Oʻzbekistonda har 10 boladan bir nafari ovqatlanishdagi muammo sabab rivojlanishdan ortda qolgan – Global Nutrition Report

Saqlash
21:53 / 19.07.2023 1332 0

Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti” YouTube loyihasida mehmon boʻlib, oziq-ovqat xavfsizligi va Oʻzbekiston iqtisodiyoti bilan bogʻliq savollarga javob berdi.

Komiljon Akramov Oʻzbekistondagi oziq-ovqat sifati haqidagi savolga javob berayotib, mamlakatdagi bolalarning 10,8 foizi rivojlanishdan ortda qolayotganiga toʻxtaldi.

Behzod Hoshimov Komiljon Akramovga savol berib, qozogʻistonlik sayohatchilardan biri Oʻzbekiston haqidagi qaydlarida oʻzbek bolalarining boʻyi qozoq tengdoshlarinikidan past ekani haqida yozganini eslatib oʻtdi. Keyin esa Hoshimov bu boʻyicha oʻzi mulohazalarini aytib, Akramovdan buning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini soʻradi:

“Bolaning [sifatsiz] ovqatlanishi 2 yoshdan taxminan 15 yoshgacha uning yoshiga nisbatan past, yaʼni „stunted“ boʻlishini kafolatlaydi. Masalan, Hindistonda bu katta muammo, bolalar ovqatlanmaydi, boʻyi past. 1982-yilda sovetlar boʻy oʻlchashgan. Oʻshanda qozogʻistonliklar va oʻzbekistonliklar oʻrtasida farq katta emasdi. Hozir Qozogʻistonda iqtisodiy rivojlanish boʻldi. Lekin Oʻzbekistonda sistematik ravishda boʻy oʻlchashmayapti. Mening qoʻlimda hozir maʼlumot yoʻq, lekin, tushunishim boʻyicha, hozir Qozogʻistonga borsangiz, bolalar [boʻyi] bizning bolalardan ancha balandroq. Ular qachondir balandroq emasdi, yaʼni genetik qismi yoʻq boʻlib ketgandi deylik. Oʻzbekistonda kambagʻal boʻlgani uchun bolalar yetarlicha ovqatlanmaydi, shuning uchun [ularning] boʻyi past desa boʻladimi?”, — degan Hoshimov.

Maʼlumot oʻrnida, stunting 5 yoshgacha bolalarda oʻlchanadigan koʻrsatkich hisoblanadi. Stunting bola boʻyining yoshga nisbatan pastligini anglatadi. Koʻrsatkich Jahon savdo tashkilotining distributsiyasi boʻyicha hisoblanadi.

Komiljon Akramov bu, albatta, yetarli va toʻgʻri ovqatlanish masalasi (nutrition) bilan bogʻliqligini aytdi.

“UNICEF Statistika agentligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan oʻtkazgan 2017-yilgi „Global Nutrition Report“ koʻrsatilishicha, Oʻzbekistonda har oʻn nafar boladan biri „stunted“ (rivojlanishdan ortda) deyilyapti. Lekin bu juda baland emas. Agar solishtiradigan boʻlsangiz, 90 yillarda bu 30 foizdan baland boʻlgan. 2010-yilda ham 20 foizdan baland boʻlgan. Agar koʻrsatkich haqiqatan ham 30−20 foizdan 10 foizgacha, yaʼni 3 baravarga pasaygan boʻlsa, bu dinamikada yaxshi koʻrsatkich”, — dedi mutaxassis.

Iqtisodchi koʻrsatkich bu davrda keskin kamayganiga qaramay, 10 nafar boladan biri “stunted” (rivojlanishdan ortda) ekani yaxshi holat emasligini taʼkidlab oʻtgan.

“Sodda qilib aytganda, Oʻzbekistonda har oʻn nafar boladan biri yetarli va toʻgʻri ovqatlanmagani uchun jismoniy rivojlanishdan ortda. Buning kognitiv taʼsiri, yaʼni nafaqat boʻy oʻsishi balki miya ishlashiga ham taʼsiri bor. Bu toʻyib yoki yetarli darajada ovqatlanmaslikdan ham boʻlishi mumkin. Yaʼni yetarli darajada hamma vitaminlar, mikroelementlar isteʼmol qilmasligi natijasi ham boʻlishi mumkin”, — deydi Komiljon Akramov.

Qayd etilishicha, bu raqam butun Oʻzbekiston boʻyicha oʻrtacha olingan. Shahar va qishloqlar oʻrtasidagi farq katta emas, lekin viloyatlar oʻrtasidagi farq katta. Viloyatlar oʻrtasida farq ikki xonali raqamgacha yetadi.

“Toshkentda bu koʻrsatkich adashmasam, 2 foiz atrofida (oʻrtacha koʻrsatkichdan 5 baravar yaxshi). Bunga asosiy sabablardan biri iqtisodiy. Maʼlumotlar yetishmasligi yoki odamlarning irratsional ovqatlanishi ham sabab boʻlishi mumkin, lekin iqtisodiy sabab asosiysi”, — dedi IFPRI katta ilmiy xodimi.

Komiljon Akramov oziq-ovqat yetishmovchiligi boʻyicha Markaziy Osiyo boʻyicha vaziyatga ham toʻxtalib oʻtdi. Uning aytishicha, bu koʻrsatkich boʻyicha 1990-yillardagi vaziyat Markaziy Osiyo mamlakatlarida deyarli bir xil boʻlgan. Keyinchalik Qozogʻiston ovqatlanish xilma-xilligi darajasi boʻyicha Rossiya, Belorus bilan bir xil darajaga yetib olgan. Hozirda ulardagi vaziyat Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagidan keskin farq qiladi. Yaʼni oʻzbekistonliklar qozogʻistonliklarga nisbatan ancha sifatsiz kaloriya isteʼmol qiladi.

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//