“Tarixni begonalar yozmasligi kerak” – milliy qo‘shin orzumandi Hoji Muin Mehriy


Saqlash
15:05 / 06.05.2024 530 0

Jadid taraqqiyparvari shoir Hoji Muin Shukrulla o‘g‘li 1883-yilning 19-mart kuni Samarqand shahrining Ruhobod mavzeida dunyoga kelgan. Otasi Shukrullo savdogar bo‘lib, 32 yoshida vafot etadi. O‘n ikki yoshida ham ota, ham onasidan ayrilgan Hoji Muin Ruhobod guzarining masjid imomi – bobosi Mirsaid Muhammadsharif qo‘lida tarbiyat topadi. Avval eski maktabda, so‘ng madrasada ta’lim olgan Hoji Muin o‘z davrining taniqli mudarrisi va shoiri Sayidahmad Vasliydan arab tili qoidalari bilan birga mumtoz she’riyatga muhabbatni ham yuqtirdi. U 1901-yil haj safaridan qaytgach, o‘qituvchilik faoliyatini boshlaydi. 1903-yil Abduqodir Shakuriylar ta’sirida Xo‘ja Nisbatdor mahallasida o‘zining “usuli jadid” maktabini ochadi. 

 

Xuddi shu yili ustozi Vasliyning uyida Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan tanishuvi uning hayotida yangi davrni boshlab berdi. Ayniqsa, Behbudiyning “Muxtasari jug‘rofiyai umumiy” nomli asari Hoji Muinda juda katta taassurot qoldiradi. 1908-yil ilg‘or jadid muallimi sifatida “Rahnamoi savod” alifbo darsligini yozdi. 1914-yil o‘z uyida “Tarbiyat” nomli xususiy “usuli jadid” maktabini ochadi. Hoji Muin 1908-yili fors tilida “Rahnamoi savod”, Ismatulla Rahmatullazoda bilan hamkorlikda o‘zbek tilida “O‘qituvchi” nomli alifbo kitoblarini bitadi.

 

Hoji Muin.

 

Hoji Muin 1900-yillardan “Nahif” (Ojiz), “Mehriy” taxalluslari bilan an’anaviy mavzularda she’rlar yozgan bo‘lsa, 1908-yildan ustozi Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’sirida ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlar va publitsistik maqolalar yoza boshlagan. Hoji Muin mashhur ma’rifatparvar A.Shakuriyning iltimosi bilan bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha she’rlarni turkiydan forsiyga tarjima qiladi. Keyinchalik M.Behbudiy ko‘magida ularni “Guldastai adabiyot” nomi bilan to‘plam holida chop ettiradi va to‘plamga o‘zining “Xitob va go‘daki beilm”, “Nasihat”, “Muxammas”, “Ittifoq”, “Shikoyat”, “E’tirof” kabi she’rlarini ham kiritadi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush”ini matbuotda olqishlab chiqqan Hoji Muin tez orada o‘zi ham sahna asarlari yoza boshlaydi. Dramaturgning “Eski maktab, yangi maktab” pyesasida eski usul maktabi bilan yangi usul maktabi o‘quv tizimidagi farq tasvirlanib, “usuli jadid” maktabi olqishlansa, “To‘y”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotin” kabi sahna asarlarida xalq orasida urfga kirib qolgan yomon odatlar qoralanadi. Bulardan tashqari, “Maorif qurbonlari”, “Juvonbozlik qurbonlari”, “Boy ila xizmatkor”, “Qozi ila muallim” kabi pyesalari ham sahnalashtirilgan.

 

