Fargʻonalik ayollar tayyorlagan qoʻgʻirchoqlar «Amazon»da sotilmoqda

Saqlash
20:52 / 14.12.2021 1830 0

Fargʻona tumanida mahalla ayollari tayyorlayotgan qoʻgʻirchoqlar «Amazon» onlayn savdo platformasida sotilmoqda, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

 

Qayd qilinishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona tumanidagi oʻrganishlar doirasida «Sadosh» brendi ostida qoʻgʻirchoqlar tayyorlashni yoʻlga qoʻygan tadbirkor Sadoqatxon Mirzayeva faoliyati bilan tanishgan.

 

«Kashtachilik, quroqchilik, qoʻgʻirchoq va oʻyinchoqlar toʻqish sir-sinoatlarini yaxshi egallagan Sadoqatxon Mirzayeva mahalladagi ishsiz ayollarni ham jalb qilgan holda qoʻl mehnati bilan qoʻgʻirchoq tayyorlashga kirishganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Biroq hozirdanoq mahsulotlarga xorijda ham katta talab paydo boʻlib, «Amazon» xalqaro onlayn savdo platformasida kunlik 3-4 ming dona qoʻgʻirchoq sotilmoqda. Tadbirkor tomonidan qoʻgʻirchoqlarni qoʻshni respublikalar, BAA, AQSH davlatlariga eksport qilish ham rejalashtirilgan. Buning uchun 2022-yilning birinchi choragida qiymati 1 mlrd soʻm boʻlgan loyiha amalga oshirilib, qishloqda kooperatsiya tashkil etiladi va 250 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Kooperatsiyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 3 mlrd. soʻmga yetishi koʻzda tutilgan», deyiladi xabarda.

 

Xabarga koʻra, tadbirkor kuni kecha Shohimardonsoy MFYdagi boʻsh turgan binoda ish boshladi va kooperatsiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun bu dastlabki qadam boʻldi. Bu yerda milliy hamda zamonaviy uslubda kashtachilik, quroqchilik, qoʻgʻirchoq va oʻyinchoqlar toʻqish yoʻlga qoʻyilmoqda. Ekoturizm rivojlantiriladi. Ayni kunda 30 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Eʼtiborlisi, ustoz-shogird anʼanalari asosida yiliga 400 nafar ayol-qizlar hunarmand-usta boʻlib yetishishadi.

 

Viloyat hokimi bilan muloqotda tadbirkor 1 mlrd. soʻm subsidiya olishda koʻmak soʻradi. Masalani ijobiy hal qilish uchun mutasaddilarga topshiriq berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//