“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2022-yilgi 1-stipendiya tanlovini e’lon qiladi

09:01 / 07.01.2022 1098
Saqlash

Mamlakatimizning innovasion salohiyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan, kreativ fikrlaydigan yoshlar, iste’dodli professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari diqqatiga!

 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun 2022-yilgi 1-stipendiya tanlovini e’lon qiladi!

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil mamlakatimizda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilindi.

 

Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” loyihasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish taklifi ilgari surilmoqda.

 

Shu bois, “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar, jumladan:

kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sun’iy intellekt sohalari;

atom va quyosh energetikasi hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa innovasion yo‘nalishlari;

sog‘liqni saqlash, farmasevtika, telemedisina, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya sohalari;

elektroenergetika, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlari;

mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, to‘qimachilik va mahsulotlarni standartlashtirish yo‘nalishlari;

tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi agrar sohaning muhim tarmoqlari uchun 420 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini e’lon qiladi!

 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2022-2023 o‘quv yili uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:

bakalavriat ta’lim dasturi uchun 120 nafar,

magistratura ta’lim dasturi uchun 180 nafar,

doktorantura ta’lim dasturi uchun 120 nafar stipendiyalar ajratishini ma’lum qiladi.

 

Barcha ta’lim dasturlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kamida 20 ta o‘rin ajratilib, bunday yoshlarimizga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Agar siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat iqtisodiyoti va ilm-faniga innovasion g‘oyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsangiz – bu imkoniyat aynan siz uchun!

 

Nomzodlarning hujjatlari 2022-yil 10-yanvardan – 10-fevralga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.

 

Saralash bosqichlari 2022-yil 10-fevraldan – 10-martga qadar davom etadi. Saralash tanloviga oid barcha ma’lumotlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil e’lon qilib boriladi.

 

Nomzodlar uchun barcha zarur ma’lumotlar jamg‘armaning Onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan: http://admission.eyuf.uz  

Bugungi kunda 300 nafarga yaqin stipendiatlarimiz AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovasiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olmoqdalar. Siz ham shunday imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!!!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish