Ortiqxo‘jaev Toshkentdagi daraxtlarning kesilishida aybi borligini tan oldi

Saqlash
19:00 / 16.12.2021 850 0

Bugun, 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisida Jahongir Ortiqxo'jayev gapirdi. Hokim poytaxtda kesilib ketgan daraxtlarda aybi borligini tan oldi.

 

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojievga ko‘ra, Toshkent shahrida 1,2 mlnga yaqin daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan. Lekin ularning 20 foizi ham yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan. Natijada moratoriyga qaramasdan, daraxtlarni kesish holati hamon davom etmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2021 yilning yanvar – noyabr oylarida 33609 dona daraxtlarni kesish uchun Ekologiya qo‘mitasiga arizalar kelgan. Ulardan 22145 da daraxt rad javobi bilan saqlab qolingan. Lekin ko‘p joylarda qurilishlar daraxtlar bor joylarda bo‘lyapti.

 

“Oxirgi yillarda daraxtlarning aniq egasi bo‘lmagan. Na ekologiyaga, na hokimiyatga qarashli bo‘lgan, raqamlashtirilmagan. Kim qaerga xohlasa, daraxt ekilgan. Ekish kerak bo‘lmagan joyga ham daraxt ekilgan. Ekish kerak bo‘lgan joylarga ekilmagan holatlar ham bor. Hozir hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan ekologik politsiya tashkil qilingan. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi qoshida raqamlashtirish markazi tashkil etildi. Ushbu markaz orqali har bir daraxt hisobga olinib, uning boshqaruvini yo‘lga qo‘yganmiz. 

 

Haqiqatan kesilib ketgan joylari bor. Shahar hokimiyati bunda to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berolmay qolgan joylari ham bor, aybdor joylari ham bor, men buni tan olaman. Qurilish maydonlarida kesilib ketgan, nobud bo‘lgan daraxtlar bor, buni ham tan olaman”, – deydi Jahongir Ortiqxo‘jaev.

 

Toshkentdagi qurilish rekonstruksiya ishlari oqibatida sug‘orish tizimiga jiddiy zarar yetmoqda. Buning ortidan esa G‘ofur G‘ulom bog‘ida 15 ta, Abdulla Qodiriy bog‘ida 35 ta daraxt qurib qolgan.

 

“Hozirgi vaqtda suvning yer sathidan qochishi shahardagi qurilishlarga bog‘liq emas. Chunki bitta Toshkent shahrida emas, butun dunyoda ekologiyaning o‘zgarishi suvlarning yer sathidan pasayishiga olib kelyapti. Men o‘ylaymanki, bu masala ustida ham ekologlarimiz ishlashadi. 

 

Aytdim-ku, bu daraxtlarning egasi bo‘lmagan. Yillar davomida kimdir 1,5 million, yana kimdir 2 million daraxtimiz bor degan. Lekin bu daraxtlar qaerda, qanday daraxtlar ekani haqida hech qanday ma’lumotlar bo‘lmagan. Mana endi biz Toshkent shahar hokimligi qoshida raqamlashtirish markazini ishga tushirdik. Ekologiya qo‘mitasi bilan birga daraxtlarni himoyaga olish va ularni muhofaza qilish uchun birma bir raqamlashtiryapmiz”, – deydi Ortiqxo‘jaev.  

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//