Rossiyada Alisher Navoiy asarlarining noyob qo‘lyozmalari jamlangan katalog nashr qilindi

Saqlash
09:12 / 28.12.2021 900 0

Kecha, 27-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab, «Alisher Navoiyning barhayot merosi» mavzusida adabiy kecha o‘tkazildi.

 

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Tatariston Respublikasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aydar Axtareyev, Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi Aziz Said, shuningdek, taniqli adabiyotshunoslar, kitobxonlar va boshqalar so‘zga chiqib, ulug‘ alloma ijodi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

 

Shuningdek, tarix fanlari doktori, Sharq Davlat muzeyi Bosh direktorining o‘rinbosari, «Qozon shahridagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalari to‘plami» nomli  qo‘lyozmalar albom-katalogi tuzuvchisi va so‘zboshi muallifi Ilya Zaysev hamda M.I.Rudomino nomidagi Butunrossiya chet el adabiyoti kutubxonasi direktori Pavel Kuzmin (Moskva) videomurojaat yo‘lladi.

 

Tadbir doirasida «Qozon shahridagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalari» katalogining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur katalogda shoirning Tatariston milliy arxivi hamda kutubxonasida saqlanayotgan 10 dan ortiq noyob qo‘lyozmalari jamlangan. Tadbirda mazkur to‘plam Alisher Navoiy ijodini Rossiyada keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish