Jamiyat
Jamiyat
Samarqand viloyati, Kattaqoʻrgʻon shahri hokimi, senator Gavhar Alimova Qashqadaryo hokimi bilan yuzaga kelayotgan holat xususida “Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi?” nomli murojaatnoma yoʻlladi.
Unda yozilishicha, hokim Murod Azimov topshirigʻiga koʻra, Qashqadaryodan Samarqandga yoʻlga chiqqan chigit ortilgan yuk mashinalari viloyatdan chiqarilmayapti.
"Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi? Yoʻq, albatta. Unda bu viloyatga mamlakatimizning barcha viloyatlarida amal qilinayotgan qonun va qoidalarga nega amal qilinmayapti?
Maʼlumki, muhtaram Prezidentimizning saʼy-harakatlari bilan tadbirkorlarga misli koʻrilmagan imtiyoz va eʼtibor ortidan shu kasbni tutgan hamyurtlarimizning ishlari rivoj topyapti. Bundan esa yurtimiz yanada farovon, xalqimiz boy boʻlmoqda. Zero, yangi ish oʻrinlari, yangi korxonalar bunyod etishda ishbilarmonlarimizning xizmatlari cheksiz.
Xususan, men rahbarlik qilib kelayotgan Kattaqoʻrgʻon shahrida ham tadbirkorlar katta loyihalarga qoʻl urmoqdalar. Ulardan biri “Marokand gold oil extraksiya” MCHJ boʻlib, tashkil etilganiga hech qancha vaqt oʻtmay yuzga yaqin ish oʻrnini yaratdi.
2021-yil 28-dekabr kuni “Marokand gold oil extraksiya” MCHJ rahbari Saydin Roʻziyev hokimiyatga kelib, Respublika tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi oʻrinbosari Nodir Xudoyberdiyevichning topshirigʻi asosida ushlab turilganligini aytdi. Shundan soʻng men Nodir Xudoyberdiyevichning telefon raqamini topib telefon qildim. Bir necha bor qilgan telefon qoʻngʻiroqlarimga javob bermagandan soʻng SMS orqali telefonimni koʻtarishini iltimos qildim. Bir necha marta urinishlardan soʻng va nihoyat Nodir Xudoyberdiyevich bilan telefon orqali bogʻlanib chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan oʻtkazishga yordam qilishini iltimos qildim. Nodir Xudoyberdiyevich “...opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman» dedi. Shundan soʻng viloyat hokimi Muratjon Berdialiyevichning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib vaziyatni tushuntirdim va chigitni qoʻyib yuborishini iltimos qildim. Viloyatning yangi hokimi esa “... masalani oʻrganib chiqib maʼlum qilaman» dedi. Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning telegramiga tashlab berdim. Javob boʻlmagandan soʻng telegramiga va qoʻl telefoniga SMS lar yozdim, afsuski hech qanday javob olishning iloji boʻlmadi.
Oradan 3 kun oʻtib va nihoyat 2-yanvar kuni tadbirkorga chegaradan yuk ortilgan mashinalarini olib ketishini soʻrab Farhod va Jahongir deb oʻzini tanishtirgan YPX xodimlari telefon qilishgan.
Tadbirkor S.Roʻziyev bundan xursand boʻlib, menga telefon qildi. Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Tadbirkor menga telefon qilib YPX xodimlari viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Nodir Xudoyberdiyevich ruxsat bermayotganligi vajidan yuk mashinalarini qoʻyib yubora olmasliklarini maʼlum qilgan.
Shundan soʻng men yana janob Nodir Xudoyberdiyevichga qoʻngʻiroq qilganimda “...xozirgina viloyat hokimi bilan gaplashdim, chigitni qoʻyib yuborishga hech qanday ruxsat yoʻq» deb aytdi. “Opajon ming afsus men yuk mashinalarini qoʻyib yuborolmayman” dedi.
Men Jahongir ismli YPX xodimiga telefon qilib nega yuk mashinalarini qoʻyib yubormayotganligini soʻraganimda u “opa men topshiriqni bajaryapman ruxsat berishsa qoʻyib yuboramiz” deb yaxshi muomala bilan tushuntirdi. Unda nega YPX xodimlari telefon qilgan? degan savol ochiq qolmoqda.
Men 100 tonna chigitni olib oʻtish uchun 4 kun sarson boʻldim. Achinarlisi murojaatimga va yozgan SMS larimga viloyat hokimi “ha” yoki “yoʻq” deb javob berishi shunchalik ham qiyin boʻldimi?! Yangi yil bayrami tadbirkorga, haydovchilarga va menga ham afsuski tatimadi.
Axir bitta shahar hokimi 100 tonna chigitni oʻtkazish uchun 4 kun bezovta boʻlishini qanday izohlash mumkin? Men shaxsiy manfaatim uchun jon kuydirayotganim yoʻqku...! Men bu murojaatimga umid bilan javob kutaman.
SMS larimni ilova qilaman", deyiladi hokim Gavhar Alimova murojaatida.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q