Vazirlik dars soatlari qisqartirilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Saqlash
15:00 / 18.01.2022 1379 0

Xalq taʼlimi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda “Geografiya” fani dars soatlarining qisqartirilishi sabab bildirilayotgan eʼtirozlarga munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, Milliy oʻquv dasturiga koʻra, 2022-2023-oʻquv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi belgilangan.

 

Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari boʻyicha oʻquvchilarning dastlabki koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

 

Endilikda bu fanlarga oid bilim va koʻnikmalar oʻquvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy oʻquv dasturi doirasida oʻquvchilarda “Tabiiy fanlar” fani orqali shakllanishi lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalar har bir sinf kesimida belgilandi.

 

Oʻquvchilar boshlangʻich sinflarda yetarli koʻnikma va malakaga ega boʻlishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlangʻich sinflarda koʻpaytirishga ehtiyoj tugʻildi. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan oʻtiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari oʻrniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritildi.

 

Oʻz navbatida, qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga oʻtkazildi. Yaʼni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qoʻshib berildi.

 

Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur boʻlgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yoʻq.

 

Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, yaʼni 96 ta mavzuga koʻpaygan.

 

Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yoʻqolish xavfi ostidagi xulosalar asossiz.

 

"Milliy oʻquv dasturida aynan Geografiya fani haftalik 8 soat dars oʻtilishi belgilangan. Shu oʻrinda alohida qayd etish lozimki, geografiya fani oʻqituvchilarida “Tabiiy fanlar” yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda, 11 soat dars berish imkoniyati paydo boʻladi (natijada, amaldagi haftalik 10 soat oʻrniga, 11 soat berishlari mumkin).

 

Shuningdek, Vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish boʻyicha oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni inobatga olgan holda, oʻquvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qoʻshimcha soat ajratish boʻyicha imkoniyatlarni oʻrganmoqda. Mazkur yoʻnalishda qoʻshimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya oʻqituvchilari uchun qoʻshimcha imkoniyat boʻladi", deyiladi xabarda.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//