U yozgan alifbodan bolalar tez savod chiqargan. Ismatulla Rahmatullayevning “Mehnat qahramoni”dan “Xalq dushmani”igacha bosgan yo‘li


Saqlash
11:02 / 20.02.2024 602 0

“Sayqali ro‘yi zamin ast” ya’ni “Yer yuzining sayqali” hatto mustamlakachi Chor Rossiyasi Turkistonni zulm va istibdod iskanjasida ushlab turgan davrlarda-da o‘zbek xalqini uzluksiz yetuk taraqqiyparvar ziyolilar bilan ta’minlab turdi. Samarqandda madaniyat va xalq maorifining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan mohir jamoatchi, atoqli pedagoglardan biri Ismatulla Rahmatullayev ham ana shunday peshqadam ziyolilardan biri edi.

 

Ismatulla Rahmatullayev 1883-yilda Samarqand shahrining Rajabamin qishlog‘ida kambag‘al bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Uning otasi shu qishloqdagi boylarning uzumzorlari va bog‘larida yollanib ishlagan.

 

Atoqli olim M.Fattoyevning ma’lumot berishicha, Ismatulla Rahmatullayevning savod chiqarishi va yetuk pedagog bo‘lishida Abduqodir Shakuriy oilasining hissasi katta bo‘lgan. Jumladan, yosh Ismatullaga xat-savodni Abduqodir Shakuriyning onasi Bobi Roziya o‘rgatgan edi.

 

Abduqodir Shakuriy

 

Ismatulla eski maktabni tugatib, 1901-yilda ilg‘or pedagoglardan biri tomonidan tashkil etilgan yangi usul maktabida o‘qiydi. Maktabni muvafaqqiyatli tamomlab, 1905-yildan boshlab mashhur pedagog Abduqodir Shakuriy tomonidan asos solingan yangi usuldagi maktabga o‘qituvchi sifatida ishga qabul qilinadi va ayni paytda rus pedagogi Stachkov tomonidan Samarqand shahrida tashkil qilingan rus-tuzem maktabida ham tahsil ola boshlaydi. Ismatulla Rahmatullayev ushbu maktabda rus tili, matematika, geometriya va geografiya kabi fanlarni o‘rganadi. Keyinchalik u Abduqodir Shakuriy bilan birga Qo‘qon shahriga borib, u yerda ochilgan yangi usuldagi matablar bilan, shuningdek, qo‘qon taraqqiyparvarlarining yetuk shaxsiyatlaridan biri bo‘lgan Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan tanishadi.

 

Alohida ta’kidlash o‘rinliki, Shakuriy maktabida tojik va o‘zbek bolalari birga o‘qitilar edi. Bu yerda tojik tili asosiy til hisoblanar, bolaning savodi chiqqach, o‘zbek va tojik tillarida yozilgan kitoblar o‘qitilar edi. Shu bilan bir qatorda, o‘quvchilarni ozarboyjon va tatar adabiyoti namunalari bilan tanishtirish maqsadida shu tillarda yozilgan ayrim parchalar ham o‘qitilar edi.

 

 

Samarqanddagi jadid maktabi. Markazda Abduqodir Shakuriy va Ismatulla Rahmatullayev

 

Shakuriy va Ismatulla Rahmatullayevlar o‘z o‘quvchilari uchun bir yilda bir marta imtihon uyushtirardi. Imtihonda u ota-onalar oldida o‘quvchilar bilimining natijalarini namoyish qildirar, ota-onalar esa o‘z bolalarining qisqa muddat ichida xat-savodli, hisob, geografiya va tibbiyotdan ma’lumotga ega bo‘lganini ko‘rib hayratlanardilar.

 

Shakuriy maktabining shuhrati keng tarqala boshladi, O‘rta Osiyodagi boshqa ma’rifatparvar kishilarning diqqatini jalb etdi. O‘z navbatida ushbu maktabning butun Turkiston bo‘ylab shuhrat qozonishida Ismatulla Rahmatullayev ham o‘zining katta hissasini qo‘sha oldi.

