Oqtoʻbeda halok boʻlganlar mamlakatga olib kelindi

Saqlash
09:04 / 05.04.2024 1725 0

Qozogʻiston Respublikasi Aktobe oblasti Algin rayoni hududida roʻy bergan yoʻl-transport hodisasi oqibatida vafot etgan Oʻzbekiston fuqarolari Vataniga qaytarildi, deb xabar berdi FVV.

 

 

Maʼlum boʻlishicha, kecha, 4-aprel kuni kechqurun Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya Qozogʻiston Respublikasi Oqtoʻbe oblastiga borgan va qoʻshni davlat masʼul idoralari rahbarlari bilan uchrashib, belgilangan tashkiliy-amaliy tadbirlarni hamkorlikda bajargan.

 

 

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining maxsus bortida yoʻl-transport hodisasi oqibatida vafot etgan fuqarolar Qozogʻiston Respublikasidan 5-aprel kuni, soat 03:00 larda Surxondaryo viloyatidagi Termiz xalqaro aeroportiga olib kelingan.

 

“Qozogʻiston Respublikasi masʼul idoralari yuzaga kelgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarni Oʻzbekistonga olib kelinishida yaqindan koʻmaklashdi”, deyiladi xabarda.

 

Xabarga koʻra, 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborilgan. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

 

Qozogʻiston Respublikasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi munosabati bilan hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Tokayev qurbonlarning oila aʼzolariga samimiy hamdardlik soʻzlarini yetkazishni ham soʻragan.

 

Oldinroq Oqtoʻbeda vafot etganlar Prezident topshirigʻiga binoan maxsus bortda olib kelinishi haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish