Tarixni bilgan odam uchun toponimlar kulgili emas – mas’ullar tushuntirish berdi

Saqlash
23:26 / 04.11.2024 453 0

1-noyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika xizmati boshqarmasi boshlig‘i Dilnoza Kamolova ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinib, ko‘p tanqidga uchraydigan ayrim joy nomlari haqida ma’lumot berdi.

 

“Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi foydalanuvchilar tomonidan joy nomlari bilan bog‘liq “Kuling, umringiz uzayadi”, “O‘zbekistondagi g‘alati nomlar” sarlavhasi ostida qo‘yilgan postlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. To‘g‘ri, postlarda keltirilgan nomlar bir qarashda kulgili yoki g‘alati tuyulishi mumkin, albatta. Lekin o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, joyning xususiyatini tushungan kishi uchun bu nomlar kulgili ham, bachkana ham, g‘alati ham emas aslida”, – deydi Respublika toponimika xizmati rasmiysi.

 

Dilnoza Kamolova O‘zbekistonda ko‘p tanqidga uchraydigan ayrim joy nomlari va ularning tarixiga izoh bergan.

 

Yalang‘och – chiroyli yer demakdir. O‘rta asrlarda ijod qilgan Mahmud Qoshg‘ariy turkiy so‘zlar lug‘ati deya nom qozongan “Devonu lug‘at-it turk“ asarida “Yalang‘och“ – tep-tekis, yalanglik, ya’ni ochiq joy degan ma’noni berishini qayd etgan. Chiroyli, keng tekislik joylarni yalang‘och deyishgan, bu eski sof o‘zbek tilidagi nom hisoblanadi. Yalang‘och – hozirda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kichik dahaning nomi.

 

Xartum – Andijon viloyatidagi qadimiy qishloq nomi. Andijonsoy o‘rni bo‘lmish qadimgi daryo o‘zanining shaklan xartumga o‘xshash adir bilan kesishadigan joyi.

 

Oyoq – Xorazm viloyatidagi qishloq nomi. Turkiy so‘z hisoblangan “Oyoq” – past degan ma’noni ifodalab, “pastki qishloq” ma’nosini anglatadi.

Yaypan – Farg‘ona viloyatidagi shaharcha nomi. Qo‘qon xonligining arxiv hujjatlarida “yozi payon” ya’ni tekislik, yalanglik ma’nosini beruvchi geografik termin sifatida ishlatilgan.

 

Takalik – Jizzax viloyatining Nurota tog‘ tizmasida joylashgan dovon bo‘lib, tog‘ echkisi ko‘p bo‘lgan joy ma’nosida.

 

Lag‘mon – Qashqadaryo viloyatidagi qishloq nomi. Lahm, lag‘m – yer, ya’ni ostidan yer ustiga suv chiqaradigan anjom ma’nosida.

 

“Toponimikada o‘lka tabiatining ko‘pgina xususiyatlari, aholining xo‘jalik faoliyati va etnografiyasi, asrlar davomida mamlakatda ro‘y bergan tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar aks etgan bo‘ladi. Shu bois, toponimik nomlarni tushunib-tushunmay, ulardan uyalish yoxud ularni almashtirish yaramaydi”, — deydi Dilnoza Kamolova.

 

Hozirda Respublika toponimika xizmati boshqarmasi tomonidan aholiga joy nomlarining asl tarixiy ma’nolarini o‘rganishda asqatadigan ma’lumotlar, geografik obyekt nomlarining tarixiy manbalarda keltirilgan izohlari “Geonames.UZ” axborot-veb portaliga kiritib kelinmoqda. O‘zbekistondagi barcha fuqarolar ushbu axborot portalga kirib, o‘z taklif yoki fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin.

 

Ma’lum qilinishicha, Respublika toponimika xizmatiga 2024-yil boshidan hozirgacha hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan 48 608 ta geografik obyektga nom berish bo‘yicha taklif kelib tushgan. Shundan, 27 574 ta geografik obyekt nomiga berilgan taklifga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosa berildi. 21 034 ta taklif etilgan nom qonun hujjatlariga nomuvofiq deb topildi.

O‘zbekistondagi 208 ta tuman va shaharlardan 117 tasining ko‘chalari elektron xaritalarini shakllantirish, shohko‘cha, ko‘cha, berk va tor ko‘cha kabi toifalarga ajratish ishlari to‘liq yakunlandi. 

 

Mavzuga oid: Oʻzbekcha toponimlar kimga yoqmayapti?

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//