 

Ismatulla Rahmatullayev bu davrda Abduqodir Shakuriy maktabida o‘qituvchilik qilish bilan bir qatorda, yangi usuldagi maktablar uchun yangi darsliklar, o‘qish kitoblari, alifbe tuzish va nashr etish bilan ham shug‘ullanadi. Jumladan, 1907-yilda Abduqodir Shakuriy tomonidan II sinflar uchun tuzilgan “Jomeul hikoyat” o‘qish kitobining nashr ettirilishida Ismatulla Rahmatullayev bevosita ishtirok etdi.

 

Ismatulla Rahmatullayev Oktyabr inqilobini aksariyat o‘zbek ziyolilari kabi xursandchilik bilan kutib oldi, u ushbu inqilobda Turkistonning ozodligini ko‘rdi, yurtning, jumladan, millatning kelgusi taqdiri endi yorug‘ bo‘lishiga umid qildi. Shu sababli ham u inqilobdan so‘ng Samarqanddagi xalq maorifi organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlab, maorif sohasida katta tashkilotchilik ishlarini olib bordi. U sovet hukumatining nazariga tushib Samarqand xalq maorifi bo‘limining o‘zbek, tojik va boshqa mahalliy maktablar sektori boshlig‘i etib tayinlandi.

 

Ismatulla Rahmatullayev 19181922-yillarda Samarqandda o‘zbek va tojik maktablarini tashkil qilish va ularning ishini rivojlantirish yo‘lida katta ishlarni olib bordi. “Samarqand ovozi” gazetasining ma’lumotlariga qaraganda Ismatulla Rahmatullayev 1919-yilning o‘zida Samarqand shahrida 35 ta yangi maktabni tashkil etishda faollik ko‘rsatgan.

 

 

Samarqanddagi jadid maktabida Ismatulla Rahmatullayev o‘quvchilari bilan.

 

Shu bilan birga Ismatulla Rahmatullayev Samarqandda mahalliy aholidan pedagog kadrlar tayyorlash ishiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shgan taraqqiyparvarlardan hisoblanadi. U 1922-yilgacha mahalliy o‘qituvchilar tayyorlaydigan qisqa muddatli kurslar tashkil etish ishiga rahbarlik qildi va bu sohada o‘z qobiliyatini yanada to‘liq namoyon eta oldi. U 1922-yildan to 1926-yilgacha Samarqand shahrida tashkil etilgan “Bilim yurti” direktori va o‘qituvchisi vazifasida faoliyat olib bordi. Ma’lumki, Ismatulla Rahmatullayev rahbarligidagi ushbu bilim yurti faqatgina o‘qituvchilar tayyorlaydigan o‘quv dargohigina emas, balki bu guruh o‘zbek ziyolilar tabaqasini yetishtirib bergan ta’lim uyi ham edi.

 

Ismatulla Rahmatullayev yuzlab yosh mutaxassislarni tayyorlab, voyaga yetkazdi. Ularning ko‘pchiligi keyinchalik fan, madaniyat, adabiyot va xalq xo‘jaligi sohalarida ko‘zga ko‘ringan mashhur kishilar bo‘lib yetishdilar. Jumladan, Ismatulla Rahmatullayev yetishtirib bergan shaxsiyatlar ichida shoir Hamid Olimjon, bastakor Tolibjon Sodiqov, akademik A.Bahovaddinov, professor Z.Rajabov, falsafa fanlari nomzodi M.Haqberdiyev, dotsent I.Sherboyev, Respublikada xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchilar M.Uzoqov, N.Valixo‘jayev, X.Hodizoda va M.Salomzoda kabilar bor edi.

 

1925-yilda O‘zSSR tashkil etilgach Ismatulla Rahmatullayev O‘zSSR xalq maorifi komissariyati qoshidagi ilmiy markazda mehnat qilgan holda, o‘zbek va tojik maktablari uchun darsliklar tuzish hamda ularni tahrir qilish ishlariga katta hissa qo‘shadi.

