Yaponiya bosh vaziri Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonga rejalashtirilgan toʻrt kunlik safarini bekor qildi

Saqlash
15:51 / 09.08.2024 1642 0

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida juma kuni Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonga rejalashtirilgan toʻrt kunlik safarini bekor qildi.

 

U Nagasaki shahrida AQSh tomonidan shaharni bombardimon qilinganining 79-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tinchlik marosimida bu haqida maʼlum qilgan.

 

Bunga esa mamlakat meteorologiya agentligining kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirishi sabab boʻlgan.

 

Yaponiya meteorologiya agentligi Tinch okeani janubi-gʻarbiy qismidan Yaponiyaning markaziy qismiga choʻzilgan ulkan hududida ushbu tabiiy ofat boʻlishi mumkinligi haqida xabar bergan.

 

Maʼlumot uchun, Fumio Kisida juma kuni kechqurun Qozogʻiston poytaxti Ostonada boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston bilan Yaponiya tarixidagi ilk sammitda ishtirok etishi va qoʻshma deklaratsiyani eʼlon qilishi kerak edi.

 

Shundan soʻng, dushanba kuni Ulan-Batorda Yaponiya rahbari Moʻgʻuliston prezidenti Uxnaa Xurelsux va Bosh vazir Luvsannamsrai Oyun-Erdene bilan alohida uchrashishi rejalashtirilgan.

 

Juma kuni ertalab Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Yoshimasa Xayashi navbatdagi matbuot anjumanida Kishidaning xorijga safari haqida “turli omillarni hisobga olgan holda” tegishli qaror qabul qilishini aytgan.

 

Taʼkidlash lozim, kecha, payshanba kuni mamlakat janubi-gʻarbida 7,1 magnitudali zilzila sodir boʻldi. Oqibatida Miyazaki va ikki qoʻshni prefekturadagi binolarga zarar yetgan. Hozircha halok boʻlganlar haqida aniq maʼlumotlar yoʻq.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//