Shahmat bo‘yicha xalqaro turnir g‘oliblari aniqlandi

Saqlash
10:13 / 23.08.2021 1158 0

Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida bir hafta davom etgan shaxmat bo‘yicha o‘zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan 14-an’anaviy xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.

Bellashuvning so‘nggi 9-tur — yakuniy tur oldidan g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida ikki shaxmatchi – armanistonlik Shant Sargisyan hamda hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev qaralayotgan edi. 9-turda armanistonlik shaxmatchi qora donalarda o‘ynashiga qaramay hamyurtimiz Jahongir Vohidov bilan murosaga erishdi. Natijada u o‘z ochkolari sonini 7 taga yetkazib oldi.

Nodirbek Yoqubboyev esa ozarbayjonlik Misratdin Iskandarov bilan kuch sinashib, turnirni 5-o‘rinda yakunladi.

9-turda tajribali Marat Jumayevni qora donalarda mag‘lub etgan yosh, umidli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov esa o‘z ochkolari sonini 6,5taga yetkazgan holda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikka esa xuddi shuncha ochko jamg‘argan tojikistonlik xalqaro master Muhammad Xusenxodjayev yakun yasab berdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federasiyasi raisi Aziz Abduhakimov hamda arab mamlakatlari shaxmat federasiyasi prezidenti, Sharja shaxmat va madaniyat klubi prezidenti Shayx Saud Abdulaziz Almualla ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov musobaqa yuqori saviyada tashkil etilgani, musobaqa davomida hakamlarga nisbatan bironta ham e’tiroz bo‘lmagani, qolaversa hozirgi pandemik sharoitda Toshkentga 12ta davlatdan kuchli shaxmatchilarning kelishgani – bu dunyo shaxmat oilasida Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan turnirga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanligidan darak berishini alohida ta’kidladi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra, xalqaro turnir g‘olibi bo‘lgan armanistonlik Sh.Sargisyan 5 ming AQSH dollari, 2-o‘rin sohibi N.Abdusattorov 3 500 AQSH dollari, 3-o‘rinni egallagan M.Xusenxodjayev esa 2 500 AQSH dollari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 4-o‘rindan 15-o‘ringacha bo‘lgan o‘rin sohiblari ham tegishli pul mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Endi shaxmatchilarni oldinda yana bir xalqaro turnir – 24-29 avgust kunlari qo‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tadigan Sohibqiron Amir Temur kubogi musobaqasi kutib turibdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//