Bahodurlik ulushi, xos gvardiyachi – Turkistonning harb tarixidagi unvonlar qanday bo'lgan?


Saqlash
18:03 / 05.03.2024 555 0

 

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da shunday yozadi: “Ul kuni yigitlar sho‘xluq qilib, yetgan bila-o‘q qo‘rg‘onining toshida yangi tom qo‘porib, soladurg‘on qo‘rg‘onni oldilar. Sayid Qosim eshik-oqa bu kun borchadin yaxshiroq yurub, o‘zub qilich tegurdi. Sulton Ahmad Tanbal ham qilich tegurdi. Muhammad Do‘st tag‘oyi ham qilich tegurdi, vale bahodur ulushini Sayid Qosim oldi. Bahodurluq ulushi mo‘g‘ulda qadimiy rasmdur. Har to‘y va osh bo‘lg‘onda har kimki eldin o‘zub qilich tegurgon bo‘lsa, ul ulushni ul olur. Shohruhiyada borib tag‘oyim Sulton Mahmudxonni ko‘rgonda bahodurluq ulushini Sayid Qosim oldi[Boburnoma 1960: 88; Baburnâme 1970: 47]. Bundan ko‘rinadiki, Toshkent vohasida tog‘alari oldida yurgan kezlarda mo‘g‘ullarning urf-odatlaridan biri – “bahodirlik ulushi” marosimiga duch kelgan bo‘lib, ilgari bunday odatga ko‘zi tushmagan, yo bo‘lmasa temuriylarga xos bo‘lmagan bu odat bilan ilk bor tanishgan Bobur uni o‘z asarida keltirib o‘tishga qaror qilgan.

 

Xo‘sh, “mo‘g‘ulda qadimiy rasm” bo‘lgan “bahodur ulushi”, “bahodurluq ulushi” nima edi? Bu to‘g‘rida to‘liqroq tanishib chiqishdan oldin o‘tmishimizning ayrim tomonlariga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

 

Turkiy el-uluslarning dovyurakligi va epchilligi ko‘plab xalqlarning yozma manbalarida keltirilgan. Jumladan, xitoy, yunon, fors, hind, arman va arab mualliflari ularning janglarda qo‘lga kiritgan yutuqlari, harbiy intizomi, boshqaruvda abjirligi kabilarga ayricha urg‘u berishgan. Turklarning o‘zi esa, O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida tilga olinganidek, turli el-yurtlarga qilgan yurishlarini alplik, dovyuraklik – er yigitning bosh ulgisi deb bilishgan. Turkiylar buni Alp Er To‘nga – Afrosiyob, “O‘g‘uznoma”, “Manas”, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi qahramonlik “yirlari” – dostonlar orqali kuylab ham el-ulusni botirlikka chorlaganlar. Qizig‘i shundaki, turkiy ellar o‘tmishida urushlar qanchalik ko‘p yuz bergan bo‘lmasin, bitiktoshlar tili bilan aytganda urushning “qayg‘u keltiruvchi” ekanini unutishmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, O‘rxun bitiktoshlarida qo‘shni ellarga, ayrim o‘rinlarda esa o‘z eldoshlariga qarshi qilingan harbiy yurishlar to‘g‘risida eslab o‘tilar ekan “ularning o‘zlari yanglishdi, o‘kinib qo‘shin tortdim” degan izohlar uchraydi [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 105, 109-110].

 

Milodgacha bo‘lgan davrda Oltoy tog‘i tegralaridagi xun qo‘shinlarining Xitoy va qo‘shni ellarga qarshi ko‘rsatgan dovyurakligi xitoy yilnomachilarini qanchalik tong qoldirgan bo‘lsa, Turk xoqonligi (522–744) va uning izdoshlarining davlat boshqaruvi, turkiylarning urushda o‘zlarini qanday tutishlari to‘g‘risida yunon, arman, fors va boshqa tillardagi yozma manbalarda birlamchi ma’lumotlar saqlanib qolgan. “Bey-shi” (Shimoliy sulolalar kechmishi), “Suy-shu” (Suy sulolasi kechmishi) va “Tan-shu” (Tan sulolasi kechmishi) kabi ilk o‘rta asrlarga tegishli xitoy yilnomalarida urushlarda old safda yo‘lboshchilik qilib, yog‘iylarga eng ko‘p qo‘rquv solgan kishilarni Turk xoqonligi o‘z tillarida “moxedu” (bahodur) deb ataganliklariga urg‘u berilgan. Xoqonlar ichida eng yuksak unvonga ega bo‘lish “Moxedu-kexan” (Bahodur-xoqon)lik ekani aytib o‘tiladi [Bichurin 1950]. Bu unvon ilk bor miloddan oldingi 234–174-yillarda boshqaruvda bo‘lgan xunlar yetakchisi Maodun – Bahodurga nisbatan qo‘llangani yozma manbalarda uchraydi. U Xun eliga yog‘iy bo‘lgan o‘nlab qo‘shni humdorlarni yenggan, bir bo‘lak yer so‘ragani uchun Dunxu (tungus)larga qarshi kurashib, yurtni asrab qolgan alp – botir o‘laroq esga olinadi [Bichurin 1950, I].

