Turkiston legioni: haqiqat va uydirma


Saqlash
18:05 / 08.05.2024 707 0

Turkiston legioni haqida ilk bora 2006-yilda to‘liqroq tasavvurga ega bo‘ldim, unga qadar uzuq-yuluq ma’lumot bor edi, xolos. O‘sha-o‘sha bu mavzuga qiziqishim ortsa ortdiki, aslo susaymadi. Ilmiy manbalar, taqdir taqozosi bilan ona yurtdan ayro tushib, Istanbulda muqim joylashib qolgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlar, shuningdek, xotira kitoblaridan legion haqida o‘rganishga kirishdim.

 

Turkiyalik olim va jurnalist, asli turkistonlik Chig‘atoy Ko‘charning shaxsiy kutubxonasida mavzuga doir bir dunyo arxiv materiallari bor ekan. O‘zbekistonning do‘sti Chig‘atoy og‘amizning Adana shahridagi uyida ko‘p bora qo‘noq bo‘lganman, kechalari mijja qoqmay uzun suhbatlar qurganmiz, kitob-u hujjatlarni varaqlaganman, ulardan iqtiboslar yozib olganman, yirikroq asarlardan nusxa ko‘chirganman. Qo‘li ochiq mezbon bir talay kitob-u jurnallar tuhfa qilgan. Chig‘atoy Ko‘char jurnalist sifatida legionchilar bilan suhbatlashgan, ular haqida radioeshittirishlar tayyorlagan. Xonadonida mehmon bo‘lgan chog‘imda qariyb yarim asr avval magnit tasmasiga yozilgan suhbatlarni tinglaganman... Vaqti-soati kelganda Turkiston legioni haqida salmoqliroq maqola yozaman degan niyatda keyin ham izlanishni to‘xtatmadim.

 

Ochiq aytmoq kerakki, qalamga olinayotgan mavzu ham qaltis, ham bahsli. Rasmiy idoralar tugul olim-u ziyolilar ham legionchilarning maslag-u matlabi borasida yakdil fikrda emas. Tarixchilikka da’vom yo‘q, bahs-munozara ochmoq niyatidan ham yiroqman. Ammo meni ko‘p yillardan buyon o‘ylantirayotgan masalada jillaqursa publitsist nigohi ila nedir qoralamasam bo‘lmas edi.

 

“O‘zbekistonning yangi tarixi” turkumidagi ikkinchi kitobda (“Sharq” NMAK, 2000) bunday deyiladi: Legionerlarga ijtimoiy-siyosiy baho berish ham murakkabligicha qolmoqda. Sovet tarixshunosligida ular... “sovet xalqining sotqinlari” deb ta’riflangan. G‘arb tarixshunosligida, keyingi vaqtlarda esa, bizning matbuotimizda “ko‘ngillilar” – mustabid tuzumga qarshi g‘oyaviy kurashchilar, mamlakatni nemis armiyasi yordamida stalincha zulmdan ozod qilish uchun qurolli kurash olib borishga tayyor turgan kishilar deb baholanmoqda... Bu masalani chuqur o‘rganish va xolisona baho berish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifalardandir”.

 

Ushbu maqolamizni ham hassos mavzu tadqiqi yo‘lida kamtarona bir qadam o‘laroq qabul qilgaysiz, aziz mushtariy. Bu borada maslahat-u tavsiyalarini darig‘ tutmagan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Faxriylar kengashi a’zosi, iste’fodagi polkovnik, bilimdon tarixchi Xudoyberdi Sohibovga alohida minnatdorlik bildiraman.

 

 

Bo‘ronoldi sukunat

 

Germaniya   Birinchi jahon urushida  mag‘lubiyatga uchragach, 1919-yil 28-iyunda  Versal  shartnomasini imzolamoqqa majbur bo‘ladi. Ikkinchi tomondan hujjatga g‘olib davlatlar – Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh, Italiya va Yaponiya imzo chekadi. Gardaniga talay majburiyatlarni olgan Berlin kech bo‘lsa-da bitim yuzasidan norozilik bildiradi, ammo bu vaqtga kelib g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan edi. 1926-yildan e’tiboran Germaniyada sanoat yana yuksalish yo‘liga kiradi, mamlakat qayta tiklash yumushlari bilan o‘zini o‘zi ovutadi. 1929-yilda esa yuragida qasos o‘ti yonayotgan millatchi sotsialistlar hokimiyatga keladi. Qisqa vaqt ichida kuchli qo‘shin tuzgan Berlin hukumati yana Yevropaga tahdid sola boshlaydi...

 

1917-yili Rusiyada oqpodsho inqilob yo‘li bilan taxtdan chetlatiladi. Davlat tepasiga kelgan bolsheviklar Turkiston xalqlariga ham erkinlik va adolat va’da qiladi. Ammo ko‘p o‘tmay niqoblar yechiladi, kommunistlar hokimiyati o‘lkadagi ozodlik harakatini shafqatsizlarcha bostiradi. Turkiston xalqlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlari qaytarib berilmasligi, hurriyat eshiklari yopilganini anglab yetadi...

 

1930-yillar oxirida Yevropada harbiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat murakkablashib, Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. 1939-yilda nemis qo‘shini avval Polshani, keyin Boltiqbo‘yi va Benilyuks mamlakatlarini ishg‘ol qiladi. 1941-yil 22-iyunda Sovet Ittifoqi hududiga bostirib kiradi. Hitlerchilar Moskvaga yaqinlashadi, Leningradni qurshovga oladi.

 

Fashistlarning Sovet Ittifoqiga hujumidan to‘rt-besh oy o‘tar-o‘tmas Qizil armiyaning 3,8 million askari asir tushadi. Olmon tarixchilari to‘rt yillik urush davomida jami 5 million 270 ming harbiy asir tushgan deb yozsa, sovet manbalarida 4 million 600 ming raqami keltirilgan.

 

Chig‘atoy Ko‘char “Turkistonliklar – ota yurtdan ona yurtda” (“Atayurttan Anayurtda Türkistanlılar”) kitobida qayd etishicha, 1941–1943-yillarda 4 million 487 ming 775 nafar turkistonlik jang maydoniga safarbar qilingan. Boshqa manbalarda bundan farqli raqamlarni o‘qish mumkin. Ilk muhoraba davri sinchiklab o‘rganilsa, yanada qiziq dalillar yuzaga chiqadi.

 

 

Shaxmat taxtasidagi piyodalar

 

Urushning dastlabki yillarida G‘arbiy jabhada ikki million turkistonlik askar xizmat qilgan (turkistonlik deganda bugungi Markaziy Osiyo xalqlari tushunilmog‘i kerak). O‘sha kezlar ularning yarmidan ziyodi asir tushgan.

 

“Afsuski, yuz minglarcha turkistonliklar Ovruponing ularga jilla aloqador bo‘lmagan urushi tugaguncha shaxmat taxtasidagi piyoda rolini o‘ynadilar, har ikki tarafning jang maydonlarida qurbon bo‘ldilar”, deb yozadi turkiyalik olim va davlat arbobi Ahad Andijoniy “Jadidchilikdan hurriyatgacha: xorijda Turkiston kurashi” (“Cedidizm›den Bağımsızlığa: Hariçte Türkistan Mücadelesi”) asarida.

 

 

Xo‘sh, mintaqamiz vakillari qay tarzda kindik qoni to‘kilgan zamindan minglab chaqirim olisdagi muhoraba maydonida paydo bo‘lib qoldi?

 

Sovet rahbariyati Ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar turkistonliklarga to‘la-to‘kis ishonmaganini qayd etish joiz. Buni birgina fakt – ular harb ishlariga jalb qilinmagani ham tasdiqlaydi. Nemislarning Polshaga hujumidan keyin Sovet Ittifoqida yalpi majburiy harbiy xizmat joriy qilinadi. Turkistonliklar ilk bor 1939-yilning 30-noyabrida Sovet Ittifoqi va Finlandiya savashida qatnashadi. Kelgusi yil bahorda qirg‘inbarot tugaydi, ammo turkistonlik askarlar vataniga qaytmaydi, balki Qizil armiya safida xizmatni davom ettirgani Ukraina va Polshaga yo‘l oladi.

 

1941-yilning iyunida ittifoqdosh respublikalar askarlari G‘arbiy frontga safarbar qilinadi. O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning norg‘ul yigitlari puxta jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va yaxshi qurollangan edi deya olmaymiz. Askar yigitlarimizning aksari rus tilini yaxshi bilmagan. Boz ustiga, urushning dastlabki oylarida ularning qo‘liga yog‘och miltiq berib qo‘yilgani, harbiy anjomlar ham tanqis bo‘lgani ma’lum. Shunga qaramay, ular old frontga – eng xatarli jabhaga yo‘llangan. Tasavvur qiling, ortingizda rus zobiti, qarshingizda nemis fashisti. Ikkisidan ham qochib qutula olmaysiz: yo hayot, yo mamot!.. Turkistonlik askarlar urushning ilk oylarida ommaviy ravishda fashistlarga asir tushganining asl sababi shu. Nemis esa azaldan hisob-kitobni to‘g‘ri oladigan xalq. O‘sha vaqtda ham strategik reja tuzib, asirlardan samarali foydalanmoqni ko‘zlagan.

 

Yana bir tarixiy fakt shuki, olmonlar XIX asr oxiri – XX asr boshidayoq Turkiston o‘lkasi haqida anchagina ma’lumotga ega bo‘lgan. O‘sha kezlar Germaniyaning ko‘plab manufakturalari, korxonalari chor Rusiyasida o‘z vakolatxonasini ochadi. 1895-yilda yirik shahar va uyezdlarda bo‘linmalar soni 44 taga yetgan. Jumladan, Turkistonda ham olmon korxonalari bo‘linmalari faoliyat yuritgan. Manbalarda bir yilda salkam 69 ming dona “Zinger” tikuv mashinasi sotilgani qayd etiladi.

 

Oktyabr inqilobiga qadar Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Yunus, Ubaydulla Xo‘jayev kabi turkistonlik ziyolilar Turkiya, Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib kelgan edi. Germaniya ham ilmiy-siyosiy jihatdan yetuk kadrlar tayyorlashda istiqbolli mamlakat sanalgan. 1922-yili yetmishga yaqin millatdoshimiz Berlinga o‘qishga yuborilgan.

 

Sirasi, olmonlarda turkistonliklar haqida iliq tasavvur shakllangan edi.

 

Ehtimol, bugungi avlodning sovetlar tomonidan Ozarboyjon, O‘rta Osiyo, Shimoliy Kavkaz, Volgabo‘yi va Qirim bosib olingani, keyinchalik turkistonliklar nemislarning moliyaviy va siyosiy dastagi bilan “buzilg‘on o‘lka”ni ozod etmoqqa uringanini tushunishi mushkul kechar. Ammo bolsheviklar zulmidan qochib, natsistlar bilan hamkorlik qilganlarning boshida o‘lka ziyolilari turgani tarixiy haqiqat. Ular birinchi galda asirlikdagi vatandoshlari hayotini qutqarmoqqa oshiqqan. Olmon manbalariga ko‘ra, 1941–1945-yillarda 5,2 million sovet askaridan 3,3 millioni lagerlarda ochlik, epidemiya va qahraton sabab vafot etgan. Sobiq asirlar qo‘shni lagerda saqlanayotgan fransuzlarning yemoq-ichmog‘i badastir bo‘lgani, sovet fuqarolari esa ochlikka mahkum ekani haqida yozgan.

 

Tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan Olim Alamatning xotirlashicha, olti oy ichida lagerdagi sakson ming mahbusdan bor-yo‘g‘i uch mingi tirik qoladi. Har kuni yuzga yaqin jasad mashinaga yuklanib, yaqin-atrofdagi xandaqlarga ko‘mib yuborilgan...

 

 

Ilk odim

 

1941-yilning kuzida Adolf Hitlerga kutilmaganda ko‘p sonli sovet askarlari asir olingani to‘g‘risida axborot beriladi. Ana o‘shanda rus millatiga mansub bo‘lmagan asirlardan sovetlarga qarshi kurashda foydalanish fikri tug‘iladi. Ruslarning qarshi tomonga qochib o‘tishi, dezertirligidan xabardor bo‘lgan natsistlar dohiysi ularga ishonmagan. Sovet generali, Ruslarni ozod etish armiyasi rahbari Andrey Vlasovning taqdiri bunga yorqin dalil edi. Shu sabab rus asirlari asosan frontorti yoki janubiy frontdagi ikkinchi darajali obyektlarda mehnat qilgan.

 

Germaniyaning Anqaradagi elchisi Frans fon Papenga rus bo‘lmagan asirlardan foydalanish borasida Turkiya ziyolilaridan maslahat olish topshiriladi. Diplomat Tashqi ishlar vazirligiga yo‘llagan hisobotida Shyukryu Yembag‘chi, Anvar poshoning akasi general Nuri Killigil, Zaki Validiy To‘g‘on, Ja’far Ahmad, Memduh Shavkat, general Husnu Emir Erkilet bilan muloqotda bo‘lganini yozadi. 1918-yilda Kavkaz islom o‘rdusiga qo‘mondonlik qilgan Nuri posho Berlinga taklif qilinadi. Muzokaralar chog‘ida u Birinchi jahon urushida bo‘lgani kabi poytaxt yaqinida Vyunsdorf lagerini qayta tiklash, turkiy va musulmon asirlarini qolgan millatlardan ajratib olish, ularni alohida joylashtirish zarurligini uqtiradi. U asirlar lageriga rahbar bo‘lishga rozi ekanini ham aytadi. Bu orada Turkiyadan olmon akademiyasining sobiq qo‘mondoni Ali Fuat Erden, general Husnu Emir Erkilet va bir qator ziyolilar Germaniyaga keladi. Muzokaralarda turklar Germaniya rahbariyatidan urush nihoyalangach, Kavkaz va Turkiston o‘lkalariga mustaqillik berishni talab qiladi. Germaniya bu talabga ro‘yxushlik bermadi. Shu tariqa Berlindagi muzokaralar natijasiz yakunlandi.

 

 

Uchinchi Reyx mafkurasi asoschilaridan Alfred Rozenberg turkistonlik va kavkazlik asirlardan iborat ko‘ngilli otryadlar tuzish, Ukraina va Boltiqbo‘yi xalqlarini boshqalardan ajratish g‘oyasini o‘rtaga tashlaydi. Taklif inobatga olinib, turkistonlik va ozarboyjonlik asirlardan iborat ikki maxsus bo‘linma tuziladi. 6-Turkiston bo‘linmasiga kapitan Mayer Marder boshchilik qiladi. Keyinroq nomi o‘zgartirilgan 450-piyodalar batalonida faqat ozarboyjonlar xizmat qiladi. 1941-yil oktabrda esa kavkazliklardan iborat Bergman maxsus ittifoqi bo‘linmasi tashkil etiladi.

 

 

Turkiston legioni “ota”lari

 

Urushning ilk oylari o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va qoraqalpoq asirlari Varshavadan 18 km uzoqlikdagi Legionovo lageriga joylashtiriladi. O‘sha yillarda Yevropaning boshqa shaharlarida ham ko‘plab tutqungohlar ochilgan. 72 kungina yashagan Turkiston muxtoriyati sardori Mustafo Cho‘qay va Germaniyada tahsil olib, u yerda qolib ketgan Vali Qayumxon bu ishga bosh bo‘ladi. Shu o‘rinda legion faoliyatida muhim o‘rin tutgan mazkur ikki tarixiy shaxsning muxtasar tarjimai holini bayon qilib o‘tsak.

 

Mustafo Cho‘qay (1890–1941) 1910-yilda Toshkent erkaklar gimnaziyasida, keyin Sankt-Peterburg imperator universitetining yuridik fakultetida tahsil oladi. 1916-yilda Rusiya imperiyasi Davlat dumasida musulmonlar fraksiyasi kotibi bo‘lib ishlaydi. Dumadagi faoliyati davrida do‘stlari bilan “Turkiston birligi” tashkilotini tuzadi. 1917-yilgi inqilobdan keyin o‘lkada yangi davlat ta’sis etishda jonbozlik ko‘rsatadi.

 

1917-yil 27-noyabr kuni Qo‘qonda o‘tgan o‘lka musulmonlarining qurultoyida Turkiston muxtoriyati tashkil etiladi. Muhammadjon Tinishboyev hukumat rahbari, Mustafo Cho‘qay uning o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri etib tayinlanadi. Bolsheviklar bilan munosabatlarning keskinlashuvi oqibatida M.Tinishboyev iste’fo beradi va uning o‘rnini M.Cho‘qay egallaydi. Qo‘qon qonga botirilib, Muxtoriyat ag‘darilgach, u chet elga ketadi. Xususan, sovet davlatiga qarshi tuzilgan “Prometey” harakatining Parij bo‘limida faollik ko‘rsatadi. 1929–1939-yillarda turkistonlik muhojirlarning matbuot nashri – “Yosh Turkiston” jurnaliga muharrirlik qiladi. Majalla ilk sonidan Turkiston milliy istiqloli mafkurasiga bag‘ishlangan maqolalar chop etadi.

 

 

Fashistlar Sovet Ittifoqiga qarshi urush ochish arafasida siyosiy muhojirlarni og‘dirib, o‘z manfaatlariga xizmat qildirish rejasini tuzgan edi. M.Cho‘qayning aksilsovet pozitsiyasi va faoliyati ham natsistlar Germaniyasi diqqatini tortadi. 1941-yil 22-iyundan keyin Parijda maxsus operatsiya o‘tkazgan natsistlar Mustafo Cho‘qayni tutib, Berlinga keltiradi. Muxtoriyatning sobiq rahbariga turkistonlik asirlar bilan muloqot olib borish, ularning kayfiyatini o‘rganish topshiriladi.

 

Vali Qayumxon (1904–1993) Toshkentda tug‘ilgan. Munavvar qori ochgan jadid maktabida, so‘ng Buxoro pedtexnikumida o‘qiydi. 1922-yili Buxoro Xalq Respublikasi ko‘magida 70 nafar yoshlar safida Germaniyaga yo‘l oladi. Berlin universitetining qishloq xo‘jaligi fakultetini muvaffaqiyatli bitiradi. Talabalik yillaridayoq Turkiston va uning ozodligi mavzularida maqolalar yozadi. Shu vajdan Sovet Ittifoqining Berlindagi elchixonasi tomonidan bir necha bor ogohlantiriladi. Katta umidlar bilan olmon zaminiga o‘qishga yuborilgan turkistonlik yoshlarning taqdiri fojiali yakunlangani ma’lum. Ularning ayrimlari sho‘ro davlati tomonidan qatl etilgan, yana ayrimlari surgun qilingan, oz sonli qismi xorijiy mamlakatlarda jon saqlagan. Vali Qayumxon tahsildan keyin Germaniyada muqim yashab qolgan yagona turkistonlik edi.

 

U Turkiston milliy muhojiroti yetakchisi Mustafo Cho‘qay hamda Germaniya diplomatlari, razvedkachilari bilan mustahkam aloqa o‘rnatadi. Manbalarga ko‘ra, V.Qayumxon 1920–1945-yillarda faoliyat ko‘rsatgan Nemis milliy-sotsialistik partiyasi qarashlarini qo‘llagan, Uchinchi Reyxni Turkiston millatining ittifoqdoshi deb bilgan.

 

Nemislarning Sovet Ittifoqiga hujumi uning Turkiston ozodligi orzusiga qayta hayot baxsh etgandek bo‘ladi: u legionni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatadi. Ozod Turkiston g‘oyasining yana bir yalovbardori Boymirza Hayitning guvohlik berishicha, o‘n minglab turkistonliklarni asirlik azobi va muqarrar o‘limdan qutqarib qolgani uchun Vali Qayumxonga “Ota” degan sharafli nom berilgan. V.Qayumxon Turkiston milliy birlik qo‘mitasini tuzadi, “Milliy Turkiston”, “Milliy adabiyot” jurnallari hamda “Yangi Turkiston” gazetasini tashkil etadi. Urushdan keyin G‘arbiy Germaniyada yashagan siyosatchi umrining oxirigacha hurriyat g‘oyasi yo‘lida kurashadi.

 

Turkiston legioni xususida so‘z borganda, Boymirza Hayit (1917–2006) va Ro‘zi Nazar (1917–2015) nomlari ham zikr etiladi.

 

Toshkent davlat universitetining tarix fakultetini bitirgan Boymirza Hayit 1939-yilning dekabr oyida harbiy xizmatga chaqiriladi. Baranovo shahri yaqinida qisqa harb tahsilidan keyin 1940-yili tank qo‘shiniga yuboriladi. Urushning dastlabki oyidayoq nemislarga asir tushadi. 1942-yilda Turkiston legioni safiga qo‘shiladi. “Milliy Turkiston” jurnali, “Yangi Turkiston” gazetasida maqolalar chop etadi. 1944-yil aprelda Milliy Turkiston birligi qo‘mitasining harbiy ishlar bo‘limi mudiri etib tayinlanadi. 1945-yilning 5-may kuni amerikaliklar tarafidan asir olinadi. Tergov chog‘ida aybi tasdiqlanmay ozod etiladi. B.Hayit keyinroq Turkiston tarixi haqida talay kitob va maqolalar yozgan.

 

Ro‘zi Nazar ayrim nashrlarda Turkiston legionining faol a’zosi, rahbarlaridan biri deb ta’riflanadi. Ammo, bizningcha, u ko‘proq Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh Markaziy razvedka boshqarmasidagi faoliyati bilan tilga tushgan. Amerika kinoustalari suratga olgan “Argo” operatsiyasi” filmini tomosha qilganlar kartina 1979-yilgi Eron inqilobi to‘g‘risida ekanidan xabardor, ammo bosh qahramon prototipi Ro‘zi Nazar ekanini hamma ham bilmasa kerak. Bu endi alohida tarix...

 

 

Katta Turkiston orzusi

 

Alqissa, Mustafo Cho‘qay va Vali Qayumxon lagerlarga borib, turkistonlik mahbuslar bilan suhbat o‘tkazadi. Ularga Turkiston batalonini tuzib, ota-bobolardan meros hududlarni qaytarib olishdek xayrli ishga bosh qo‘shish taklif etiladi. Eng muhimi, harbiy tutqunlarga joni omonda bo‘lishi mujdasi beriladi.

 

Ish avji qizigan pallada, 1941-yil 27-dekabrda lagerma-lager yurib, kasallik yuqtirib olgan Mustafo Cho‘qay vafot etadi. Fashistlar bilan muloqotni davom ettirish, legion tuzish bilan bog‘liq barcha tashvishlar Vali Qayumxon zimmasiga tushadi. U endilikda Turkiston muhojiroti rahbariga ham aylanadi.

 

Nihoyat, 1942-yil boshida Vermaxt (Germaniya Qurolli kuchlari) rahbariyatining dastagi bilan Turkiston milliy legioni tuziladi. Vali Qayumxon rasman rahbar ekaniga qaramay, legionni nemislar idora etgan. Ayrim rota va vzvodlarga legionerlardan yetakchi tayinlansa-da, o‘rinbosar albatta nemis bo‘lgan.

 

Mart oyida 1000–1200 kishilik jangovar batalonlar tuzilib, zavod-fabrikalar va strategik inshootlarni qo‘riqlashga jalb etilgan. Legion jangchilari, shuningdek, Italiya, Yugoslaviya va Fransiyadagi partizanlik harakatlarida qatnashgan.

 

 

Hodisalarga bugungi kun nigohi bilan qaralsa, turkistonlik yigitlarning fashistlar bilan hamkorlik qilgani e’tiroz uyg‘otishi tabiiy. Ammo tarixiy davr va muhitni ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Bolsheviklarning istiqlolchilik (qizil mafkura da’vosicha, “bosmachilik”) harakatini ayovsiz bostirgani, 20-yillar oxirida boshlangan kollektivlashtirish balosi, millatning asl ziyolilari qatag‘on qilingani, diniy va milliy kamsitishlar... bular Turkistonning yalangto‘sh o‘g‘lonlari qalbida chandiq qoldirmagan deb o‘ylaysizmi?! Bu borada salkam bir asr umr ko‘rgan sobiq asir Ro‘zi Nazarning “Turkiston ozodligi uchun biz – legionerlar hatto shayton bilan ham hamkorlik qilishga tayyor edik” degan obrazli gapini eslash o‘rinlidir. Jahon muhorabasi kechayotgan murakkab davrda mintaqaga hurlik berish, Germaniya protektorati – himoyasi ostida Katta Turkiston davlatini tuzish g‘oyasi ushalmas orzu emas, balki muqarrar hodisa o‘laroq qabul qilingan bo‘lsa ajab emasdir. Xo‘sh, minglab yurtdoshlarimizning qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldirilganmidi? Yo Hitler hokimiyati chindan ham turkistonliklarga muruvvat ko‘rsatmoqchi bo‘lganmi? Insoniyat tarixiga eng yovuz to‘dalardan biri o‘laroq kirgan natsistlarning asl maqsad-muddaosi nima edi o‘zi? Bular – ehtiros-u hayajonni jilovlab, og‘ir-vazminlik bilan mushohada yuritmoqni talab etadigan savollardir...

 

Turkistonliklar bu ters jangga ruhan tayyor bo‘lganini ta’kidlamoq lozim. Yigitlarimiz front ortida, yordamchi bo‘linmalarda xizmat burchini o‘tagan. Arxiv hujjatlariga ko‘ra, ular artilleriya omborlarini qo‘riqlash, temiryo‘l qurilishi va ta’minoti, shuningdek, sapyorlik ishlarida faoliyat yuritgan. Urush davrida 202 ta yordamchi bo‘linma tashkil etilgan bo‘lsa, ularning 111 tasiga turkistonliklar qabul qilingan.

 

Harb-u zarbning samarasiz ekani ayon bo‘lib qolgach, oxirgi bir-bir yarim yil ichida legionerlarning fikr-qarashi o‘zgaradi va ular yoppasiga partizanlar tomoniga o‘ta boshlaydi. Mana, bir misol. Fashistlar asiri andijonlik G‘ulom Aliyev legionda xizmat qilgan. G‘alabaga to‘rt kun qolganda, ya’ni 5 may kuni sovet harbiylari tomonidan qo‘lga olinadi. Tergov jarayonida u quyidagilarni so‘zlab beradi: “1944-yil 25-dekabr Rojdestvo kuni do‘stim Isoqjon Narziqul bilan nemislarni uyimizga taklif qildik, ziyofat berdik, rosa araq ichkazdik. O‘zini bilmaydigan darajada mast bo‘lib qolgan nemislarni joyi rostoniga jo‘natdik. Isoqjon bilan turkistonliklarga nemislardan ortiq foyda yo‘qligini anglab, shu yo‘lni tanlagan edik. Keyin slovaklarga, polkovnik Bolshinskiy rahbarligidagi partizanlar otryadiga qo‘shilib, fashistlarga qarshi kurashdik”.

 

 

Mafkura jabhasida

 

Siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan har qanday tashkilot, tuzilma mafkura jabhasiga e’tibor qaratishi tabiiydir. 1942-yilning avgust oyida tashkil qilingan Milliy Turkiston birligi qo‘mitasiga Vali Qayumxon rahbarlik qilgan. Mazkur mafkuraviy tuzilma Turkiston legionining siyosatini belgilab bergan. Qo‘mitaning 15 ta bo‘limi bo‘lib, ularda mintaqamizning ziyolilari, olim va ijodkorlari faoliyat yuritgan. Masalan, 25–30 kishidan iborat Milliy tashviqot bo‘limi askarlar orasida siyosiy mavzularda suhbatlar o‘tkazgan. Salomatlik bo‘limi shifokorlari yarador askarlar dardiga malham bo‘lgan. Ijtimoiy bo‘lim zimmasiga nogironlar va adolatsizlik qurboni bo‘lganlarga yordam ko‘rsatish vazifasi yuklangan.

 

“Asirlikdagi yoshlar Yevropa, qolaversa, fashistlar ta’siriga tushib qolmasligi uchun o‘z mafkuramizni shakllantirishga majbur bo‘lganmiz”, degan edi Vali Qayumxon OAVga bergan intervyusida.

 

Qo‘mita ta’sischi bo‘lgan “Milliy Turkiston” jurnalining ilk soni o‘sha yil 15-avgustda dunyo yuzini ko‘radi. Kelasi yildan “Yangi Turkiston” haftanomasi chiqa boshlaydi. Urush oxirigacha gazeta adadi 15 mingdan 80 mingga yetadi. 1945-yil aprelda so‘nggi soni bosiladi.

 

O‘sha kezlar tuzilgan Turkiston milliy yozuvchilar birligi tegrasida tutqunlikdagi shoir-yozuvchilar jamlanadi. Hurriyat, milliyat mavzularida asarlar chop ettiriladi. Chunonchi, 1944-yilda Abdurauf Fitratning besh pardali “Hind ixtilolchilari” pyesasi lotin alifbosida bosiladi. Unga so‘zboshi yozgan Ahmadjon Umarxon o‘g‘li Turkiston xalqlari ko‘p yillar rus imperializmi zulmi ostida ezilgani, hurriyat yo‘lida tarixiy kurash olib borilganini bayon qiladi.

 

Urush davrida “Manas” dostonining bir qismi, Abay va Maxtumquli she’riy to‘plamlari nashr etiladi. 30-yillarda qatag‘onga uchragan turkistonlik shoir va yozuvchilar asarlari ham Berlinda dunyo yuzini ko‘radi.

 

1944-yil iyun oyida Vena shahrida Turkiston milliy birligi qo‘mitasining 70 kishidan iborat parlamenti tuziladi. Tashkiliy yig‘ilishda mingdan ziyod kishi qatnashadi. Turli millatlar vakillaridan iborat parlament xorijda milliy hukumat o‘laroq qabul qilinadi.

 

Xorijiy legionga Turkiston nisbasi berilgani bejiz emas. Zotan, u kezlarda Markaziy Osiyo xalqlari hali to‘la-to‘kis millatlarga ajratilmas, barcha o‘zini turkistonlik hisoblar va bundan g‘urur tuyar edi. Legion bayrog‘i ham Turkiston muxtoriyatiga hamohang bo‘lgan. Legionchi zobit va askarlar o‘z harbiy formasiga ega edi. Kitelning o‘ng yengida “Turkiston. Biz Olloh bilan!” yoki “Turkiston. Tangri biz bilan!” yozuvi bitilgan. A’zolikka qabul qilish chog‘i nomzod qo‘lini Qur’oni karim va ikki qilich ustiga qo‘yib qasam ichgan.

 

Rejissyor Ravil Botirov suratga olgan “Yigirma oltinchisi otilmasin!” filmida (1966) legionga oid lavhalar, xususan, askarlar jamoa bo‘lib namoz o‘qigani aks etgan epizod bor. Dahriy tuzum senzurasidan bu lavha qanday omon o‘tgan – bizga qorong‘i. Ammo ushbu dalil legionchilarga namoz o‘qishga ruxsat berilgani, umuman, diniy erkinlikka rioya etilganini tasdiqlaydi.

 

Sobiq asir Husan Ikromning xotirlashicha, Turkiston milliy birlik qo‘mitasi Qur’oni karimni ixcham hajmda tayyorlatib, askarlarga tarqatgan. Hayit bayramlari keng nishonlangan, hatto Qurbon hayiti kuni qo‘y so‘yilib, ehson qilingan.

 

 

General Vlasovning taklifi

 

SSSRni yashin tezligida bosib olish ko‘zlangan “Barbarossa” rejasi barbod bo‘lgach, nemislar asirlar orasidan bolsheviklarga qarshi kurashni boshqarish uchun nomzod qidira boshlaydi, ta’bir joiz bo‘lsa, yana “sopini o‘zidan chiqarish” usuli qo‘llanadi.

 

Harbiy razvedka (Abver) xodimlari Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalinning 1941-yilda Belorussiyada asir olingan o‘g‘li Yakovga shunday taklif bilan murojaat qiladi. Dohiyning farzandi dushman bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadi.

 

1942-yilning iyulida fashistlar qurshoviga tushib qolgan sovet armiyasi generali Andrey Vlasov oxir-oqibat taslim bo‘ladi va bir oz muddatdan keyin Qizil armiyaga qarshi urushga rozilik beradi. Hitlerchilar dastlab sovet generalining qo‘shin tuzib kurash olib borishiga ishonmaydi. Lekin u millionga yaqin askar to‘plashga erishadi. Armiya shakllantirishga kirishgan A.Vlasov Turkiston legionini ham o‘z nazoratiga olish payiga tushadi. Legionchilar ko‘zlagan murod-maqsadlari mutlaqo boshqa ekani sabab vlasovchilarga qo‘shilish taklifini rad etadi.  Jumladan, Vali Qayumxon 1944-yilning oktabr oyida natsistlar rahbarlaridan biri Henrix Himmlerga maktubida “Vlasov ruslarning ozodlik harakati yetakchisi, u faqat rus xalqi nomidan ish ko‘ra oladi. Sovet Ittifoqi hududida yashab kelayotgan rus millatiga mansub bo‘lmagan xalqlar nomidan ish olib borolmaydi”, deya e’tirozini bayon qiladi.

 

Vlasov qo‘shini va Turkiston legioni faoliyati muqoyasa qilinsa, ikki o‘rtada yer bilan osmoncha farq bo‘lganini ko‘rish mumkin. Takror bo‘lsa-da ta’kidlash joizki, Turkiston ozodligini orzulagan legionchilar Hitler rejimi bilan muvaqqat hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, fashist mafkurasini qo‘llab-quvvatlamagan.

 

 

Alvido, Turkiston legioni!

 

1945-yilning fevralida AQSh, Buyuk Britaniya va SSSR yetakchilari bo‘lmish Franklin Ruzvelt, Uinston Cherchill va Iosif Stalin Yaltada uchrashadi. Dunyo tarixida muhim o‘rin tutgan mashvarat yakunidan ko‘pchilik voqif. Yalta anjumanida asirlarga oid yana bir qaror qabul qilinganki, u minglab turkistonliklar taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan.

 

Ittifoqchilar har bir mamlakat urushda asir tushgan o‘z vatandoshini qaytarib olishga haqli degan to‘xtamga keladi. Bu g‘arblik asirlar uchun quvonarli hol, biroq Germaniyaga asir tushgan sovet askarlari uchun vatanga qaytish o‘lim bilan barobar edi.

 

Oradan ko‘p o‘tmay, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya armiyalari o‘z ixtiyoridagi turkistonlik va boshqa millat tutqunlarini majburan SSSRga qaytara boshlaydi. Mahbuslar vagonlarda peshma-pesh Sovet Ittifoqiga jo‘natiladi.

 

Asirlar taqdiri haqida so‘z borar ekan, Sovet Ittifoqidagi shafqatsiz amaliyot xususida ham ikki og‘iz to‘xtalib o‘tish joiz. 1943-yil aprel oyida asirlarni tutish va jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida SMERSh (“Смерть шпионам” – “Josuslarga o‘lim”) aksilrazvedka bo‘linmalari tuziladi. Uch yil davomida vatan sotqinlari, xoinlar, harbiy qismni tashlab qochganlar ustidan ish olib boriladi. Shu tariqa qariyb 630 ming “jinoyatchi” aniqlanib, qamoqqa tashlanadi. Mahbuslarning bir qismi otib o‘ldirilgan, qolganlari Sibirga surgun qilingan. Dahshatli qiynoqlardan xabar topgan boshqa tutqunlar o‘z joniga qasd qilishni afzal ko‘rgan...

