Jamiyat
Kattaqoʻrgʻon hokimining chigit ortilgan yuk mashinalarining Qashqadaryodan chiqarilmayotgani sabab Qashqadaryo hokimiga yoʻllagan murojaati yuzasidan hokimlik axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, chigitni olib ketayotgan masʼul shaxs tomonidan yetarlicha huquqiy hujjatlar koʻrsatilmagani sabab mashinalar hududdan chiqarilmagan.
“Haqiqatdan ham 2021-yil 28-dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi «Umakay” postida Yoʻl harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan chigit mahsuloti ortilgan 3 ta yuk transport vositalari toʻxtatilgan.
Ichki ishlar xodimlariga oʻzini chigitni olib ketayotgan korxona ekspeditori deb tanishtirgan Komil ismli shaxs qogʻoz shaklidagi 94 tonna chigit mahsulotini “OQ SAROY KLASTER” MCHJdan “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJga joʻnatilganligi haqida qoʻlda yozilgan (QR kodga ega boʻlmagan) yuk xatini taqdim qilgan. Lekin taqdim etilgan hujjatlar orasida elektron hisob varaq-faktura, birja savdosidan yutib olganligi toʻgʻrisida elektron «Tiket», shartnoma va ishonchnoma boʻlmagan.
“MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJ olib ketayotgan chigit mahsuloti boʻyicha QR kodga ega boʻlgan hisob varaq-faktura boʻlmaganligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tugʻilganligi sababli 3 ta yuk transport vositalaridagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan», deyiladi xabarda.
Shuningdek, taʼkidlanishicha, qoʻshimcha hujjatlar hanuzgacha taqdim etilmagan va bu shubhali boʻlib, elektron hisob fakturasiz, qoʻlda yozilgan qogʻoz soliqdan qochishga omil boʻlishi mumkin.
“Elektron hisob varaq fakturasisiz, qoʻlda yozilgan qogʻoz yuk xati bilan tovarlarni realizatsiya qilish shubhali boʻlib, yuk xati faqatgina ortilgan tovarning yoʻldagi tekshiruvlari uchungina foydalanilib, keyinchalik yoʻqotilishi orqali soliqdan qochish ehtimoli katta”, deb yozmoqda Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati.
Hozirda viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan “MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA” MCHJ tomonidan “OQ SAROY KLASTER” MCHJdan elektron hisob varaq-fakturasi rasmiylashtirilmasdan chigit mahsuloti olib ketilganligi yuzasidan tezkor oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.
Tezkor qidiruv tadbirlari oshkora va nooshkora usullarda oʻtkazilganligi sababli ayrim holatlar oshkor etilmaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q