 

1926-yilda O‘zSSRda birinchi marta “O‘zbek Davlat Kitob palatasi” tashkil etilib, Ismatulla Rahmatullayev unga direktor qilib tayinlandi. U ushbu muassasada 1933-yilgacha qizg‘in faoliyat olib borgan va katta ilmiy-bibliografik ishlarni amalga oshirdi.

 

Ismatulla Rahmatullayev Abduqodir Shakuriy maktabida katta bilim va pedagogik tajriba orttirgandan keyin, Sadriddin Ayniy va Shakuriylarning maslahati bilan o‘zi mustaqil ravishda Registon ko‘chasida yangi usuldagi maktabini ochdi. Bu maktabda u diniy va dunyoviy fanlar bilan birga, rus tilidan ham bolalarga saboq berdi.

 

U 1915-yilda pedagogik tajribalariga tayangan holda, qolaversa, ilg‘or rus pedagoglari va yozuvchilari bo‘lmish K.D.Ushinskiy va L.N.Tolstoylar ta’siri ostida “Alifbe ta’limi” (Alifbe ta’limi yoxud rahbari maktab) kitobini yozadi.

 

Ismatulla Rahmatullayev o‘z xotiralarida ushbu kitobni tuzish va tahrir etishda adib Sadriddin Ayniyning katta yordam berganligini alohida qayd etib o‘tgan.

 

 

“Alifbe ta’limi” (Alifbe ta’limi yoxud rahbari maktab) kitobining muqovasi. Toshkent, 1915-yil.

 

Kitobning kirish qismida muallif Ismatulla Rahmatullayev tez va osonlik bilan savodli bo‘lish borasida o‘zining maslahatlarini yosh o‘quvchilarga bergan holda “Har bir savodsiz kishi g‘ayrat va tirishqoqlik bilan ushbu alifbodan foydalansa, ozgina vaqt ichida o‘qiydigan va yozadigan bo‘lib qoladi” deb ta’kidlagan. Qayd etish kerakki, kitob tovush-harf metodi asosida yozilgan bo‘lib shu boisdan ham bolalar tez fursatda savodli bo‘la olishgan.

 

Shu bilan birga, muallif tomonidan kitobning muqova qismiga: “Johil farzandning gunohi ota-onaning zimmasidadir” va “Bilim – yorug‘likdir, nodonlik – qorong‘ulikdir” kabi ibratli so‘zlar yozilgan.

 

Ismatulla Rahmatullayevning ushbu kitobi 46 betdan iborat bo‘lib, 90 soat dars uchun mo‘ljallangan edi. Alifbo analiz va sintez metodi asosida tuzilgan bo‘lib, u o‘zlashtirilishi oson bo‘lgan tovush va harflar bilan boshlanib, keyin murakkabroq ma’lumotlar bilan yakunlanadi.

 

Alifbo 3 qismdan iborat. Birinchi qismda harf elementlarini yozish bo‘yicha mashqlar, ikkinchi qismda harflarning turli ko‘rinishlari va uchinchi qismda tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan hikoya va she’rlar berilgan.

 

Muallif dastlab, o‘quvchilarga arab harflarining yozilishi va o‘qilish turlari, hamda harflarning so‘z boshi, o‘rtasi va oxirida keladigan shakllari xususida ma’lumot beradi. Shundan so‘ng asta-sekinlik bilan harflar vositasida kichik-kichik so‘zlar keltiradi va bolalarni shu orqali osondan murakkab vazifalar tomon ilgarilatib boradi. Muallif har bir dars uchun kichik matnlar keltiradi. Jumladan, kitobning 28-sahifasida keltirilgan “Suv” sarlavhalik matnda suvning hayot uchun, qishloq xo‘jaligi va umuman obodonchilik ahamiyati tushuntiriladi: “Suvni ichamiz va u bilan poklanamiz. Tegirmonlarni suv yurgizadi. Sabzavotchilik va dehqonchilik suv orqali hosil qilinadi. Suv obodonchilik vositasidir”. Shu bilan birga muallif o‘quvchilarni suvni isrof qilmaslikka chaqiradi.

