"Ayolga ehtirom" tanlovi e’lon qilindi

11:10 / 14.09.2021 275
Saqlash

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2021-yilning 26-fevral kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishining "Xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab quvvatlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida"gi 11-sonli Bayonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ayol, moʻtabar ona siymosi yuksak darajada e’tirof etilgan asarlar mualliflarini taqdirlash maqsadida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Ayolga ehtirom" Respublika ijodiy tanlovi o‘tkaziladi.

   Tanlovni tashkil etishdan maqsad – Yangi O‘zbekistonimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda, erkin va farovon yurtda barkamol avlodni tarbiyalab, jamiyatdagi bunyodkorlik ishlarida faollik, fidoyilik ko‘rsatgan zahmatkash, moʻtabar ayollar va jasorat va matonat timsoli bo‘lgan onalarga bag‘ishlab yozilgan she’riy asarlar, dostonlar mualliflarini rag‘batlantirish hamda yangi asarlar yozishga ruhlantirishdir.

   Shuningdek, tanlovga Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini o‘yg‘otadigan, ajdodlarimizning ma’naviy merosini va milliy qadriyatlarimizning asralishida, ijtimoiy hayotdagi yutuqlarimizda ayolning, moʻtabar onaning rolini yosh avlod qalbi va ongiga yanada chuqurroq singdira oladigan, 2018-2021 yillarda bosma nashrdan chiqqan ijodiy ishlar joriy yilning 20-sentyabriga qadar Yozuvchilar uyushmasiga quyidagi hujjatlari ilova qilingan holda, 71 2318371 telefoniga bog‘lanib, taqdim etilishi lozim:

   – muallif arizasi va uning professional faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;

   – muallifning pasporti nusxasi;

   – muallifning manzili va telefon raqami.

   Bu ishlarda barcha ijod ahlini, ayniqsa, respublikaning chekka hududlaridagi qalamkashlar faolligini oshirish tanlovga jiddiy vazifa qilib qo‘yilgan. Tanlov g‘oliblari 2021-yil 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar bayrami arafasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdirlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish