Qonunchilik palatasi majlisini jonli efirga uzatishni taʼminlamagan masʼullar ogohlantirildi

Saqlash
20:07 / 14.12.2021 1080 0

13-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kengashida palata yalpi majlislarini toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilishini taʼminlash masalasi koʻrib chiqilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining oʻrinbosari Alisher Qodirov maʼlum qildi.

 

Qodirovning yozishicha, efirga uzatishni tashkil qilish uchun masʼullar jamoatchilik eʼtirozidan toʻgʻri xulosa chiqarishi boʻyicha ogohlantirilgan.

 

Haftaning seshanba va chorshanba kunlari masʼul qoʻmitalar tomonidan qonunlarni yalpi majlisga olib chiqishga tayyor ekanliklaridan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining yalpi majlisi oʻtkazilishiga qaror qilingan.

 

14-dekabr kuni soat 11:00 dan boshlab navbatdagi yalpi majlis “Oʻzbekiston”, “UzReport” telekanallari hamda Qonunchilik palatasining Facebookʻdagi sahifasi orqali jonli efirga uzatilmoqda. Kun tartibiga byudjet, soliq maʼmurchiligi va tashqi mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq muhim qonun loyihalarining muhokamalari kiritilgan.

 

“Maʼlumot uchun, yalpi majlisda keskin tortishuvlar kam boʻlishi, deputatlarning eʼtiborsizligi yoki nofaol ekanligi emas, partiya fraksiya yigʻilishlarini qizgʻin oʻtgani va deputatlar koʻp savollariga javob olganini koʻrsatadi”, deya yozdi Qodirov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//