Talabalar uchun qishki ta’til 24-yanvargacha uzaytirildi – olingan chiptalar almashtirib beriladi

Saqlash
18:02 / 06.01.2022 916 0

Oliy ta’lim tizimi tarixida ilk marotaba – rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas’ullar uchun o‘z kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida joriy yil 10-24-yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etiladi.

 

Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tganligi sababli kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari uchun asosiy ishdan ajralgan holda  o‘quvlar barcha oliy ta’lim muassasalarida, tashkil etiladi.

 

Bu jarayonga oliy ta’lim muassasalari huzuridagi barcha professional ta’lim muassasalari hamda akademik liseylar rahbarlari ham jalb etiladi.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2021/2022 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik lisey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirildi.

 

O‘z navbatida, qishki ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik liseylar talaba-o‘quvchilarining vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinalar tashkil etiladi.

 

Talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022-yilning 24-yanvariga qadar uzaytirildi.

 

Va asosiysi – 2022-yilning 11-yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//