 

Bundan ko‘rinadiki, miloddan oldingi yuzyilliklardayoq turkiy va mo‘g‘ullarning ota-bobolari bo‘lmish xunlarda “bahodur” so‘zi alplikning bosh ulgilaridan biri bo‘lgan. “Bahodur” atamasi yuksak unvonlardan biri sifatida turkiy ellardan boshqa, Baykalbo‘yi tomondan qo‘shnilari – mo‘g‘ul tilli “shivey” elatlari orasida ham tarqalgan edi. Buni “Tan-shu” yilnomasining quyidagi bitiklari ko‘rsatib turibdi:

 

“(Shivey) elatlari boshqaruvida yagona boshqaruvchi yo‘q‚ biroq mo­xe­du (bahodur) deb ataluvchi yirik urug‘ boshliqlari bor. Ular o‘z ko‘chmanchilarini boshqarishsa-da, tukyue (Turk xoqonligi)ga bo‘ysunadilar” [Taskin 1984: 136, 140, 143].

 

Demak, miloddan oldingi so‘nggi yuzyilliklarda muomala lug‘atiga kiritilgan mazkur atama oradan 500–600 yil o‘tgach ham Turon yaylovlarida ot choptirgan er yigitlarning, alplarning bosh ulgisi edi. Bundan ming yilcha oldin shiveylar va ularga yaqin qarindosh-urug‘ bo‘lgan “moxe” (mo‘g‘ul)lar Turonning eng chekka o‘lkalaridan biri – Baykalbo‘yidan yo‘lga chiqib, o‘nlab turk-mo‘g‘ul urug‘larini birlashtirar ekan,  bu yumushni bajarish Chingizxon va uning ota-bobolari chekiga tushadi. Chingizxonning otasi Yesugay Bahodur (1134–1171) dashtliklar – bo‘zqir ellari orasida dong‘i chiqqan yo‘lboshchilardan biri bo‘lib, o‘sha chog‘larda u qiyot – bo‘rjigin urug‘ini boshqarar edi.

 

Yesugay bahodurning o‘g‘illaridan biri – Chingizxon yurt so‘rab Yevrosiyo kengliklarini birin-ketin qo‘lga kiritgan kezlarda uning qo‘l ostidagi o‘nlab turk-mo‘g‘ul qo‘shinboshliqlari boshqalarga o‘rnak bo‘lish uchun “bahodur” unvoniga erishishga intilar edi. Shu yo‘sinda o‘nlab turk-mo‘g‘ul askarlari ega bo‘lgan alplik dovrug‘i ostida  “bahodurlik” ko‘plab el-uluslar orasida keng yoyila boshlaydi. Yuqorida to‘xtalganimizdek bungacha bu atama Oltoy tog‘lari, O‘rxun o‘lkasi va Baykalbo‘yida yashovchi turk-mo‘g‘ul ellari orasida keng qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, turkiy el-uluslarning kunbotardagi o‘lkalari – Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Amudaryo – Sirdaryo oralig‘i, Xuroson va Kichik Osiyodagi yetakchi kuchlar boshqaruvida unutilayozgan. Qoraxoniylar (940–1212), G‘aznaviylar (961–1186), Saljuqiylar (1038–1157), Xorazmshoh-Anushteginiylar (1071–1231) va boshqa turkiy sulolalar boshqaruvida mazkur unvonning uchramasligi bu qarashimizni kuchaytiradi. O‘sha kezlarda yaratilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” asarida shunga o‘xshash biror so‘z keltirilmaganidan, “bahodur” yoki “botir” atamalari turkiylarning kunbotar o‘lkalarda yashagan qondoshlari orasida birmuncha unutilgan edi, deb ayta olamiz.

