Jamiyat
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini taʼminlash, ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish koʻlamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish va oila aʼzolariga mehnat qilishiga sharoit yaratish, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarning oila qaramogʻida qolishini taʼminlash va ijtimoiy yetimlikning oldini olish maqsadida yangi tizim ishga tushiriladi.
Prezident qaroriga koʻra, mazkur tizim 2025-yil 1-martdan boshlab, tajriba-sinov tariqasida, bosqichma-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025-yil 1-oktyabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Bu turdagi bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari oʻrtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Shuningdek, hujjatga binoan, kunduzgi parvarish xizmatini yoʻlga qoʻygan xususiy tadbirkorlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Xususan, 2025-yil 1-martdan boshlab Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ushbu turdagi xizmat faoliyatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga bolalar uchun davlat subsidiyalari ajratiladi.
Bunda:
▪️ 3-7 yoshli bolalar uchun — har bir kunlik tashrifga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi;
▪️ 7-18 yoshli bolalar uchun — har bir kunlik tashrifga bazaviy hisoblash miqdorining 27 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlarida esa subsidiya miqdori 1,1 baravar koʻpaytiriladi. Kambagʻal oilalarning bolalari uchun ham subsidiya yana 30 foiz oshiriladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga transport xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlanadi. Jumladan, agar bola kunduzgi parvarish markazidan 3 km uzoqda yashasa va xususiy sherik transport tashkil qilsa, har bir qatnash kuniga qarab, bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizigacha kompensatsiya toʻlab beriladi.
Shu bilan birga, Tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ham taqdim qilinadi.
Hujjatda belgilanishicha, 2025-yil 1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimi doirasida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli va uning mobil ilovasi yaratiladi.
2025-yil 1-sentyabrga qadar esa “Bolalar salomatligi” axborot tizimi joriy etiladi.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q