 

Shuningdek, bilim va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan “To‘rt fasl” nomli qisqa maqolacha ham ushbu kitobdan o‘rin olgan. Ismatulla Rahmatullayev ushbu maqolachada “Bir yil to‘rt fasldan iborat – bahor, yoz, kuz va qish. Har yil o‘n ikki oydan iborat. Bir hafta yetti kundir. Bir kecha-kunduz 24 soat, bir soat 60 minutdan iboratdir. Har bir daqiqani g‘animat bilib o‘qish va o‘rganish kerak”. Yaqqol ko‘rinib turibdiki, muallif vaqt tushunchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shunchaki keltirib qo‘ymasdan, o‘zining fikrini ibratli mulohazalar bilan yakunlagan. Natijada, bolalar bunday turdagi matnlarni o‘qish asnosida hayotiy xulosalar chiqarish qobiliyatiga ham ega bo‘lib borishgan.

 

Alohida qayd etish kerakki, Ismatulla Rahmatullayev shu davrlarda Turkiston musulmonlari ichida keng tarqalgan “Muallimi soniy” asarining muallifi Ahmad Hodiy Maqsudiyning tajribalarini puxta o‘rgangan holda, kelgusida uning kitobidagi bazi kamchiliklarni to‘ldirdi. Barchamizga yaxshi ma’lumki, arab alifbosida bazi harflar to‘rt xil ko‘rinishda yoziladi. Masalan, “Z” va “S” harflari. Ismatulla Rahmatullayev yetuk pedagog sifatida o‘z kitobining 32-sahifasidagi 60-darsda arab yozuvining bu xususiyatlari to‘g‘risida batafsil mulohazalar keltirib, bu harflarning qanday so‘zlarda qachon ishlatilishini tushuntirib beradi. Natijada, bolalar harflarni osonlik bilan o‘zlashtirishlariga imkoniyat yaratilgan. Demak, Ismatulla Rahmatullayev bu borada Ahmad Hodiy Maqsudiydan ham yuqorilagan edi.

 

Ismatulla Rahmatullayev keyinchalik Samarqandda tashkil etilgan “Bilim yurtining direktori bo‘lib ham ishladi. U o‘sha vaqtlarda musiqa darsini o‘qitishni taraqqiyparvarlar ichida birinchi marotaba o‘quv dasturiga kiritadi. Ushbu yo‘lda u mashhur xalq xofizlarini o‘qituvchi sifatida bilim yurtiga ishga taklif etadi.

 

1937-yilning yozida NKVD xodimlarining xatti-harakatlari bilan sobiq sovetlar mamlakati jahannamga aylandi. Har kuni yarim kechada “qora qo‘ng‘izlar” istagan xonadon eshigiga borib, istaganni bosib olib ketadilar. 1937-yilning 19-avgust kuni Samarqandning So‘fi Razzoq ko‘chasidagi xonadon eshigi ham yarim kechada taqillaydi.

 

Xonadon sohibi Ismatulla Rahmatullayev eski shahardagi Behbudiy nomli kutubxona mudiri, ma’rifat fidoiylaridan biri edi. Marhum va atoqli olim, akademik Naim Karimovning ta’biri bilan aytganda “Kitob varaqlash va mumtoz shoirlarning asarlarini mutolaa qilishdan boshqa narsani bilmagan mo‘min-musulmon kishi birpasda askilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosiga chiqarildi”.

 

1937-yilning 4-sentabrida bo‘lib o‘tgan so‘roq paytida mahbus Ismatulla Rahmatullayev tergovchining savoliga javob berib: “Mening bo‘ynimga qo‘yilgan aybni tan olmayman, chunki hech qachon “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi bo‘lmaganman. Sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot ishlarini olib bormaganman, birorta millatchilik va aksilinqilobchilik yo‘nalishidagi siyosiy firqalarning yaqiniga ham bormaganman. Men “Nashri maorif” va “Anjumani maorif” madaniy-ma’rifiy jamiyatlarining a’zosi bo‘lganman, xolos… Bu har ikkala jamiyatda hay’at a’zosi edim. Va hay’at a’zosi sifatida menga ikkinchi bosqich maktabini ochish vazifasi topshirilgan edi. Boshqa birorta vazifa menga topshirilmagan” deb ta’kidlagan.