 

Holbuki, Mahmud Koshg‘ariydan 300–400-yil ilgari bu atama “bag‘atur” ko‘rinishida eski turk bitiktoshlarida, “moxedu” (bahodur) ko‘rinishida esa xitoy yilnomalarida uchrab, Turk xoqonligi unvonlar tizimida yuqori o‘rinlardan birini egallagan edi. Enasoy bitiktoshlaridan birida “Bitgäçi esiz yavïz qul bitidim atïm bağatur çigşi (Men) bitikchi essiz yovuz qul (Tangrining yozuqliq bandasi) bitdim. Otim Bahodur-chigshi)” degan yozuvning uchrashi buni ko‘rsatib turibdi [Kыzlasov 1999: 103].

 

“Bag‘atur” yoki “Bahodur” atamasi G‘arbiy Turk xoqonligi (568–740) boshqaruvchilaridan bir qanchasining oti yoki unvoni o‘laroq xitoy yilnomalarida uchraydiki, ushbu unvon O‘rta Osiyoda Chingiziylardan 500 yilcha ilgari ham ancha keng tarqalganini qo‘llab-quvvatlaydi:

 

1) “Tan shu”da Chjen-guan chog‘ida (627–649) G‘arbiy turklardan Gan Moxedu (*To‘n Bahodur) Boxanna (Farg‘ona)ning Kibi degan boshqaruvchisini o‘ldirgani va vodiy G‘arbiy turklardan Ashena (Ashina) Shuni qo‘liga o‘tgani urg‘u beriladi [Bichurin 1950, II: 319];

 

2) G‘arbiy turk xoqoni Tun yabg‘u 630 yilda amakisi Moxedu (Bahodur) tomonidan o‘ldiriladi [Bichurin 1950, I: 284];

 

3) 640–750-yillarda Toshkent vohasini turk xoqonlari nomidan boshqargan Choch tudunlaridan biri Moxedu-tutun (Bahodur tudun – 740-y.y.) edi [Bichurin 1950, II: 313-314].

 

Turk xoqonligi davrida tuzilgan baqtriy tilli hujjatlarda magatoro bokoloho atamasi uchrab, izlanuvchilar uni eski turkcha “bag‘atur” so‘zining bir ko‘rinishi deb ochiqlagan [Sims-Williams 2011: 1526].

 

Sharqiy Yevropadan Uzoq Sharqqacha cho‘zilgan Chingiziylar boshqaruvida, ayniqsa, Oltin O‘rda va Chig‘atoy ulusi va ularning o‘nlab izdoshlari keng qo‘llagan “bahodur” so‘zi bugungi kunda turkiy va mo‘g‘ul ellarining bir qanchasida, shuningdek, turkiylarga qo‘shni slavyanlar, vengrlar, kavkazliklar, forsiylar va hindlarda uchraydi. Ko‘pchilik izlanuvchilar bu so‘zning kelib chiqishini turkiy til bilan bog‘lasa, ayrimlar uni hind-yevropa tillariga kiruvchi bir necha tillardan, aniqrog‘i, forsiy “bag‘a-pur ” – “Yaratganning o‘g‘li”, yo bo‘lmasa, “bag‘a-tur” – “Yaratuvchi + ho‘kiz” deb izohlashga urinadilar. Ba’zi tadqiqotchilar mazkur so‘zni ukrainchada “bagatir” – “boy” (badavlat) so‘zi bilan bog‘lasa-da, ko‘pchilik bunga ikkilamchi deb qaraydi: turkchada yirik amaldorlarga nisbatan qo‘llanilgan atama slavyanlar tomonidan o‘zlashtirilgach, “bogatiy” (boy) anglamida ham ishlatila boshlagan deydilar.

