Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdi

Saqlash
20:54 / 22.12.2021 1103 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.

 

Keyingi yillarda shahar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan rivojlanib bormoqda. Yangi korxonalar, taʼlim va tibbiyot muassasalari ishga tushmoqda. Bu oʻzgarishlarning “drayveri” – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati.

 

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga toʻgʻri keladi. Oxirgi yillarda ilmga va texnologiyaga katta mablagʻ yoʻnaltirilgani natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi oshmoqda.

 

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq, kombinatda “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish boʻyicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda.

 

Davlatimiz rahbari Olmaliqqa tashrifi chogʻida, avvalo, mazkur kondagi ishlarni koʻzdan kechirdi.

 

Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham shunga yarasha salmoqli - yiliga 65 million tonna maʼdan qazib olish quvvatiga ega. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda.

 

Prezidentimizga shu boradagi ishlar haqida axborot berildi.

 

Bu yerda ish boshlangan 2017-yilda yiliga 3 million kub metr kon ishlari bajarilar edi. 415 million dollarlik 570 dan ziyod zamonaviy texnikalar olib kelingach, samaradorlik oʻn karra oshdi. Endilikda ish hajmi yiliga 40 million kub metrni tashkil etmoqda.

 

- Bu kon - katalizator. Uni samarali oʻzlashtirish bilan birga kichik konlar boʻyicha ham yangi yoʻnalish qilish kerak. Bu ham qoʻshimcha ish oʻrinlari, katta eksport, degani, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Loyiha doirasida, shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmogʻi va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etiladi. Jami 6 ming kishi ish bilan taʼminlanadi.

 

Davlatimiz rahbari ushbu kombinat, umuman, kelgusida har bir sanoat korxonasi oʻzini oʻzi muqobil elektr energiyasi bilan taʼminlashi zarurligini taʼkidladi. Ilmiy tadqiqotlarni va maqsadli aspiranturani kengaytirish, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali salohiyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//