Toshkentdagi 16-fevral voqealarida ishtirok etgan shaxs 23 yil oʻtib qoʻlga olindi

Saqlash
16:00 / 14.01.2022 881 0

Oʻzbekiston hududida terroristik jinoyatlarni sodir etgani uchun 23 yildan buyon qidiruvda boʻlgan U.S. xorijda ushlanib, mamlakatga olib kelindi.

 

Maʼlum qilinishicha, U.S. (1967-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan) 1998-yilda Chechenistonda jangovar tayyorgarlikdan oʻtib, 1999-yilning 16-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qoʻporuvchilik harakatlarida ishtirok etadi va oʻsha yilning mart oyida aylanma yoʻllar orqali xorijga chiqib ketgan.

 

Shuningdek, U.S. iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotining Oʻzbekistondan boʻlgan aʼzolarini joʻnatish bilan ham shugʻullangan.

 

Taʼkidlanishicha, u 2001-yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga aʼzo davlatlardan birining fuqaroligini olib, oʻsha mamlakat hududida yashirinib yurgan.

 

Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida U.S. hibsga olingan. Hozirda unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//