1913-yili Behbudiyning “Samarqand” gazetasida va “Oyina” jurnalida ishlay boshlaydi. Ijodkor va tashkilotchi sifatida Behbudiyning rag‘bat hamda hurmatini qozonadi. 1914-yili Behbudiy “Oyina” ishlari bilan ikki oylik safarga chiqqanida jurnalning mas’ul mudirligiga Saidrizo Alizodani, muvaqqat muharrirlikga esa Hoji Muinni tavsiya etib, hukumat ruxsatini olgan edi. Hoji Muin millatni uyg‘otish uchun uning haqqoniy tarixini yaratish zarur deb hisoblaydi. Xususan, 1915-yilda “Oyina” jurnalida chop etilgan “Milliy tarix haqinda” sarlavhali maqolasida tarix yozishni begonalarga emas, “turkistoniylar”ning o‘zlariga havola qiladi. Buning uchun jiddiy g‘ayrat va shijoat lozimligini, barcha ziyolilar bu ishga astoydil kirishsalar, biror natijaga erishish mumkinligini ta’kidlaydi. Amaliy tashabbus bilan chiqqan publitsist xalq qalbida iftixor va g‘urur hissini uyg‘otadigan, yuksalishga chorlaydigan tarix kitobining yaratilishini orzu qiladi.

 

Hoji Muin Shukrulla o‘g‘li 1916-yil 2-noyabrda samarqandlik safdoshlari Abduqodir Shakuriy va shoir Faxriddin Rojiylar bilan mardikorlikka olinib, Minsk gubernyasining Novoborisov shahri yaqinidagi o‘rmonlarda daraxt kesish, xandaq qazish ishlari bilan shug‘ullanadi. 1917-yilning mayida, Fevral o‘zgarishidan so‘ng, ona yurtiga qaytadi va matbuot ishlariga sho‘ng‘ib ketadi. Avval Fitratning “Hurriyat” gazetasida ishlaydi, so‘ng 1918-yilning 11-iyunidan “Mehnatkashlar tovushi” gazetasini yo‘lga qo‘yadi. Turkiston kelajagi uchun Farg‘ona vodiysida hayot-mamot janglari boshlangan bir vaqtda gazetaning 1918-yil 2-avgust sonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning mashhur “G‘alla, askarlik, yer va tazminoti harbiya” maqolasi, “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1918-yil 13-avgust sonida esa Hoji Muinning “Bizga nima kerak?” maqolalari chop qilindi. Mazkur ikki maqolada nafaqat mualliflarning, balki butun Turkiston jadid taraqqiyparvarlarining askarlik, milliy qo‘shin tuzish bo‘yicha qarashlari ilgari surilgan deyishimiz mumkin. Jumladan Hoji Muin: “Hozirgi vazifamizg‘a qarag‘anda bizga eng avval, askar kerakdir. Chunki hozirgi doxiliy urush va inqilob, xorijiy dushmanlarning tajovuzidan ortiq bizga qarshi xatarli bir holg‘a aylanmaqdadurki, bu urushdan vatan va hurriyatni qutqarib olmoq uchun askariy zo‘r bir quvvatg‘a molik bo‘lmog‘imiz mutlaqo lozimdir”, deydi. Shu o‘rinda, Hoji Muin askarlik masalasi negizida xalqqa ozodlikka chiqishni targ‘ib qilgan, birlashishga chorlab: “Dunyoda zolim ostinda nomussiz yashamakdan huquq va hurriyat yo‘linda nomus bilan o‘lmak ming marta yaxshiroqdir. Ey Turkiston xalqi! Oyoqg‘a tur! Dushmanlaringni bos! Yurtingni saqla! Ey turkistonli turk o‘g‘li! Yarog‘ingni ol! Yovingni ot! Hurriyatingni saqla!” deb bong uradi. Keyingi maqolasida esa: “Askarsiz millat jonsiz gavda hukmidadir. O‘zining yerlik xalqidan askari bo‘lmagan bir yurt qo‘riqchisiz bir istehkom kabidir. Askarlik bir millatning hayot-mamot masalasini hal qilish uchun zo‘r ro‘llar o‘ynaydurg‘on bir kuchdir. Har bir yengish va yengilishning boisi askardir”, deb uqtirgan.