 

Turkiy til negizidan qarovchilar bu so‘zni “qahramon”, “jasur” ma’nosidagi “botir”, “botur” so‘zlari bilan bog‘laydilar. Bugungi kunda ayrim turkiy ellarda, ayniqsa, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va tatarlarda “bahodur” so‘zi deyarli uchramaydi, ko‘proq “botir” so‘zi keng tarqalgan. O‘zbek tilida ham “bahodir”, ham “botir” so‘zlari uchrab, birinchisi birmuncha eskirgani, ikkinchisi esa ko‘proq qo‘llanilayotgani ko‘zga tashlanadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida “botir – mo‘g‘ulcha baatar, qo‘rqmas, jasur, bahodir” deb keltirilib, uning mo‘g‘ulchadan o‘zlashgan so‘z ekani ko‘rsatilib, bahodir so‘ziga ham “mo‘g‘ulcha baatar – jasur, qo‘rqmas”, “hech narsadan hayiqmaydigan, dovyurak, botir” kabi izohlar berilgan  [O‘TIL 2006: 328-329]. Shuningdek, ushbu lug‘atda “bahodirlar – mo‘g‘ullar hukmronligi davrida xonning shaxsiy jangovar gvardiyasi bo‘lgani, urush kezlarida ular ilg‘or qism bilan harakat qilgani aytib o‘tiladi [O‘TIL 2006: 194-195]. Bunday yondashuv bu har ikkala so‘zning negizi eski turkcha ekani, ilk bor xunlar tomonidan bundan ikki ming yil burun ham qo‘llanilgani, xunlar esa turk va mo‘g‘ullarning ota-bobolari bo‘lgani, Turk xoqonligida faol ishlatilgan bu unvon Chingiziylar boshqaruvi orqali dunyo bo‘ylab keng yoyilganini ko‘pchilik yaxshi bilmasligini ko‘rsatadi.

 

Dunaybo‘yida ilk turkiy davlatni qurgan bulg‘orlarda “bag‘atur” ko‘rinishida uchragan va keyinchalik slavyan hamda kavkaz ellariga o‘zlashgan deb qaraladigan bu so‘z O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida “Bag‘atur” ko‘rinishida uchraydi. Shuningdek, eski turklarning to‘g‘ridan to‘g‘ri izdolshlaridan biri bo‘lgan oltoylik shor turklarida “pag‘attir” (qahramon) ma’nosida saqlanib qolgan. Demak, Chingiziylar “bahodur” deb ishlatgan bu so‘zning ilk ko‘rinishi “bag‘atur” bo‘lgan deya olamiz. Biroq na “bag‘atur”, na “botir” so‘zlari Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk”ida uchramasligi kishini birmuncha o‘ylantirib qo‘yadi. Boshqa tomondan esa “eski turklarga tegishli barcha so‘zlar “Devonu lug‘atit-turk”da uchrashi kerak edi, deb qaramaslik kerak. Chamasi, “botirmoq” fe’lidan yasalgan sifat deb izohlasa bo‘ladigan bu atamani O‘rta Osiyo va unga yaqin qo‘shni turkiylarda, ayniqsa, musulmon turk ellarida birmuncha unutilib, ko‘proq eski inonch tizimini saqlagan, kunchiqar o‘lkalarda yashaydigan turkiy va mo‘g‘ul el-uluslarda saqlanib qolgan edi deb xulosalasa bo‘ladi.

 

Mahmud Koshg‘ariy “batirmoq” (botirmoq) fe’lini keltirib o‘tgan bo‘lib [Koshg‘ariy 1963, II: 76, 339], “batur” va “bag‘atur” atamalarining kelib chiqishi ushbu fe’lga borib taqalgan deyish uchun ayrim omillarga tayanamiz. Birinchidan, bu so‘zga “botirmoq – yog‘iyni yengmoq” ma’nosidagi fe’l negizidan kelib chiqqan deb qarashga turtki beradigan quyidagicha asoslar bor: 1) eski turkchada turli ot va sifatlar “-ar, -ur, -ir” qo‘shimchalari yordamida yasalgan: “bulg‘ar” – “bulg‘amoq” (aralashtirmoq)dan bulg‘ar, “kezmoq” yo bo‘lmasa “qazmoq”dan “qazar” (xazar), “qapmaq” (egallamoq, qopmoq)dan “qabar”, “tatmaq”, “tatiqmaq” (o‘zgarmoq, yot, yot bo‘lmoq)dan “tatar” kabi etnik atamalarning yasalgani, shuningdek, “sanchmaq”dan “sanchar” (Sanjar) singari sifat+ot yasalganidek, “batmaq, batirmaq”dan “batur” (botir, jasur) degan sifat+ot yuzaga kelgan. Chamasi, “bag‘atur” (bahodur) esa “batur”ning keyinchalik o‘rtaga chiqqan ko‘rinishidir. Bilamizki, eski turkcha til qoidalariga ko‘ra unlilarda, ayniqsa, uzun unlilardan keyin “g‘” undoshini qo‘shib aytish hollari ham uchragan. O‘rnak keltiradigan bo‘lsak, “O‘g‘uznoma”ning eski turkcha – uyg‘urcha yozuvli nusxasida “qar” (qor) so‘zi “qag‘ar” yozilganidek [O‘g‘uznoma 2007: 9], “qag‘an” (xoqon) so‘zi “qan” (xon). Ushbu so‘zlarning o‘rtasida, unlidan keyin “g‘” undoshning qo‘shilib aytilishidan yasalgan degan qarashlar bor. Bundan kelib chiqadiki, “batur” so‘zini, birmuncha keyinroq, orada “g‘” undoshi qo‘shilishi uni “bag‘atur”ga aylantirgan, keyinroq esa undan “bahodur” so‘zi kelib chiqqan, chamasi.

