Jamiyat
16-mart kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutida “Milliy qadriyatlar va maʼnaviy merosning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.
Institut tomonidan milliy davlatchiligimiz, milliy maʼnaviy rivojlanishimiz tarixi, buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi, sivilizatsiyalar toʻqnashuvi, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalish jarayonlari, rivojlanish tendensiyalari va madaniyatlar transformatsiyasi, xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, anʼanalarini ilmiy oʻrganish va targʻib etishga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston – xalqparvar davlat” shiori ostida “Milliy qadriyatlar va maʼnaviy merosning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Konferensiya avvalida soʻzga chiqqan Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Furqat Joʻraqulov yangi avlodda moddiy va maʼnaviy merosimizga bepisandlik, urf-odatlarimiz, anʼana va qadriyatlarimizni eskilik namunasi sifatida talqin qilishi, yengil-yelpi hayot tarzini targʻib qilayotgan xorijiy axborot manbalari taʼsiriga tushib qolish holatlari tobora ustuvorlik kasb etayotgan bir davrda ming yillardan buyon xalqimiz genofondida mustahkam oʻrnashgan qadriyatlarimizni targʻib qilishda zamonaviy targʻibot texnologiyalaridan foydalanish zarurati kuchayib borayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirga moderatorlik qilgan Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori Olimjon Davlatov mamlakatimizda milliy qadriyatlar va maʼnaviy merosni jamiyatning taraqqiyotga erishishida muhim omil ekanini, bu mavzuda qilingan tadqiqotlarning amaliyotga tatbiq etilishi anjumanning asosiy yutugʻi boʻlishini aytdi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman milliy qadriyatlar tarixi, mutafakkir ajdodlarimizning ijtimoiy-siyosiy qarashlari, milliy qadriyatlar va maʼnaviy merosni targʻib etishda zamonaviy targʻibot texnologiyalari, ommaviy axborot vositalarida milliy qadriyatlarni yoritish masalalari, maʼnaviy meros va qadriyatlarni targʻib etish metodikasi kabi ilmiy muammolar tahliliga bagʻishlandi.
Konferensiyada qadriyat tushunchasining ilmiy-falsafiy talqini, tarixiy negizlari, bugungi kundagi ahamiyati milliy va maʼnaviy muhit bilan bogʻlangan tarzda muhokama etildi. Konferensiya shoʻbalari Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan aloqador holda tanlangan.
Anjumanda soʻzga chiqqan maʼruzachilar tomonidan qoʻyilgan muammolar va taklif etilgan yechimlar, targʻibotning yangi texnologiyalari boʻyicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uygʻunlashtirish boʻyicha takliflar mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan.
Ushbu ilmiy-amaliy anjumanda yosh tadqiqotchilarga ham keng minbar berildi. Yosh olimlar ijtimoiy tarmoqlar taʼsirida yoshlarga milliy qadriyatlarni singdirish, globallashuv sharoitida virtual tahdidlarga qarshi kurash davr talabi, ijtimoiy-siyosiy taʼlimotlarning rivojlanish bosqichi, milliy qadriyatlarni targʻib etishda raqamli targʻibotni kuchaytirish kabi masalalar boʻyicha maʼruzalari bilan qatnashishdi. Konferensiya ishida professor-oʻqituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q