Jamiyat
Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. U oʻta keskin ruhda kechib, tizimda har bir yoʻnalish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil etildi, deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
Qayd qilinishicha, yigʻilishda taʼkidlanganidek, keyingi paytlarda xalqimizning tibbiyot sohasidan norozi ekanligi haqida Sogʻliqni saqlash vazirligiga juda koʻp shikoyatlar kelmoqda. Chunki tizimda hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar koʻp. Ayniqsa, aksariyat hududlarda tibbiy xizmat sifati hanuz talab darajasida emas.
«Sohada byurokratik toʻsiqlar va korrupsion holatlar, afsuski, saqlanib turibdi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda mutasaddilar hamda jamoatchilik vakillari bilan muloqotlarda bu haqda qayta-qayta toʻxtalib oʻtmoqda.
Masalan, joriy yilning oʻtgan 11 oyida Sogʻliqni saqlash vazirligiga kelib tushgan jami murojaatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga koʻpayib, 57 600 tani tashkil etgan. Ularning eng katta qismini sifatsiz tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq masalalar tashkil etadi.
Eng achinarlisi, aholi koʻp hollarda joylarning oʻzida hal boʻlishi mumkin boʻlgan oddiy masalalar uchun ham Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari, Bosh vazirning virtual qabulxonasi, Bosh prokuratura va boshqa masʼul idoralarga murojaat qilishga majbur boʻlmoqda.
Yurtdoshlarimiz oʻrtasida ayrim kasalliklar koʻrsatkichlari yil sayin oshib borayotgani ham achinarlidir. Xususan, soʻnggi besh yilda yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish holatlari 20 foizga koʻpaygan.
Qolaversa, bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya boʻlgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning ogʻir asoratlari – koʻz, buyrak va toʻpiq kasalliklari boʻyicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan.
Tibbiyotda davlat xususiy sherikchilik munosabatlari, tibbiy sugʻurta, litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish, sohani raqamlashtirish yoʻnalishlarida ishlar yetarli darajada tashkil qilinmaganligi tufayli koʻzlangan natijalarga erishilmayapti.
Bularning barchasi sogʻliqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida bugungi zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliq», deyiladi xabarda.
Shundan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparatining oʻz faoliyatida natija bermagan 40 foiz xodimlari vazifasidan ozod etildi va ularga quyi boʻgʻin tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilindi.
Vazirlik doirasida boshlangan kadrlarni yangilash islohoti kelgusida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, umuman, mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olishi koʻzda tutilgan. Mazkur jarayonda aholidan kelib tushayotgan eʼtiroz va shikoyatlar asosiy mezon boʻladi.
Yigʻilishda ushbu masala atroflicha muhokama etilib, buning uchun vazirlik qoshida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini oʻrganish, ularga oqilona yechim topish maqsadida alohida guruh tuzilgani qayd etildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q