 

“Bahodur” atamasi bilan bog‘liq an’anani Bobur “mo‘g‘ullar rasmi” deb keltirishini quyidagicha ochiqlasa bo‘ladi: 1) ko‘rinishidan temuriylar davrida, hech bo‘lmaganda Bobur boshqaruvda bo‘lgan kezlarda bu an’ana chig‘atoy turklari orasida unchalik keng tarqalmagan bo‘lib, u ko‘proq Toshkent va uning tegralarini boshqargan mo‘g‘ul xonlari qo‘shinida saqlanib qolgan edi; 2) Temuriylarda “bahodur”lar – xos gvardiyachilarga o‘xshash tizim bo‘lsa-da, u bilan bog‘liq “bahodur ulushi” yoxud “bahodurluq ulushi” degan tushuncha Bobur taxtga kelishidan oldin birmuncha unutilgandi.

 

Bu tizim aslida Amir Temur va uning izdoshlari tomonidan yaxshigina mustahkamlangan. O‘sha kezlarda yozilgan o‘nlab yozma manbalarda Amir Temurdan boshlab sulolaning devoni quyidagicha yumushchi – vazifadorlarni o‘z ichiga olar edi: 1) umaro – amirlar, 2) navisandagoni turk – turkiy tilli bitikchilar – kotiblar, 3) navisandagoni tojik – fors tilli bitikchilar, 4) tavochilar harbiy nozirlar, 5) muhrdorlar – muhr egalari, hujjatlarini rasmiylashtiruvchilar, 6) bahodurlar, 7) yasovullar – qo‘shin tashkiliy ishlari bilan shug‘ullanuvchilar, 8) yarg‘uchilar – tergov, mahkama (prokuratura) ishlariga qarovchilar va boshqalar [Yağlı 2014: 102106].

 

Yozma manbalarda keltirilishicha, Temuriylar chog‘ida “bahodur”lar “amir”lar bilan deyarli teng o‘rinda bo‘lgan. Bahodurlik ham amirlik singari merosiy bo‘lib, otadan o‘g‘ilga o‘tgan. Ko‘pincha amir va bahodur bir-birining o‘rnida qo‘llanilgan. Amir Temur o‘z boshqaruvini o‘rnatgan ilk yillardayoq yonidagi yaqin kishilarni bahodur va qo‘shin boshlig‘i o‘laroq tayinlagan. Temuriylar davriga tegishli “Muiz al-ansob” asarida Amir Temur tayinlangan ushbu mansab egalarining barchasi “bahodur” unvoni ostida tilga olinadi. Shu bilan birga, ayrim ma’lumotlarga tayanilsa, o‘sha kezlarda “amir” unvoni “bahodur”dan birmuncha yuqori o‘rinda turgani payqaladi [Yağlı 2014: 96].

 

Urush chog‘ida dovyuraklik ko‘rsatganlarni arboqlash – rag‘batlantirish eski turk an’analaridan biri bo‘lgan. Xitoycha “Tun-dyan” (Boshqaruv ishlarining yalpi hisoboti) va turkiy bitiklarda yozilishicha, turkiylarda el-yurt boshqaruvi va harbiy ishlarga tayinlanayotgan kishining erdami – fazilatiga, tug‘ma qobiliyatiga, tashqi ko‘rinishiga (sog‘lomligi, yurish-turishi, o‘zini tutishi)ga qaralgan [Zuev 2002: 280-281]. Ayniqsa, yilnomalarda turklarda boshqaruvga va qo‘shinga olinadigan kishilarning “qanday yeb-ichishi-yu, to‘la yoki oriqligi”ga sinchiklab qaralgani aytib o‘tiladi. 630-yillarda o‘lkamiz orqali Hindistonga borgan Syuan Szan G‘arbiy turk xoqoni Tun yabg‘u (618–630) bilan ko‘rishgani, va hukmdor xitoyliklarga yo‘l ko‘rsatib borish uchun yo‘llarni va turli tillarni biladigan askarni tanlab, unga “mode-dagan” (bahodur-tarxon) degan atoq (unvon) berganini tilga oladi [Ekrem 2003]. Bundan ko‘rinadiki, til bilish va yo‘l tanish o‘sha kezlarda yuksak fazilat deb baholangan.

 

Qisqasi, bu atama ming yillar davomida o‘zining harbiy ishda epchilligi bilan tanilgan turkiylardan mo‘g‘ullarga o‘zlashgan, yoki har ikkala qarindosh elning ota-bobolari – xunlar boshqaruvida qo‘llanila boshlab, xitoy yilnomalarida “mao-dun” (bahodur) ko‘rinishida tilga olingan bo‘lsa, Turk xoqonligi chog‘ida xoqonlar va yirik bek (amaldor)larning yuksak unvonlaridan biriga aylangan. Chingiziylar davrida yanada keng qamrov topib, faqatgina qo‘shin boshliqlarining unvonigina bo‘lib qolmasdan, urush chog‘ida yog‘iyga birinchi bo‘lib tashlanib, yengib chiqqan jangchilarning ham maqomi bo‘lgan.

 

Demak, Bobur “bahodur ulushi”, “bahodurluq ulushi” deb yozar ekan, urush chog‘ida botirlik ko‘rsatgan kishilar xon tomonidan ayricha ardoqlanib, “bahodur” unvoni tortiq qilinganiga, shu bilan birga, xonlar elga to‘y qilib berayotganda, osh tortilgan chog‘larda ham turli tadbirlar o‘tkazilib, poygada kimki barchani quvib o‘tib, belgilangan nishonga qilich tekizsa, unga ushbu ulush berilganiga urg‘u bergani anglashiladi. Bu esa turkiylar va mo‘g‘ullarning birgina urush kezlarida emas, tinchlik chog‘ida ham o‘z harbiy epchilliklarini yo‘qotmaslikka intilganliklarini ko‘rsatadi.

 

G‘aybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar

Бичурин Н. Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. – М. Л., 1950.

Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Nashrga tayyorlovchilar: P.Shamsiyev, S.Mirzayev. – Toshkent: O‘zSSR FA nashriyoti, 1960.

Зуев Ю.А. Ранние тюрки: очерки истории и идеологии. Алматы, 2002.

Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху / Введение, перевод и комментарии В. С. Таскина. – М.: Наука, 1984.

Кызласов И.Л. Материалы к ранней истории тюрков. IV. Образованность в эпоху рунического письма // Российская археология. №4. – М., 1999.

O‘zbek tilining izohli lug‘ati. B harfi. A.Madvaliyev tahriri ostida. – Toshkent, 2006.

O‘g‘uznoma. Nashrga tayyorlovchi B.Isabek. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2007.

Baburnâme – Babur’un hâtirati. Türkçeye çeviren R.R. Arat. – İstanbul: Milli Eğitim Bakanlığı, 1970.

Ekrem E. Hsüan-Tsang Seyahetnamesi’ne göre Türkistan. Basılmamış doktora tezi. Hacettepe Üniversitesi, Sosyal Bilimler Enstitüsü. Ankara, 2003.

Sims-Williams N. Turks and other peoples in the Bactrian documents // Ötüken’den İstanbul’a Türkçenin 1290 Yılı (7202010) 35 Aralık 2010, İstanbul, Bildiriler / From Ötüken to Istanbul, 1290 Years of Turkish (720-2010) 3rd-5th December 2010, İstanbul, Papers. Yayıma Hazırlayanlar / Edited by Mehmet Ölmez, Erhan Aydın, Peter Zieme, Mustafa S. Kaçalin, İstanbul 2011. – P. 1526.

Yağlı A.R. Timurlu Devleti’nde Vezîrler Ve Vezîrlik Kurumu. Doktora Tezi. Ankara, 2014.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

10:05 / 07.05.2024 0 6
“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar

Mafkura

10:05 / 07.05.2024 0 8
Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19349
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16461
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi