“Bu yerda hamma o‘z fikrini aytishiga imkoniyat bor” – Kanadada “Mehr” operatsiyasini tadqiq etayotgan vatandoshimiz Temur Davronov bilan suhbat


Saqlash
12:02 / 19.02.2022 1877 0

“Oyina.uz”ning navbatdagi mehmoni – bugungi kunda Kanadada yashab faoliyat yuritayotgan, olti tilda bemalol muloqot qila oladigan tarjimon Temur Davronov. Qahramonimiz bilan o‘zi izlanish olib borayotgan tadqiqot mavzusi, Kanadada ijtimoiy hayot, ta’lim olish va ish topish masalalarida suhbatlashdik.

 

– Assalomu alaykum, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat! Avvalo, Kanadaga ketish tarixingiz, nega aynan ushbu davlatni tanlaganingiz va bugungi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.

 

– Va alaykum assalom, taklifingiz uchun tashakkur! Kanadaga tarjimon sifatida immigratsion dastur orqali oilaviy ko‘chib kelganmiz. Bu mamlakatni farzandlarim kelajagi hamda davlat tomonidan beriladigan iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlar uchun tanladim. Hozirda asosan MDH, O‘rta va Sharqiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullanaman.

 

 

– Boshqa davlatga moslashib ketish qanday bo‘ldi? Shaxsiy tajribada o‘rganganlaringiz, qiyinchiliklar...

 

– Juda ham o‘rinli savol. Rosti, moslashish oson kechgani yo‘q. Ayniqsa, dastlabki ikki yil. Avvalo, qishning deyarli olti oy davom etishi, bahorning juda ham qisqa bo‘lishi, yozning issiqligi esa hatto O‘zbekistondan ham o‘tib ketishi... Ikkinchi masala, ona yurtingizni, yaqin qarindosh va do‘stlaringizni, sizga tanish muhitni tashlab ketmoqdasiz va yangi joyda hayotingizni qaytadan boshlayapsiz. Xudoga shukr, men ayolim va farzandlarim bilan ko‘chib kelgandim, bir-birimizga madad bo‘ldik va hamma qiyinchiliklardan birgalikda o‘tib oldik.

 

– Tarjima ham ijod, bu sohani tanlashingizda, bugungi yutuqlarga erishishingizda oilaviy muhitning o‘rni bo‘lgan, albatta.

 

– Albatta, tarjimon sifatida shakllanishimda ota-onamning hissalari bor. Bolaligimdan ko‘p kitob o‘qir edim, o‘qiy olmagan paytlarimda oyim o‘qib berardilar, dadam esa men uchun foydali va qiziqarli kitoblar topib kelardilar. O‘quvchilik paytlarimda dadam o‘zbek tiliga tarjima qilishim uchun bir nechta inglizcha kitob olib bergan.

 

 

Maktabdan keyin nafis san’at liseyida ham ingliz tili yo‘nalishida o‘qiganman, o‘sha payt turli tillarni o‘rganishga qiziqishim zo‘r edi. Litseyni bitirib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining tarjimonlik fakultetiga kirganman.

 

Ingliz tilidan tashqari ispan tilini ham o‘rgana boshladim. To‘rtinchi kursga kelib amaliyotni “Yoshlar” telekanalida kino, multfilm va seriallar tarjimoni sifatida o‘tkazganman. O‘shanda “Esmeralda” serialining bir nechta seriyasini ispan tilidan o‘zbek tiliga o‘girgandim.

 

– Kanadada inglizchadan tashqari boshqa tillarni ham bilishingiz qanchalik qo‘l keldi, tarjimonlarga talab qay darajada? Ishga joylashish masalasi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

 

– Kanadada davlat tili ikkita: inglizcha va fransuzcha. Ko‘chib kelgan paytim nemis va ispan tillarini mukammal bilar edim, shu bois Toshkentdan turib internet orqali shu tillar asqatadigan ish qidirganman. Kanadaga kelganimdan bir oy o‘tib “Kivuto” kompaniyasida xalqaro mijozlarga texnik xizmat ko‘rsatishni boshladim.

 

Ayolim Toshkentda ko‘z shifokori bo‘lib ishlardi, u ham bir oy o‘tib tibbiyot sohasidagi xususiy ko‘z klinikasiga ishga kirdi. Ko‘p tillarni bilganim sababli menga ish topish unchalik qiyin kechmadi. Ayolimga kelsak, o‘z sohasida ishlashi uchun bir necha murakkab tibbiy imtihon topshirishi kerak, hozirda shunga tayyorlanmoqda.

 

 

Kanadaning immigratsiya uchun yana bir afzallik jihati shundaki, agar uzoq muddat davomida ish topa olmasangiz, davlatga yordam uchun murojaat qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, ingliz yoki fransuz tilini o‘rganish uchun imkoniyatlar mavjud.

 

– Kanadadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi ijobiy jihatlar, ta’lim tizimining bizdan farqlari haqida fikrlaringiz...

 

– Ijtimoiy hayotga kelsak, ko‘zga birinchi tashlanadigan tomoni, birovning birov bilan ishi yo‘q. Ya’ni, kiygan kiyimingiz yoki minib yurgan mashinangiz, kimni tanishingiz hech kimni qiziqtirmaydi.

 

Kanadaliklar asosan bag‘rikeng, immigrantlarga yordam berishga xayrixoh. Haligacha esimda, ko‘chib kelganimizga endi bir-ikki hafta bo‘lgan edi. Oilam bilan ijaraga olgan uyimizni topa olmay bir soatga yaqin ko‘chama-ko‘cha yurganimizda, bir kanadalik ayol mashinasida bizni uyimizga eltib qo‘ygan edi.

 

Ta’lim tizimiga kelsak, farqi juda ham katta. Biz poytaxtda yashayotganimiz bois bolalarimiz ingliz, ingliz va biroz fransuz yoki to‘liq fransuz tilida ta’lim olishlari mumkin. Birinchi ikki yil bolalarim ingliz va biroz fransuz tilida, undan keyin to‘liq fransuz tilida o‘qigan. Bundan tashqari, har shanba kuni boshqa chet tillarini o‘rganishlari mumkin.

 

 

Menga yoqadigan jihati shundaki, bolalarni mustaqil fikrlashga hamda kitobga mehr qo‘yishga o‘rgatishadi. Shu tomonlarini o‘rgansak, yaxshi bo‘lardi, chunki biz maktabda o‘qib yurgan paytlarimiz fikrimizni erkin ifoda etishdan oldin ming bor o‘ylar edik. Bu yerda esa hamma o‘z fikrini aytishga imkoniyat bor.

 

– Kanada ta’limining dunyo va o‘zbek talabalarini o‘ziga qaratayotgan jihatlari nimada deb o‘ylaysiz?

 

– Masalan, AQSh bilan solishtirsak, avvalambor arzonroq. Kollej yoki universitetni bitirgan chet ellik talaba ish vizasini olish huquqiga ega. Bundan tashqari, ko‘plab universitetlarda ko-op degan dastur bor, har xil sohalarda ish tajribasini egallash mumkin. Chet ellik talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishlasa bo‘ladi. Ish vizasi orqali qonuniy faoliyat yuritish hamda bir yildan keyin doimiy yashash huquqi, ya’ni “permanent residency” olish oson.

 

– Siz tahsil olgan universitetda, ish joyingizda o‘zbeklar bormi? Yurtdoshlarimiz qaysi sohalarda ko‘proq ishlaydi?

 

– Xudo xohlasa, mart oyida Carleton universitetining Ovrupo, Rossiya va Ovrosiyo yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini bitiraman. Universitetda men kabi ko‘chib kelgan bir necha o‘zbek bor. Hozirgi ish joyimda ham hamyurtlar bor, ular bilan tanaffus paytlari uchrashib, gaplashib turamiz. Kanadada vatandoshlarimiz har xil yo‘nalishda faoliyat yuritadi, kimdir moliyada ishlasa, kimdir dasturchi, yana kimdir o‘qituvchi, o‘zbeklar deyarli hamma sohada bor desam adashmagan bo‘laman.

 

 

– Tadqiqot obyekti sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasi, umuman, gumanitar amaliyotlarni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi? Kanadada bu mavzuga, Markaziy Osiyodagi bugungi siyosiy jarayonlarga qanday qaraladi?

 

– Hozirgi ishimdagi loyihalardan birida aynan O‘rta Osiyoda internet sohasidagi tahdidlarni o‘rganganman. “Mehr” operatsiyasi mavzusida esa magistrlik dissertasiyasini yozdim. Faqat O‘zbekistondagi emas, balki Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi gumanitar amaliyotlarni bir-biriga taqqosladim. Menimcha, mintaqamiz davlatlarining ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar uchun, xususan, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya va AQSh uchun o‘rnak bo‘la oladi.

 

– Kelajakdagi rejalaringizni O‘zbekiston bilan bog‘laysizmi?

 

– Albatta, e’tibor bergan bo‘lsangiz, ishlayotgan yo‘nalishim, o‘qigan fakultetim, diplom ishim – hammasi O‘rta Osiyo bilan bog‘liq. Farzandlarim ham O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rishadi, har bayramda maktabga milliy kiyimda borishga intilishadi, darsda yurtimiz haqida taqdimotlar qilishadi. Kanadada yashayotgan bo‘lsak ham, O‘zbekiston bilan rishtalarimiz uzilmagan, hech qachon uzilmaydi ham!

 

Zulxumor ORIFJONOVA

oyina.uz

 

O‘xshash maqolalar:

 

Nega ayol tarixda qolishi uchun faqat siyosiy faol bo‘lishi kerak?! AQSHda o‘zbek shoiralari ijodini tanitayotgan olima bilan suhbat

 

“AQSH ta’lim tizimi biznikidan ancha farq qiladi”. Okeanortida yashayotgan Sobirjon Mo‘minovning Amerikaga ketish tarixi va davom etayotgan ijodi haqida

 

Amerikada tadqiq qilingan Markaziy Osiyo tarixi va bugungi siyosiy jarayonlarga o‘tmishdan rakurs – Ogayo universitetidagi o‘zbek olimi bilan suhbat

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

18:05 / 13.05.2024 0 264
San’at sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 638
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19413
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16684
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi