O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchilar aeroportda koronavirus uchun majburiy test topshiradi

Saqlash
00:54 / 15.01.2022 819 0

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston aeroportlarida koronavirus uchun majburiy test sinovlari joriy etildi. Ushbu talab faqat mamlakatga kelayotganlarga tegishli. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

 

15-yanvardan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi xizmati bilan birgalikda O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallarida ekspress-test punktlarini tashkil etadi. Kelgan barcha fuqarolar koronavirus uchun ekspress testdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

 

Xabarga ko‘ra, test sinovidan o‘tish qiymati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha so‘m ekvivalentida 5 dollar miqdorida belgilanadi. Talabalik guvohnomasi bo‘lgan talabalarga 50 foiz chegirma beriladi. I va II guruh nogironlari test sinovlarini bepul topshiradi. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni kovid uchun tekshirish shart emas.

 

Ma’lum qilinishicha, koronavirusga test topshirish Davlat bojxona qo‘mitasining markaziy laboratoriyasi tomonidan o‘tkaziladi. Barcha aeroportlarda buning uchun maxsus zonalar, kartalar bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun terminallar, naqd pul olish uchun bankomatlar va valyuta ayirboshlash punktlari mavjud. Sinov natijalarini olish uchun taxminan 15 daqiqa vaqt ketadi.

 

Bu vaqt ichida yo‘lovchi yuklarini olib, bojxona nazoratidan o‘tishga ulgurishi mumkin. Terminaldan chiqishda shtrix-kod skanerdan o‘tkaziladi va yo‘lovchi tezkor koronavirus testi natijasini oladi. Agar test ijobiy natija bersa, yo‘lovchi izolyasiyaga olinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//