 

Tergovchi mudhish maqsadiga erishish uchun Ismatulla Rahmatullayevni avrash, tinimsiz so‘roq qilish va qiynashda davom etadi. 7-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan so‘roqda mahbus uning talabi bilan yangi ma’lumotni beradi: “Xa, – deydi u, – chindan ham 1914-yildan 1917-yilga qadar bo‘lgan vaqtda mening usuli jadid qabilidagi maktabim bo‘lgan. Men bu maktabni “Dorul adab” (Odob uyi – M.Alijonov) deb atagan edim”.

 

Naim Karimovning qayd etishicha, oradan yigirma besh kun o‘tgach tergovchi jadidchilik harakatidan xabardor kishilardan biri – 64 yashar qozini so‘roq qilib, do‘q-po‘pisa bilan undan quyidagi ma’lumotlarni oldi hamda uni o‘z tahrir va talqinida so‘roqnomaga tushurdi:

 

“Podsho Nikolay hukmronligining so‘nggi yillarida Samarqandda kuchli jadidchilik harakati bo‘lgan. Bu harakatning tepasida taniqli millatchi Behbudiy, Mardonqul Shokirov, Akobil Maxsum Shomansurov va boshqalar turishgan. Fevral burjua-demokratik inqilobidan keyin jadidlar mustaqil milliy davlatni barpo etish yo‘lida ish olib bordilar. Oktabr sotsialistik inqilobidan keyin esa jadidlar lageridan “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti ajralib chiqdi. Men shu narsadan xabardormanki, mazkur “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti Sovet hokimiyatiga qarshi taxminan 1923-1924-yillarga qadar kurash olib bordi. Shundan keyin men bu tashkilotdan uzoqlashdim… o‘sha paytda “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti a’zolari quyidagilar edi: Akobil Shomansurov (o‘ldirilgan), Shakuriy Abduqodir, Rahmonberdiyev Topildi, Abusaidov qozi Haydarbek, Rahmatullayev Ismatulla…”. Bu ma’lumot mahbusdan zo‘ravonlik yo‘li bilan olingani, tergovchi tomonidan soxtalashtirilgan holda so‘roq bayonnomasiga tirkalganiga qaramay, 1937-yilda yaratilgan sharoitda nafaqat Ismatulla Rahmatullayev, balki yuqorida tilgan olingan boshqa samarqandlik ziyolilarni ham ommatan qamoqqa olish va qirib tashlash uchun yetarli edi. Aslida ham shunday bo‘ldi.

 

Atoqli ma’rifatparvar, mohir pedagog bo‘lmish Ismatulla Rahmatullayev 1937-yil 28-oktabrda 10 yillik qamoq jazosiga hukm etildi. U qamoq muddatini o‘tash uchun Ulan-Udega – NKVDning Janubiy lagerlar boshqarmasi ixtiyoriga yuborildi va 42-kolonnaning mahbusi sifatida qora va o‘ta og‘ir ishlarni bajarishga majburlandi.

 

O‘zining aybsizligiga to‘la amin bo‘lgan Ismatulla Rahmatullayev tushkunlikka tushmasdan, ozod etishlarini so‘rab sabab va mantiqiy dalillar ko‘rsatilgan qator arizalar yozdi. Natijada, u 42-kolonna lageridan ozod etilib, jazoning qolgan muddatini o‘tash uchun Krasnogvardeyskiydagi temiryo‘l bekatiga ishga yuborildi. Ammo 50-yillar arafasida boshlangan qatag‘onning navbatdagi to‘lqini uni yana Shimoliy Qozog‘istonning Petrapavlovskiy viloyatidagi lagerga olib ketdi.