 

Hoji Muin “Zarafshon” gazetasining 1923-yil 21-iyun sonida bosilgan “Askarlik to‘g‘risida” maqolasida yuqoridagi fikrlarini rivojlantirib, askarlikning qudrat belgisi ekanligini tarixiy dalillar bilan asoslar ekan: “Nikolayni taxtdan tushirgan – askar, sho‘rolar hukumatini bu kungacha muhofaza qilib kelgan ham askar bo‘ladi. Turkiston turklari ham bir vaqt urushqoqliqda mumtoz va mashhur edilar. Faqat bu so‘ngg‘i asrlarda o‘zlarining askariy kuchlarini Ovrupa jahongirlariga qarshi tashlamay, o‘zaro urushg‘a sarf etdilar. Oxiri, ularning yurtimizni istilo qilishlarig‘a sabab bo‘ldilar. Shuning uchun bundagi xalqda bora-bora askarlik ruhi so‘nib ketdi”, deydi. 1918-yili boshlangan harbiy xizmatga olish ishlari to‘g‘ri tashkil qilinmay, yoshlarning majburiy ravishda askarlikka olinishi xalqning noroziligiga sabab bo‘lganini, askarlarning armiyadan ommaviy qochib ketishi holatlari yuzaga kelganini Muin “Xalqning ahvoli ruhiyasi bilan hisoblashmaganimiz uchun bu to‘g‘rida zo‘r xato qildik. O‘shal vaqtda faqat ixtiyoriy suratda askar olg‘onimizda, hozirgacha o‘n minglarcha muntazam askarga ega bulur edik”, deya ochiqladi.

 

 

Hoji Muin 1923-yilda hukumatda yana askarlikka olish masalasi kun tartibiga qo‘yilganini aytib, ilgarigi xatolarni takrorlamaslikka chaqirar ekan: “Ana  bukun yana yerlik xalqdan askar olish masalasi qo‘zg‘atilub turadir. O‘rtoq Troskiy ham o‘zining maktubida “yerlilardan sekin-sekin askar olish kerak” mazmunida bir-ikki so‘z yozib o‘tadir. Shundan ham ma’lum bo‘ladirkim, bu kunlarda yana hukumat Turkiston xalqidan askar olishni tasvib va maslahat ko‘rgan. Lekin bu daf’a qaysi ravishda, qanday sharoit bilan askar olinadur? Bu ham bilgulik emas. Shoyad bu to‘g‘rida hukumatning yuqori doiralarida kengash va muzokaralar bo‘lib turg‘ondir. Harholda, bu daf’a avvalgi xatolar takror voqe’ bo‘lmas, deb o‘ylaymiz” deya fikrini tugallaydi. Shu o‘rinda u askarlikka olish bo‘yicha quyidagi takliflarni beradi: “Harbiy xizmatga olish tartibli va kuchlik tashviqotdan so‘ng majburiy emas, ixtiyoriy suratda bo‘lishi lozim; askarlik xizmatining muddatini qisqartirish kerak; harbiy xizmat bilan bog‘liq qonun va qoidalar yengillashtirilishi shart; yerlik xalqdan zobitlar yetishtirish uchun Turkistonning har bir shahrida askariy kurs va maktablar ochish kerak; askarlarning maishatlarini yaxshi ta’min etish va ba’zi urf-odatlarga mudoxala qilmaslik va o‘zlarini Turkistondan boshqa davlatga yubormaslik kabi qoida va yon berishlar e’lon qilish lozim”. Hoji Muin hukumat shu tavsiyalarni inobatga olsa, “Askarlikka olish muvaffaqiyatli chiqishi, shuning bilan barobar har bir ko‘ngilli askarga o‘z yaqinlaridan ikki kishining kafil bo‘lishi yoki shunga o‘xshash boshqa bir tadbir shart qilinsa, kelgusida ul askarning qochishlig‘i va yo hukumatga qarshi xiyonat qilmaslig‘i uchun bir amniyat hosil bo‘lur edi”, deb uqtiradi. Bu fikrlar oradan yuz yil o‘tganiga qaramay hamon o‘ta muhim ahamiyatga molikdir.

 

Hoji Muin 1920-yilning 1-yanvaridan “Mehnatkashlar tovushi” gazetasiga ilova sifatida “Tayoq” nomli kulgili jurnal chiqaradi. 1922-yildan “Zarafshon” gazetasining tahririyatida ishlab, 1924-yilning 1-iyunidan unga qo‘shimcha bo‘lib chiqqan “Mashrab” kulgili jurnaliga asos soladi.

