Telekanallarda reklamaga ajratilgan vaqt koʻpaytirilishi mumkin

Saqlash
22:30 / 24.12.2021 987 0

Bu haqida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori oʻrinbosari Aʼzam Qurbonov AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilgan.

 

Yangi tahrirda tayyorlangan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:

 

1. Qonun normalarini qoʻllashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda va yangi tushunchalar qoʻshilmoqda (“axloqsiz reklama”, “uygʻunlashtirilgan reklama”, “xomiylik reklamasi” va boshqalar).

 

2. Reklama sohasini tartibga solish boʻyicha Hukumat, vakolatli davlat organi va nodavlat tashkilotlarning vakolatlari belgilanmoqda.

 

3. Televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya, jumladan mobil aloqa tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda, xususan:

 

- teleradiotashkilotlar uchun reklama joylashtirishga ajratilgan vaqt har bir soatiga amaldagi 10 foizdan 20 foizga uzaytirilmoqda va boshqa talablar liberallashtirilmoqda;

- telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish chogʻida reklamani tarqatishga faqat abonentning oldindan roziligi boʻlsagina yoʻl qoʻyilishi belgilanmoqda.

 

4. Ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va oʻtkazishga hamda ularni reklamasiga doir aniq tartib oʻrnatilmoqda;

 

5. Tashqi reklamani joylashtirishga oid talablarni belgilovchi 4 ta moddadan iborat alohida bob kiritilmoqda.

 

6. Elektron tijoratda mahsulot reklamasi, internet jahon axborot tarmogʻi vositasida tarqatiladigan reklamani tartibga soluvchi yangi talablar kiritilmoqda.

 

7. Dori vositalari, biologik faol qoʻshimchalar, energetik ichimliklar, xalq tabobati mahsulotlari reklamasiga doir talablar takomillashtirilmoqda.

 

8. Reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan sud tartibida qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiyalar oʻrnatilmoqda.

 

Hozirda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2-oʻqishida koʻrib chiqilayotgani aytildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//