Maktablarga Kembrij nashriyotining ingliz tili va informatika darsliklari joriy etiladi

Saqlash
17:43 / 20.12.2021 2265 0

AOKAda Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari hamda Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida ta’lim mazmunidagi tub islohotlar: zamonaviy dastur va darsliklar tahlili yuzasidan ma’lumot berildi.

 

Milliy o‘quv dasturi loyihasini tayyorlashda 246 nafar milliy ekspertlar, jumladan 119 nafar maktab o‘qituvchi, oliy ta’lim tizimidan 105 nafar professor-o‘qituvchi, 22 nafar fan metodisti, shuningdek UNICEF va USAID xalqaro tashkilotlari orqali jalb qilingan 16 nafar xalqaro ekspert ishtirok etdi.

 

Milliy o‘quv dasturiga asoslangan darsliklarni to‘liq yozib tugatish 2025-yilning oxiriga qadar davom etadi. Barcha fanlar kesimida 1-11 sinf darsliklari to‘liq to‘plamda yagona guruh tomonidan yaratilishi belgilangan.

 

Xalq ta’limi vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “O‘zbekiston Barkamollik uchun Ta’lim dasturi” loyihasi doirasida Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan jami 45 nomdagi, 1-11-sinflar uchun Ingliz tili hamda 5-11-sinfgacha Informatika va axborot texnologiyalari fanlari darsliklari mahalliylashtirilib, o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

 

Natijada O‘zbekistonda 6,5 million nafardan ziyod o‘quvchilar yuqori sifatli darsliklardan, o‘n minglab o‘qituvchilar esa yuqori sifatli qo‘llanmalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan 10 million dollar qiymatidagi 385 ming dona o‘quv-metodik majmualar darslik, mashq daftari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat.

 

Keyingi o‘quv yilidan boshlab 1-6-sinflar uchun ingliz tili fani bo‘yicha Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan “Guess what” darsligi, 7-11-sinflar uchun “Prepare” nomli darslik hamda Informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-11-sinflari uchun mo‘ljallangan darslik joriy qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//