Sherzod Shermatov chet tili va dasturlashni tekinga oʻrgatadigan platformalarni tavsiya qildi

Saqlash
18:58 / 12.01.2022 952 0

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda qishki taʼtil kunlari 24-yanvarga qadar uzaytirilgani munosabati bilan yoshlarga shugʻullanish uchun dasturlash va chet tilini oʻrgatuvchi bepul platformalarni tavsiya qildi.

 

«Yangi yil arafasida koʻpchilik koʻp narsalarni niyat qiladi, keyinchalik esa oʻsha niyatlarini amalga oshirish boʻyicha aniq reja va harakat boʻlmaganidan keyin ularning sekin-asta armonga aylanib borish xavfi bor...

 

Prezidentimizning yangi yildagi ilk tashriflarida yoshlar bilan uchrashuvda aytgan gaplari, nafaqat Temurbeklar maktabidagi yoshlarga, balki barcha yoshlarimizga taalluqlidir. Shuning uchun bu gaplarni barcha yoshlarimiz yana bir bor diqqat bilan eshitib, bugundan boshlab qoʻygan maqsadlari sari qattiq harakat qilishlari oʻzlari uchun faqat foyda keltiradi.

 

Aks holda, yillar oʻtaveradi, niyatlar sarobga aylanaveradi va oxir-oqibat koʻpchilik muvaffaqiyatga erishmaganlarga oʻxshab, oʻzining hayotidagi muvaffaqiyatsizligida oʻzidan boshqa hammani ayblash bilan ovora boʻlib qolish xavfi paydo boʻladi (masalan: ota-onam buni qilib bermagan, oʻqituvchim yaxshi eʼtibor qilmagan, boshligʻim yordam bermagan, anu qarindoshim yordam bermagan, davlat yomon va h.k...). Lekin bu bilan oʻzining hayoti yaxshi boʻlib qolmasligi aniq.

 

Shu sababli, kelinglar qoʻshimcha taʼtil vaqtini ham oʻzimiz uchun foydaliroq qilib oʻtkazaylik. Internetda bekorga vaqt sarflashning oʻrniga, chet tillarini tekinga oʻrgatadigan duolingo.com dan va dasturlashni tekinga oʻrgatadigan code.org yoki uzbekcoders.uz dan koʻproq foydalaninglar.

 

Agar tekinga oʻzingiz oʻrganishga zeriksangiz va pulini toʻlab guruh boʻlib oʻrganmoqchi boʻlsangiz, IT-Park hududiy markazlarida yoki uning taʼlim xizmatlarini koʻrsatadigan rezidentlariga borib malakangizni oshiring. Ularning toʻliq roʻyxati: https://education.it-park.uz/u...

 

Bu esa boʻsh vaqtingizni kelajak uchun eng yaxshi sarmoyaga aylantirish demakdir! Agar oʻz ona tilingizga qoʻshimcha chet tillarida ravon soʻzlasha olsangiz hamda axborot texnologiyalarining turli sohalari boʻyicha mutaxassis boʻlsangiz, kelajakda qaysi sohada yoki qaysi hududda ishlashingizdan qatʼiy nazar, muvaffaqiyatga erishish imkoniyatingiz albatta yuqoriroq boʻladi», - deb yozgan vazir oʻz ijtimoiy sahifasida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//