 

Hoji Muin sovetlarning savodsizlikka qarshi kurash yillarida yana muallimlik sohasiga qaytib, 1925-yilda “O‘qitg‘uvchi”, “Rahbari besavodon” alifbolarini tuzadi. 1926-yildan “Ovozi tojik” gazetasiga adabiy xodim va musahhih bo‘lib ishga o‘tadi. Biroq Turkiston jadidlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning safdoshi Hoji Muinga nisbatan sovet ma’murlari hamisha ishonchsizlik nazari bilan qaradi. 1929-yil “Ovozi tojik”da texnik xatoga yo‘l qo‘ygan degan bahona bilan GPU tomonidan Sibirning Kapek okrugi, Pugachan rayoniga surgun qilinadi. 1932-yil surgundan vataniga qaytgach, 1932–1934-yillar O‘zbekiston davlat nashriyotining tojik bo‘limida adabiy xodim, 1934–1937-yillarda 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasining nashri afkori bo‘lgan “Qizil yulduz” harbiy gazetasida ish olib boradi. Gazetaning keng omma orasida mashhur bo‘lib ketishida tajribali publitsist Hoji Muinning ham katta xizmati bor edi.

 

“Qizil yulduz” harbiy gazetasi.

 

Uning musahhihligi yana baxtsizlik olib keladi. “Otishga hukm etilgan xalq dushmani Muralov” deganning ism-sharifi shu yillarning dovruqli arbobi Molotov nomi bilan almashib ketadi. Hoji Muinni bu ishni ongli ravishda qilganlikda ayblab, uni 1938-yil 24-yanvar kuni sovet jazo idoralari yana qamoqqa oladilar. Hoji Muin NKVD qoshidagi mash’um “uchlik” tomonidan “Aksilsho‘raviy targ‘ibot bilan shug‘ullanganlik”, “josuslik, buzg‘unchilik”, “ingliz razvedkasiga xizmat etganlik” kabi to‘qima ayblovlar bilan 10 yilga qamoqqa hukm qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 1942-yilning 21-iyulida Perm oblastining Solikamsk shahrida vafot etgan. Xalqimizning buyuk farzandi, jadid bobokalonimiz Hoji Muinning pokiza nomi 1963-yili oqlandi.

 

 

Aytish mumkinki, Turkiston jadidlari yoshlarni harbiy xizmatga jalb qilish, milliy qo‘shin tuzishning huquqiy asoslarini yaratish borasida yetarli ilm va tajribaga ega bo‘lganlar. Ular askarlik – Vatan uchun buyuk xizmat ekanligini e’tirof etgan holda, yoshlarni harbiy xizmatga jalb etishni xalqning orzu-istaklari bilan uyg‘un holda olib borishni muhim deb bilganlar. Darhaqiqat, Turkiston jadid taraqqiyparvarlarining yetakchilaridan bo‘lgan Hoji Muinning ijodiy va publitsistik merosi ham zalvorli. U o‘zining kundaligida yozishicha, 1907–1937-yillar davomida 23 xil gazeta va jurnallarda 200 ta maqola, 400 ta xabar hamda o‘zbek va tojik tillaridagi 1500 misraga yaqin she’rlari bilan qatnashgan. Hoji Muin tom ma’noda vatanparvar, qo‘rqmas va shijoatli jurnalist. U “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1919-yil 23-yanvar sonidagi maqolasida “Bizlar hech kimga xo‘shomadgo‘ylik qilmaymiz va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Bizlar vijdon va nomusimizni pulg‘a sotmaymiz. Bizning do‘stimiz va ma’shuqimiz yolg‘iz haqiqat bo‘lg‘onlig‘i uchun haqiqat va to‘g‘riliqdan boshqa hech kimni rioya etmaymiz. To‘g‘riliq yo‘linda bo‘hton, hibs va hatto, o‘limdan ham qo‘rqmaymiz. To‘g‘riliq va muqaddas maslakimiz yo‘linda qurbon bo‘lmoqni o‘zimiz uchun bir sharaf deb bilamiz” deydi. Ha, u shunday yashadi va o‘z hayotini tahlikaga solib bo‘lsa-da, yurt va xalq manfaati uchun matbuot maydonida mardona kurash olib bordi, haqiqiy jadid taraqqiyparvarlarimizdan biri bo‘lib qoldi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi