“Omikron” insoniyat tarixidagi eng yuqumli virusligi maʼlum qilindi

Saqlash
21:01 / 08.01.2022 982 0

Dunyoda koronavirusga chalinish boʻyicha kunlik rekord yana yangilandi. Kecha sayyoramiz boʻyicha 2 million 700 mingdan ziyod kishida “SOVID-19” aniqlandi. Bu – 6-yanvar holatiga nisbatan qariyb 200 mingta koʻp koʻrsatkich.

 

Oʻsish surʼatlari qayd etilgan mamlakatlar orasida AQSH har doimgidek birinchi – 730 mingdan ziyod holat. Fransiyada esa 328 ming, Ispaniyada 242 ming, Buyuk Britaniyada 178 ming bemorda koronavirus roʻyxatga olindi. Yangi holatlarning aksariyatini “omikron” shtammi tashkil etmoqda.

 

Bunday murakkab epidemiologik vaziyat qator mamlakatlarda yangi-yangi muammolarni keltirib chiqarayotir. Masalan, Buyuk Britaniyada tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi tufayli harbiy xizmatchilar shifokorlarga yordamlashishga kirishdi.

 

Birgina London shahrining oʻzida 200 nafar askar uch hafta davomida sogʻliqni saqlash xizmati ixtiyoriga berildi. Shuningdek, hukumat kasallik uchun test olish va emlash jarayonida ham harbiylar koʻmagidan foydalanmoqchi.

 

Italiyadagi shoshilinch tibbiy yordam muassasalarida ham oʻrin-joylar allaqachon toʻlib boʻlgan. Shu sababli endi bemorlarni maxsus chodirlarda muolaja qilish yoʻlga qoʻyildi.

 

Gretsiya hukumati 7-yanvarda fuqarolik safarbarligi toʻgʻrisidagi buyruqni imzoladi. U 12-yanvardan kuchga kiradi. Hujjatga koʻra, baʼzi xususiy shifokorlar SOVID-19ni davolashga ixtisoslashgan davlat kasalxonalariga jalb etiladi.

 

Avstraliya rasmiylari esa mamlakatning baʼzi shtatlarida yanvar oyi oxiriga kelib pandemiya toʻlqini choʻqqiga chiqishidan jiddiy xavotirda. Shu tufayli bu yerda baʼzi cheklovlar qayta tiklanmoqda.

 

Misol uchun, oxirgi uch kun ichida Yangi Janubiy Uelsda 100 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Oqibatda kasalxonalarda shoshilinch boʻlmagan operatsiyalar qoldirildi, klub, diskoteka va shu kabi manzillarda qoʻshiq aytish hamda raqsga tushish taqiqlandi.

 

Yaponiya ham “omikron” bilan kasallanganlar soni ortib borayotgani tufayli bir qator prefekturalarda karantin cheklovlarini kuchaytirmoqda. Jumladan, uch hududda bar va restoranlar ish soatlari cheklangan.

 

Ispaniya olimlarining taʼkidlashicha, “omikron” – insoniyat tarixidagi eng yuqumli virus. U hozirgacha bu borada qayd etilgan barcha rekordlarni yangiladi.

 

Xususan, tibbiyot tarixi bilan shugʻullanuvchi olim Anton Arakorkening taʼkidlashicha, “omikron” bizga maʼlum viruslar ichida eng “portlovchi” mikroorganizmdir. XIX asrda vaboning dunyo boʻylab tarqalishi uchun yillar kerak boʻldi. Yangi mutatsiya esa bu marrani bir oydayoq “zabt” etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//