Oʻzbek-xitoy vaksinasining kuchaytirilgan dozasi «omikron»dan himoya qiladimi?

Saqlash
14:16 / 10.01.2022 850 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining kuchaytirilgan dozasi «omikron»dan deyarli 100 foiz himoya qilishini maʼlum qildi.

 

Vazirlik matbuot xizmati xabariga koʻra, 7-yanvar kuni Ilgʻor texnologiyalar markazi (ITM) laboratoriyasida «omikron» shtammi qayd etilgan. Ushbu shtamm Oʻzbekiston hududiga Dubaydan kelgan xorij fuqarosida aniqlangan.

 

Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishida mazkur holat, shuningdek, «omikron» tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar muhokama qilingan. Unda voqeani sharhlagan Innovatsion rivojlanish vazir oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova «omikron»ning dunyo boʻylab tez tarqalishi inobatga olinsa, uning Oʻzbekistonda paydo boʻlishi vaqt masalasi boʻlganini bildirgan.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi kuchaytirilgan dozasi ushbu shtammdan deyarli 100 foiz himoya qilishini maʼlum qilgan.

 

«Ilgʻor texnologiyalar markazi rahbari sifatida ZF-UZ-VAC 2001 sinovlarida va virusli mutatsiyalarni oʻrganishda faol ishtirok etarkanman, mamlakatimizdagi eng ommabop Oʻzbekiston–Xitoy vaksinasi ustida olib borilgan tadqiqotlar yangi shtamm boʻyicha yaxshi natijalarni koʻrsatayotganini aytishim mumkin. Vaksinaning kuchaytirilgan – buster dozasi «omikron»dan deyarli 100 foiz himoya qiladi. Xitoylik hamkasblarimiz ham buni tasdiqladi», – degan u.

 

Maxsus komissiya yigʻilishida aholini, shu jumladan ZF-UZ-VAC2001 ning kuchaytirilgan dozalari bilan emlashni zudlik bilan tezlashtirish masalasi ham muhokama qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//