O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali Xalqaro Turkiy akademiyasining “Navoiy oltin medali” sohibi bo‘ldi

Saqlash
16:33 / 27.12.2021 1031 0

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Davlat mukofoti laureati, professor Muhammad Ali Xalqaro Turkiy akademiyasining 2021-yil 24-dekabrda Qozog‘istonning  Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan nufuzli ”Sharqning porloq yulduzlari” xalqaro anjumanida ishtirok etdi.

        

Anjuman turk xalqlari adabiyotining  faxru iftixorlari sanaladigan ulug‘ shoir va mutafakkirlar –  Nizomiy Ganjaviy tug‘ilganining 880 yilligi,  Alisher Navoiy  tavalludining 580 yilligi, Yunus Emro vafotining 700 yilligi,  mashhur oqin Jambil Jaboyev tavalludining 175 yilligiga bag‘ishlandi. 

 

Mamlakat Milliy kutubxonasi zalida bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekiston, Ozarboyjon, Qozog‘iston vakillari, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati a’zolari, taniqli davlat arboblari, deputatlar, xorijiy diplomatiya idoralari rahbarlari, ziyolilar, olim va yozuvchilar qatnashdi.

 

Ko‘rgazmada Akademiya tomonidan qozoq tilida nashr etilgan Nizomiy asarlari,  “Yunus Emro she’rlari” (tarjimon Svetqali Nurjan), Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” (tarjimon To‘rali Qidir) va boshqa kitoblar namoyish etildi.

      

Anjumanni Xalqaro Turkiy akademiyasi prezidenti D. Qidirali olib bordi. Mamlakat  Parlamenti Senati raisi M.Ashimboyev,  o‘zbek shoiri va adibi Muhammad Ali, ozarboyjonlik tarjimon Ramiz Asker,  Parlament Majlisi deputati, adabiyotshunos olim Savutbek Abdurahmonov, tarjimon  Svetqali Nurjan va boshqalar Sharqning mangu  so‘nmas yulduzlari bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimiz haqida gapirib o‘tdilar.

 

Turk dunyosidagi madaniy-adabiy aloqalarni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh adiblar Xalqaro Turkiy akademiyasining “Navoiy oltin medali” yuksak mukofoti bilan taqdirlandilar. Mukofotlanganlar orasida turk dunyosining buyuk siymosi Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan   to‘rt kitobdan iborat “Ulug‘ saltanat” roman-epopeyasini yaratgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor Muhammad Ali nomining borligi adabiyotimiz uchun  quvonchli hodisadir.           

     

–  Ijodkorga  mukofot berilishi, e’tirof etilishi, taqdirlanishi yaxshi hodisadir, bu o‘sha ijodkorning ijodda to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini, asarlari o‘quvchilar tomonidan tan olinayotganini ko‘rsatadi. E’tiroflar ijodkor qalamini mustahkam qiladi, charxlaydi, uni yangi ijodiy manzillarga undaydi.           

Mening ijodim shunday e’tiborga sazovor ko‘rilgani uchun o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman.  Bir narsa:  har qanday mukofot ham  bir avans sifatida qabul qilinishi joiz. Bu avansni qoplash uchun esa hali ko‘p mehnat qilishimiz,  ter to‘kishimiz, izlanishlarimizni davom ettirishimiz kerak bo‘ladi. Ijod tabiati shuni taqozo etadi, – deydi yozuvchi Muhammad Ali.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//