 

O‘sha yillarning dahshatli manzarasi xususida Ismatulla Rahmatullayevning qizi, qirq yil maktablarda muallimlik qilgan filolog-murabbiy Xolida Raxmatullayeva quyidagilarni xotirlaydi: “Otam nihoyatda kelishgan, ko‘rkam inson edi. Xarakterlari yumshoq tabiatli, bolalarni yaxshi ko‘ruvchi, ayniqsa ularga ta’lim berishni sevuvchi shaxs edi. Otam o‘zi asos solgan “Dorul-odob” nomli maktabini har tomonlama rivojlantirish maqsadida hatto Qirimga ham borib jadidchilik harakatining yetuk vakillaridan biri bo‘lgan Ismoil Gaspirali bilan ko‘rishib, u bilan bu to‘g‘rida suhbatlashgan. Hatto, ilk globusni ham mening otam Turkistonga olib kelgan edi. Afsuski, dahshatli qatag‘on davri bizni otamizdan ancha yillar ayro holda tutdi. Otam 1937-yilda qamoqqa olingach, qariyb o‘n yil mobaynida ming bir azob-uqubatlar ichra sovet lagerlarida mehnat qildi. O‘n yildan so‘ng, jazo muddatini o‘tab lagerdan qaytib kelgach, “Endi xotirjam yashaymiz, otam har doim biz bilan birga bo‘ladi, endi uni hech kim olib ketmaydi deb o‘ylar edim. Afsuski, 1949-yilda otamni yana olib ketishdi. O‘sha qora kun hamon esimda. Otam shu kuni “Mana endi lagerdan qaytib keldim, endi uyni ta’mirlayman deb” loy qorayotgan edilar. Shunda eshik taqillab, uch-to‘rtta harbiy kiyimdagi shaxslar kirib keldi. Ularni ko‘rib yuragim uvishdi. Ular otamni hisbga olishdi, bizlar esa ortlaridan dod deb qolaverdik...

 

Yana shu mudhish voqea esimga keladi, o‘sha yillari (1949-yil) men 19 yoshda SAGU (O‘rta Osiyo Davlat universiteti) filologiya fakultetining 2-kurs talabasi edim. Otamni yana Sibirga surgun qilishadimi deb, onam bilan issiq kiyimlar, paypoq, oq ro‘molchaga turshak, mayiz, nonni o‘rab olib har kuni qayta-qayta qamoqxona mahkamasiga borardik, lekin dadam uchun olib borgan narsalarni ham berolmasdan, yig‘lab-yig‘lab uyga qaytardik. Bir kuni soqchilarning biri bizga rahmi keldimi, bilmadim, meni sekin chaqirib, ertaga ertalab barcha hibsga olinganlar, jumladan mening otamning ham poyezdda boshqa yerga yuborilishini, shu vaqtda uni ko‘rishimiz, qo‘limizdagi issiq kiyimlarni bera olishishimiz mumkinligini aytdi. O‘sha kuni otamni ko‘ra olish umidi bilan xursandligimizdan mijja qoqmadik, tezroq tun o‘tib, kun yorishishini kutardik, vaqt ham biz kabi, mudhish voqealardan holsizlanib qolganday, juda sekin harakatlanardi go‘yo... Va nihoyat tong otdi, biz ona-bola shoshganimizcha yana qamoqxona tomon yo‘l oldik. O‘sha dahshatli joyga yaqinlashar ekanmiz, atrofni ot mingan piyoda askarlar o‘rab olganini va hech kimni u tomonga yo‘latmayotganini ko‘rdik. Endi nima qilamiz, qo‘limizdagi tugunni otamizga qanday beramiz, deb xafa bo‘lib turganimizda birdaniga bir eshalonga chamasi 50100 ta mahbusning qattiq shovqin bilan olib chiqilishi, atrofdagi otlar ham bu holatdan pishqirib, atrof changga burkangani va shu holatda tezda otamni izlashga tushganimni eslayman. Onam va men ko‘zlarimiz to‘rt bo‘lib turgan bir paytda, otam o‘zlari bizni ko‘rib, qizim deb chaqirganlari hali ham qulog‘imda jaranglaydi, ko‘z oldimdan ketmaydi. Dadamga narsalarni berishim kerak deb, o‘zimni ular tomonga uraman, biroq atrofdagi zobitlar meni yana orqaga itaradilar. Qo‘limdagi narsalar ham yerga tushib, nochorlikdan otamni izlashga tushaman... Ota mehriga, diydoriga endi to‘yay deganda, taqdir bizni yana o‘n yilga ayirdi”.

