Nukusda 14 ta jayronni ovlagan nomaʼlum shaxslar inspektorlardan qochib ketdi

Saqlash
22:57 / 13.12.2021 839 0

Taxtakoʻpir tumanida 14 ta jayronni ovlagan nomaʼlum shaxslar inspektorlardan qochib ketgan. Bu haqida Davlat ekologiya qoʻmitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, 12-dekabr kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Nukus shahar, Taxiatosh, Taxtakoʻpir tumani inspektorlari hamkorligida nazorat reydlari olib borilgan. Reyd davomida Taxtakoʻpir tumani "Qoʻngʻirotkoʻl" OFY atrofidagi choʻl hududida nomaʼlum shaxslar davlat raqamisiz “UAZ 469” rusumli kulrang rangli avtomashinada turganini ko'rishgan.

 

Nomaʼlum shaxslar inspektorlarning yaqinlashayotganligini koʻrib qolib, voqea joyidan qochishgan. Inspektorlar taxminan 5 km masofagacha ularning izidan borgan. Lekin ushlash imkoni boʻlmagan.

 

Voqea joyi koʻzdan kechirilganda otilgan patron gilzasi, idish-tovoq, xoʻjalik buyumlari boʻlgan pichoq, bolta, yoqilgʻi, kiyim-boshlar hamda “Qizil kitob”ga kiritilgan 14 dona jayron, 5 dona yovvoyi quyon tashlab ketilganligi maʼlum boʻlgan.

 

“Davlat inspektorlari tomonidan ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, voqea joyi video tasvirga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//