Qashqadaryo hokimi oʻrinbosariga tegishli Trailblazer bir vaqtning oʻzida uchta qoidabuzarlik sodir etdi

Saqlash
14:19 / 06.01.2022 871 0

Qashqadaryoda viloyat hokimi oʻrinbosariga tegishli xizmat avtomobili bir vaqtning oʻzida uchta qoidabuzarlik qilgani aks etgan video tarqaldi.

 

Mazkur video qashqadaryolik avtobloger Maqsud Muzaffarovga tegishli Telegram kanalda eʼlon qilingan boʻlib, bu haqida jamoatchilikni boxabar qilgan bloger viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻiga ham murojaat yoʻllaydi.

 

“Chevrolet Trailblazer bir vaqtning oʻzida uchta qoidabuzarlik sodir qildi. Birinchidan, oʻng tomondagi chiziqdan ortga qayrilib olish uchun shu zahoti chapga qayrildi. Chapga qayrilish vaqtida uzluksiz chiziqni bosgan haydovchi svetoforning qizil chirogʻida ham harakatini davom ettirdi. Demak, bir vaqtning oʻzida uzluksiz chiziqni bosish, ortga qayrilish qoidasini buzish va svetoforning taqiqlovchi chirogʻida harakatni davom ettirishni koʻryapmiz”, deydi avtobloger.

 

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning 2021-yil 30-iyul kuni Telegram kanalida eʼlon qilgan xabariga koʻra, hukumat qarori bilan viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlariga yangi tipdagi DAV partiyali davlat raqami berilgan. Ahror Sodiqovning davlat raqami 70 006 DAV, 70 009 DAV boʻlgan xizmat avtomobillari rasmini ulashganidan anglashilishicha, 70 005 DAV ham viloyat hokimligi masʼullaridan biriga tegishli ekani oydinlashadi.

 

“Daryo” nashri muxbiri bilan suhbatlashgan manba mazkur xizmat avtomobili viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Uzoqovga tegishli ekanini bildirgan.

 

“Ushbu avtomashina qoidabuzarligiga nisbatan boshqaruvingizdagi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi chora koʻra oladimi?”, deya savol bergan avtobloger davlat raqami 70 005 DAV boʻlgan xizmat avtomobilining bir vaqtda uchta qoidabuzarlik sodir etganini aytgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//