 

Ismatulla Rahmatullayevning nevarasi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, jadidshunos olima Xurshida Jalilovaning quyidagi xotiralari qatag‘on davrining qora ko‘lankalari uning qalbiga yana uzoq yillar soya tashlab turganligini ko‘rsatadi: “1935-yil maorif sohasida pedagogik faoliyatining 35 yilligi munosabati bilan “Mehnat qahramoni” unvonini olgan ma’rifatparvar bobomga 1937-yil avgustida “Xalq dushmani” degan tamg‘a qo‘yildi. Onamning aytishlaricha, Shakuriy domlaning hibsga olinganligini eshitgan buvim, qo‘rquvdan tintuvda bobomga qarshi dalil bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha qo‘lyozmalar, xususan, ularning 1903–1911-yillar oralig‘ida Shakuriy domla bilan jadid maktablarini o‘rganish maqsadida Orenburg, Qozon, Qirim va Istanbul shaharlariga qilgan safarlari qayd etilgan kundaliklari, uydagi Qur’ondan tashqari barcha kitoblarni qoplarga solib, yarim tunda Ko‘sh Xovuzga tashlab kelganlarini, ayrimlari gulxanga aylanganini ko‘p eslardilar. Men esa, 8 yoshlik qizaloq u paytlarda garchi onamning yonlarida bo‘lsam ham, buning sabablarini tushunmasdim. Lekin o‘sha dahshatli manzara, qo‘rquv umrim davomida xotiramda, qalbimda mustahkam joylashib olgan, derdi onam. Ikki marta nohaq qamalib, “Xalq dushmani” deb ayblangan bobomning 1957-yil reabilitatsiya qilinishi ham ulardagi bu qo‘rquvdan xalos bo‘lishga yordam bermadi, chunki ularda bu tizimga nisbatan ishonch sindirilgan, o‘ldirilgan edi... Faqat mustaqillikka erishganimizdagina onam va ularning Samarqanddagi ukalari, opalari bobomning ruhlarini shod qilay deb, ularning nomini haqiqatdan oqlashga, ezgu ishlarini yuzaga chiqarishga bel bog‘laganlar... Samarqanddagi Qizil Ravot ko‘chasi, bobom asos solgan bilim yurti ularning nomlari bilan yuritila boshladi. O‘zbek jadidshunos olimlari Sherali Turdiyev, Naim Karimovlar bilan bog‘lanib, o‘zlaridagi ma’lumotlarni ularga yetkazganlar. Natijada, bobomning 120 yillik yubileylari Samarqandda tashkil etildi. Lekin hozirgi kunda jadid adabiyoti bo‘yicha yangi izlanishlar olib borilishi sababli, Ismatulla Rahmatullayev hayoti va faoliyatining yangi qirralari, yangi faktlar yuzaga chiqmoqda.”

 

Xullas, xalqimizning ziyoli farzandlaridan biri, yetuk pedagog va olim Ismatulla Rahmatullayev hayotining qariyb 18 yilini qatag‘onning jabr-u jafolarini chekkan holda o‘tkazdi.

 

Ismatulla Rahmatullayev 1957-yilda oqlangan. 1962-yilda vafot etgan.

 

 

Nashrga tayyorlovchi: Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati

 

1.           Fattoyev M. Atoqli pedagoglarimiz. T.: “O‘qituvchi” nashriyoti. 1988. – B. 52.

2.           Rahmatullayev I. Alifbo ta’limi. – T.: 1915. – B. 46.

3.           Karimov N. 42-kolonna mahbusi // Toshkent haftanomasi gazetasi. 2002-yil 8-avgust soni.

4.          Amridinova D. Samarqand jadidchilik maktabi. Monografiya. – Toshkent: “Navro‘z” nashriyoti DUK. – 2017. – B. 124.

5.           Голос Самарканда. 27 июня 1919 года.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

10:05 / 07.05.2024 0 18
“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar

Mafkura

10:05 / 07.05.2024 0 25
Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19349
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16463
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi