O‘zbekiston texnologik metallar kombinati olimlar va tadqiqotchilarni moddiy rag‘batlantirish dasturini yo‘lga qo‘ydi. Endilikda yuqori impakt-faktorga ega jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalar O‘zTMK tomonidan maxsus moliyaviy rag‘bat bilan taqdirlanadi.
Buning uchun sizning ilmiy maqolalaringiz xalqaro miqyosda nufuzli va impakt-faktorga ega bo‘lgan jurnallarda chop etilishi talab etiladi. Nashr qilinadigan jurnallar SCI (Science Citation Index) va SCIE (Science Citation Index Expanded) indekslariga kiritilgan bo‘lishi shart. Har bir maqola O‘zTMK ilmiy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli yo‘nalishga muvofiqligi aniqlanadi. Shuningdek, mualliflardan kombinatga a’zo bo‘lish ham talab etiladi.
O‘zTMK tomonidan rag‘batlantirish miqdori maqola nashr qilingan jurnalning impakt-faktori va kvartaliga qarab belgilanadi. Quyidagi toifalar asosida mukofot puli ajratiladi:
A toifasi – Eng yuqori nashrlar:
• Nature yoki Science jurnallarida chop etilgan maqolalar uchun bazaviy hisoblash miqdori 860 baravari;
• Agar asosiy muallif kombinat nomidan bo‘lsa, 1720 baravar mukofot.
B toifasi – Yuqori impakt-faktorli jurnallar:
• Impakt-faktori 10 va undan yuqori (Q1): bazaviy hisoblash miqdori 515 baravari;
• Impakt-faktori 5-10 (Q1-Q2): bazaviy hisoblash miqdori 140 baravari;
• Impakt-faktori 2-5 (Q2-Q3): bazaviy hisoblash miqdori 35 baravari;
• Impakt-faktori 1-2 (Q3-Q4): bazaviy hisoblash miqdori 18 baravari;
• Impakt-faktori 1 dan past (Q4): bazaviy hisoblash miqdori 12 baravari.
C toifasi – SCIE indeksiga kirgan boshqa maqolalar uchun bazaviy hisoblash miqdori 4 baravari.
Ilmiy maqolalar quyidagi yo‘nalishlarda chop etilishi tavsiya etiladi:
• Noyob va kamyob metallarni qazib olish va qayta ishlash texnologiyalari;
• Yashil energetika uchun materiallar va metallar;
• Nanotexnologiyalar va ularning metallurgiyada qo‘llanilishi;
• Ekologik toza ishlab chiqarish va chiqindisiz texnologiyalar;
• Metall qotishmalari va kompozit materiallarning yangi xususiyatlari;
• Metallurgiya jarayonlarida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni qo‘llash;
• Qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun materiallar ishlab chiqarish.
Agar siz ilg‘or ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz va ilm-fan rivojiga o‘z hissangizni qo‘shishni istasangiz, bu imkoniyat aynan siz uchun.
Qo‘shimcha savol va murojaatlar uchun: info@uztmk.uz; +998(70)202-10-10
//
Izoh yo‘q