Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni qurilish, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz taʼminotiga oid loyihalar bilan tanishdi.
Toshkent viloyatida savdo va servisni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Shu bois avtomobil yoʻllarini kengaytirib, yoʻl boʻyi xizmatlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻplab loyihalar ishlab chiqilmoqda.
“Toshkent-Chinoz” avtomobil yoʻlini taʼmirlash loyihasi ulardan biri. Maʼlumki, bu yoʻl juda serqatnov boʻlib, bir kecha-kunduzda 60-65 ming avtotransport harakatlanadi. Shu bois uning 10 kilometr qismini taʼmirlash, 5 dona yerosti oʻtish yoʻlagi va qoʻshimcha mahalliy yoʻllar qurish moʻljallangan.
Poytaxtimizdagi Temur Malik koʻchasini 6 tasmali etib kengaytirish, uning ikki chetida koʻp qavatli uy va xizmat koʻrsatish binolari qurish, Jizzax shahridagi Oʻzbekiston koʻchasida 210 metrli yoʻl oʻtkazgich barpo etish boʻyicha ham loyihalar rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarni maʼqullab, ularning hujjatlarini ishlab chiqish, sifatli qilib qurish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda tabiiy gaz yetkazib berish tizimida xususiy sheriklikni joriy etishga doir takliflar ham koʻrib chiqildi.
Bu tizimni modernizatsiya qilish juda dolzarb. Chunki yurtimizdagi gaz quvurlarining yarmidan koʻpi – 45 ming kilometri oʻttiz yildan ortiq ishlatilmoqda. Oqibatda yoʻqotishlar miqdori 20 foizdan oshib ketyapti.
Xususan, bugungi kunda Jizzax shahar gaz taʼminoti tizimida 767 kilometr quvur, 6 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 1 ming 600 dan ziyod gaz taqsimlash punkti bor. Ushbu tizimni xalqaro standartlar asosida va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilish orqali modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan.
Texnik ustuvor yechimlardan foydalanib amalga oshiriladigan loyiha doirasida eski gaz quvurlari olib tashlanib, 1 ming 500 kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, gaz taqsimlash stansiyalari soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirilib, 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga oʻtiladi. Natijada hozirgi holatdagi 115 million kub metr yoʻqotishlar bartaraf etiladi.
Prezidentimiz bu loyihaning samaradorligiga alohida ahamiyat qaratib, uni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, bunday tizimni bir paytning oʻzida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu ishlar gaz taqsimlash va hisob-kitobni tartibga solib, uning xalqimizga barqaror va toʻla yetib borishiga xizmat qiladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q