Mamlakatimizda giyohvandlik “yosharib” borayotgani taʼkidlandi

Saqlash
16:32 / 14.05.2024 861 0

6-may kuni “Yuksalish” harakati tomonidan Giyohvandlikka qarshi kurashishga qaratilgan navbatdagi jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.

 

Unda mazkur muammoning kechagi va bugungi koʻrinishi mutaxassislar tomonidan tahlil qilindi.

 

Statistik maʼlumotlarga koʻra, narkotik moddalar bilan jinoyat sodir etishlar soni 2023-yilda avvalgi yilga nisbatan 15,3 %ga oshgan. Yaʼni 10 mingdan ortiq jinoyat aniqlangan. Bu esa Oʻzbekiston uchun oxirgi yillardagi rekord koʻrsatkichdir. Soʻnggi besh yilda 17 tonnadan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan.

 

“Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarining yangi xurujlari paydo boʻlmoqda. Uning tarqalishida Internet tarmoqlaridan keng foydalanilmoqda. Narkotikka tobelik, narkojinoyatlar tendensiyasi ham oʻzgarib boryapti. Anʼanaviy giyohvandlik moddalaridan koʻra, sintetik va kuchli taʼsir qiluvchi dorilar isteʼmoli ortgan”, – deya statistik dalillarni keltirgan Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi boʻlim mudiri Shuhratjon Gʻulomov.

 

Ichki ishlar vazirligi mutaxassisi Qobil Zohidovning taʼkidlashicha, sintetik dori vositalarining asosiy qismi 2023-yilga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aniqlangan. Oʻtgan yili esa dorilar Andijon, Surxondaryo va Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlariga ham kirib borgan.

 

Dorilarning kirib kelishi boʻyicha Bojxona qoʻmitasining kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi Baxtiyor Irgashev ham oʻz maʼlumotlari bilan boʻlishgan. Uning aytishicha, narkosavdogarlar narkotiklarni mamlakat hududiga olib kirishning yangi usullaridan foydalanmoqda.

 

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi narkologi Muqaddas Rustamova esa giyohvandlik irsiy moyillik, shuningdek, ijtimoiy muhit kabi omillar tufayli yuzaga kelishi mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, oilada qoʻyilgan poydevor va qadriyatlar muhim ahamiyatga egaligini urgʻulagan. Mutaxassisning fikricha, bolaning ijtimoiylashuvini eʼtiborsiz qoldirmaslik kerak.

 

“Hozirda axborot texnologiyalari faol rivojlanmoqda, bolalar, oʻsmirlarning turli oʻyinlarga ishtiyoqi katta. Oʻyin markazlarida ularga “shu dorini ichsang, xotirangni kuchaytiradi, oʻyinda yutasan” degan aldovlar bilan narkotiklar berilayotgan holatlar bor. Baʼzi ota-onalar bolasining qayerda, nima qilayotganini va doriga “oʻtirib qolganini” bilmaydi. Shuning uchun oilada sogʻlom muhitni shakllantirish kerak”, – degan u.

 

“Regnum Rehab” reabilitatsiya markazi rahbari Gʻayrat Namozovning qayd etishicha, afsuski, giyohvandlik “yosharib” boryapti. Markazga avval 18 yoshdan oshganlar murojaat qilgan boʻlsa, yaqinda hatto 12 yoshli bola olib kelingan.

 

“Muammoni yashirish katta xato, biz boshqalar nima deyishidan qoʻrqamiz yoki giyohvandning irodasiga tayanamiz. Biroq bunday hollarda qarindoshlar faqat vaqtni behuda sarflashadi”, — deya taʼkidlagan Namozov.

 

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda giyohvandlik holati boʻyicha keng koʻlamli tadqiqotlar olib borilmayapti. Giyohvandning psixologik portretini yaratish qiyin. Hozirda sintetik dorilarni qabul qilayotganini bittada anglab boʻlmaydi. Tobelikning belgilari, “lomka” holatlari sezilmaydi. Eng achinarlisi, ularda psixoz uygʻonyapti, yaʼni ruhiy holati yomonlashmoqda. Qolaversa, dorilarni qabul qiluvchilarning oʻzi qaramlikni darhol tan olmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//