 

SMERSh bo‘linmalari yuz bir hiyla-nayrangdan foydalangan. Qabihliklar sovet filmlarida faxr bilan hikoya qilinadi. Deylik, asirlar “Ota-onangiz bag‘riga qaytasiz, farzandlaringiz bilan diydorlashasiz” qabilidagi yolg‘on va’da bilan kemaga chiqariladi. Unga sig‘maganlar afsus-nadomat chekib, do‘stlariga qo‘l siltab qoladi. Kema ko‘zdan g‘oyib bo‘lar-bo‘lmas portlatib yuboriladi...

 

Sovetlarning zulmkorligidan voqif bo‘lgan ittifoqchi davlatlar 1945-yil noyabr oyida asirlarni qaytarmaslik tashabbusi bilan chiqadi, ammo endi kech edi. Sobiq legionchi Ergash Shermat Buloqboshi (1910–1995) Turkiya matbuotiga bergan intervyusida turkistonlik asirlarning boshiga nechog‘li og‘ir kulfatlar tushgani haqida gapirib bergan.

 

O‘shanda turkistonliklar oldida sho‘ro qo‘liga tushmaslik uchun ikki yo‘l bor edi – yo yashirinish, yoki Qochqinlar bo‘yicha boshqarma lagerlariga borib joylashish. Afsuski, urinishlar zoye ketadi. Yalta konferensiyasi qaroriga asosan asirlarning so‘rovi rad etiladi. Qizil yarim oy jamiyati ham ko‘mak bera olmaydi.

 

Alqissa, 70 ming turkistonlik sovetlarga taslim etiladi. Minglab turkistonlik Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida yashab qoladi, bir qismi Turkiyaga, keyinchalik Amerikaga yo‘l oladi. Minglarcha ota-onalar farzandidan ayriladi, ayollar tul, farzandlar yetim qoladi.

 

Arxivlarda Turkiston legionidan qochib, vatanga qaytganlar haqida ham ma’lumotlar mavjud. Boya eslatganimizdek, ularning ba’zilari majburlab yurtga olib kelingan, ba’zilari o‘z ixtiyori bilan kindik qoni tomgan joyga qaytgan. Aksarining asir tushgani isbotlanmagan, ammo oradan yillar o‘tib, ayrimlari boshiga g‘avg‘olar yog‘ilgan. O‘zaro kelishmovchilik bois, “Falonchi sotqin bo‘lgan, urushda dushman tomonga o‘tib, sovet davlatiga qarshi jang qilgan”, deya chaquv xati yozib berilgan. Qarabsizki, ular ustidan tergov olib borilib, uzoq muddatga qamalgan yoki surgun qilingan.

 

1956-yil 17-sentabrda SSSR Oliy Soveti prezidiumining “1941–1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushi davrida okkupantlar bilan hamkorlik qilgan sovet fuqarolarini amnistiya qilish to‘g‘risida”gi farmoni chiqadi. Unga muvofiq, sovet armiyasi va flotining Jinoyat kodeksining 193-(jang maydonidan qochish va asirga tushish) va 58-1 “b” (Vatanga xiyonat, dushman tarafga o‘tib ketish) moddalari bilan sudlangan barcha harbiy xizmatchilar afv qilinadigan bo‘ldi...

 

 

So‘nggi legionchi

 

1945-1946-yillari Nyurnberg shahrida natsistlar Germaniyasining rahbarlari ustidan ochilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Ilgari fashistlar partiyasining syezdlari mazkur shaharda o‘tkazilgan. Ular ustidan hukm o‘qigan mahkama ham atayin Nyurnbergda tashkil qilingan.

  

Sud olmon, rus, fransuz va ingliz tillarida olib boriladi. AQSh taklifiga binoan unda ilk bor sinxron tarjima usuli qo‘llanadi. Mahkama yakunida 24 kishi o‘lim, 118 kishi qamoq jazosiga hukm qilinadi, 35 nafar ayblanuvchi oqlanadi. Oqlanganlar orasida Vali Qayumxon ham bor edi. U ikki yillik umrini qamoqda o‘tkazadi. Pirovardida Turkiston legioni na sovetlarga, na nemislarga qarshi qurolli kurash olib borgani isbotlanadi...

 

So‘nggi yillarda Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonliklarning ishtiroki borasida yangi raqamlar e’lon qilindi. 6 mln 551 ming aholining 1 mln 951 mingi urushda qatnashgan. Bu har uch vatandoshimizdan biri qo‘liga qurol olgan deganidir!  Jang maydonlarida 538 ming o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. Urushda dom-daraksiz yo‘qolganlar soni aniq emas edi; yangi ma’lumotlarda ilk bora dom-daraksiz yo‘qolgan 158 ming kishi nomi zikr etiladi. Ular orasida legionchilar ham bo‘lgani shubhasiz.

 

Urush tugab, zamon tinchigach, Turkiston legionining sobiq a’zolari Turkiya va Amerikada yashab qolgan. Salkam bir asr umr ko‘rgan so‘nggi legionchi Majidbey bultur aprel oyida Amerikada vafot etdi...

 

Abror G‘ULOMOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16823
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi