“Yilning eng yaxshi asari”

15:11 / 10.11.2021 1237
Saqlash

 

Davlatimiz rahbarining “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovini e’lon qiladi.

Mamlakatimizda adabiyot sohasidagi islohotlarni hayotga joriy etish, badiiy ijodni rivojlantirish va adiblarni yangi asarlar yaratishga rag‘batlantirish, ijodkor mehnatini munosib taqdirlash maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovda adabiy janrlar va yo‘nalishlar bo‘yicha badiiy jihatdan yuksak, kitobxonlar estetik didini yuksaltiradigan, ularga ma’naviy ozuqa bag‘ishlaydigan mukammal asarlar tanlab olinadi.

Tanlov badiiy adabiyotning beshta – nasr, she’riyat, dramaturgiya, badiiy tarjima, adabiy tanqid va badiiy publitsistika yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, professional adiblar ishtirok etishlari mumkin. Ijodkorlar 2021-yilning 1-yanvaridan 10-dekabrigacha gazeta va jurnallar, nashriyotlarda chop etilgan, adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasi e’tirofiga sazovor bo‘lgan yangi asarlari, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz namunalarining xorijiy tillarga tarjima qilingan yangi tarjimalari hamda jahon adabiyoti durdonalaridan o‘zbek tiliga tarjima qilingan yangi tarjima asarlarini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi Ishchi guruhiga taqdim etishlari mumkin.

Manzil: Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasi, Adiblar xiyoboni.

Tanlovga tavsiya etilgan asarlarga quyidagi ma’lumotlar ilova qilinadi:

– adibning ijodiy faoliyati haqida qisqacha ma’lumotnoma (ob’ektivka);

– manzili va telefon raqami;

– pasport nusxasi.

Tanlovga qabul qilingan badiiy asarlar tanlov Hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

1 dona bosh mukofot:

Bosh mukofot sohibi maxsus diplom, statuetka, bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Asosiy mukofotlar:

Abdulla Qodiriy nomidagi “Eng yaxshi nasriy asar” uchun (shu janrdagi bir asar muallifiga beriladi);

Hamid Olimjon nomidagi “Eng yaxshi she’riy asar uchun” (shu janrdagi bir asar muallifiga beriladi);

Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi “Eng yaxshi tarjima asari uchun” (shu janrdagi bir asar muallifiga beriladi);

Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi “Eng yaxshi dramatik asar uchun” (shu janrdagi bir asar muallifiga beriladi);

Abdurauf Fitrat nomidagi “Eng yaxshi adabiy-tanqidiy va publitsistik to‘plam uchun” (shu janrdagi bir asar muallifiga beriladi).

G‘oliblar diplom, statuetka, bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.

G‘oliblar shu yil dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyida o‘tkaziladigan taqdimot marosimida e’lon qilinadi va taqdirlanadi. Tanlov natijalari ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati

 

Sayt (http://ijod.uz/) I Telegram (https://t.me/yozuvchilar_uz) I Feysbuk (https://www.facebook.com/yozuvchilar.uyushmasi.9/)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish