi. Mazkur imom noibi xalqimizning diniy ehtiyojlarini qondirishga, taqvo, ilm-maʼrifat, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sunnat boʻlgan islomiy odob-axloq bilan samarali xizmat qiladi, deb umid qilingan edi.

 

Taassufki, oʻtgan davr davomida diniy idora Solixon domla Ortiqxoʻjayevning faoliyatidan kutilgan natijalarni olmadi. Domla birinchidan, aksariyat vaqtini turli hududlarda istiqomat qiluvchi muxlislari taklif etgan toʻy-marosimlarga sarflab, ikkinchi tomondan, yashash manzili uzoqda ekanini sabab qilib, biriktirilgan masjidda toʻlaqonli ishlagani yoʻq.

 

Eng asosiysi, Solixon domla Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ichki mehnat tartibi, buyruqlari, shuningdek, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari va mehnat majburiyatlarida axborot tarqatish, maʼruza qilish masalalarida yuqorida qayd etilgan talablarga rioya eta olmadi», – deyiladi xabarda.

 

Qayd etilishicha, oʻtgan davr ichida Solixon domla ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishlari uchun bir necha bor Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ogohlantirilib, unga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berilgan. Solixon domla 2021-yilda oʻzining chiqishlarida amaldagi qonun talablarini buzgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ammo Solixon domla yuqorida qayd etilgan ogohlantirishlardan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

 

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi 20-yanvar kuni Mehnat kodeksining 100-moddasi (mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish) asosida Solixon domla Ortiqxoʻjayev bilan mehnat shartnomasini bekor qilib vazifasidan ozod etgan.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining bildirishicha, ilmga ega boʻlmay yoki masalani chuqur tahlil etmay, manbalarga tayanmay aytilgan har qanday gap, hatto uni ahli ilm aytgan boʻlsa ham, fatvo hisoblanmaydi va sharʼiy kuchga ega emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//