Oʻzbek olimlari tomonidan yaratilgan preparat kovidga chalingan bemorlarga qoʻllanilishi maʼlum qilindi

Saqlash
23:20 / 13.01.2022 1054 0

OʻzR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan yaratilgan «Rutan tabletkalari, 100 mg» preparati COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash protokoliga kiritildi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, endilikda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Rutan preparatini koronavirusga chalingan bemorlarda, oʻtkir respirator infeksiya bilan bogʻliq boʻlgan holsizlikning birinchi belgilari paydo boʻlganida, shifokor tavsiyasiga koʻra qoʻllash belgilandi.

 

Rutan preparati Rhus coriaria (Totum) oʻsimligidan ajratib olingan dori preparati boʻlib, klinik sinovlar natijasida gripp virusining turli shtammlariga, shuningdek, SARS-Cov-2 virusiga qarshi samarali taʼsir koʻrsatishi aniqlangan.

 

Klinik sinovlar natijasida Rutan dori preparatining 100 milligrammlik optimal dozasi 6 yoshdan katta bemorlarda xavfsiz qoʻllanishi mumkinligi va uni kuniga 2 marotaba ichish virusning koʻpayishiga toʻsqinlik qilishi, shamollash va yalligʻlanish jarayonlarining oldini olishi, xususan, oʻtkir va atipik pnevmoniya yuzaga kelishiga toʻsqinlik qilishini koʻrsatdi.

 

Rutan preparatining afzalligi uning viruslarga qarshi qoʻllanilayotgan boshqa preparatlarga nisbatan toksiklik darajasi nihoyatda past ekani, davolash samarasi yuqoriligi va nojoʻya taʼsirlari yoʻqligi hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//