Sizga oyna tutdim: istang xatolaringizni tuzating, istang “qirolning yangi libosi”ni vasf etib yashayvering – Feruza Manukyan


Saqlash
16:01 / 16.01.2024 2374 1

Oyina.uzda ilmiy ishlardagi koʻchirmakashlik, oʻxshashlik va takrorlar haqidagi maqola eʼlon qilingach, jamoatchilik oʻrtasida qizg‘in bahs-munozaralar boshlandi. Koʻpchilik maqolada haq gaplar aytilganini taʼkidlasa, ayrimlar muallifni masalaga bir taraflama qarash, shaxsiyatga daxl qilish va hatto hasadchilikda ham ayblay ketdi. Oyina.uz holatni toʻliq yoritish maqsadida mavzuga aloqador faxriya, raddiya va munosabatlarni ketma-ket eʼlon qilib bordi. Bugun jamoatchilik eʼtiborini muammoga qaratib, sergak tortishga undagan muallifning ushbu materiallarga nisbatan javobini ham eʼlon qilamiz. Mavzuga takror-takror qaytayotganimizga sabab masalaning bugunimiz va kelajagimiz uchun oʻta muhim ekani, ilm-fandagi har qanday yolgʻon va koʻzboʻyamachiliklar nafaqat bir soha, balki butun jamiyat taqdiriga ham katta taʼsir oʻtkazishi, vaqtida buning oldini olish kerakligini eslatish ehtiyojidir. Matn orasida ijtmoiy tarmoqlarda bildirilgan, portalga kelgan aks sado fikrlardan ayrimlarini hatto juz’iy xatolarini ham tuzatmasdan keltirib boramiz.

 

 

Bolaligimda Hans Kristian Andersenning “Qirolning yangi libosi” ertagini oʻqiganimda odamlar qanday qilib koʻrinib turgan narsani koʻrmasligi mumkin deb oʻylardim. Ammo hozir oʻzimni “Qirol yalangʻoch-ku!” deya hayqirgan bolakay oʻrnida his qilyapman… “Oyina.uz” portali orqali ommaga taqdim etilgan maqolamdan soʻng ketma-ket munosabatlar eʼlon qilindi. Shulardan soʻnggisidagi ayrim fikrlarga nisbatan oʻz mulohazalarimni bildirib oʻtmoqchiman va shu bilan ayni masalaga boshqa qaytmoqchi emasman. Zero, men asosiy maqsadimga erishdim deb oʻylayman. Keng jamoatchilik diqqatini ilm-fandagi jiddiy muammoga qarata oldim.

 

Avvalo, maqolada mutlaqo tilga olinmagan shaxs tomonidan rasmiy munosabat eʼlon qilinishi meni biroz ajablantirdi. Chunki maqolamning biror joyida OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida ishlashimni roʻkach etmaganman, shaxsiy fikrlarim rahbariyat fikri bilan mushtarakligiga iddao qilmaganman. Xodimning shaxsiy fikri har doim ham rahbariyat pozitsiyasi bilan uygʻun boʻlavermaydi. Buni isbotlash uchun rasmiy munosabat bildirish shart emas edi, deb oʻylayman.

 

 

Materialda Baxtiyor Mengliyevning ilmiy faoliyati haqida juda iliq fikrlar bitilgan ekan. Men ham bu gaplarga toʻla qoʻshilaman. Maqolamda olimning fanga qoʻshgan hissasini aslo shubha ostiga olmaganman va uning ilmiy ishlarini taftish va tahlil qilmaganman. Men faqat olim rahbarlik qilgan ilmiy ishlarni tanqid qildim. Har qanday dahoning jismoniy imkoniyatlari cheklangani, 100 nafar sifatsiz shogird yetishtirgandan koʻra 10 nafar zoʻr mutaxassis tayyorlash maʼqul, degan gʻoyani ilgari surganman va shu fikrda qolaman. Olimning fanga qilgan xizmati sifatli kadr tayyorlash masʼuliyatini boʻynidan soqit qilmaydi. Yetuk olim ham, ilmga kecha kirib kelgan izlanuvchi ham fan taraqqiyotiga xolis xizmat qilishi kerak. “Ilmiy rahbar shogirdining ishi uchun javobgar emas-ku”, deguvchilarga esa Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandini eslatib oʻtmoqchiman: Talabgor, ilmiy rahbar yoki ilmiy konsultant, dissertatsiya bajarilgan muassasa va Ilmiy kengash tadqiqotning maqsad va vazifalarini aniq belgilash hamda dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining mazmuni uchun masʼul hisoblanadi.

 

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati yuzasidan bir-ikkita yoki oʻnlab emas, yuzlab dissertatsiyalar yozilishi, himoya qilinishi kerak”, deyilgan ekan. Unda nega 6 jildli izohli lugʻatni tayyorlaganimizda ularning birortasidan foydalanmadik?

 

Habikaturaning Feruza Manukyan maqolasiga bagʻishlangan karikaturasi

 

 

“Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati”da manbalarning hammasi koʻrsatilgan, inson omili aralashuvisiz koʻchirmachilik mavjud yoki mavjud emasligini aniqlaydigan antiplagiat dasturi ishda plagiatlik holati yoʻqligini isbotlagan”, degan mulohazani oʻqiganimda institutimizda boʻlib oʻtgan seminarlarning birida yuz bergan voqea esimga tushdi. Dissertatsiya ishida Mamatqul Joʻrayevning kitobidan soʻzma-soʻz koʻchirilgan joylar borligini jadvalga solib koʻrsatib berganimda dissertant “Men ikki marta antiplagiat dasturida tekshirtirganman”, deb javob qaytargan edi. Keyin muallif antiplagiat dasturiga emas, mening gaplarimga tayanib, koʻchirilgan joylarni toʻgʻrilatgan edi. Qolaversa, havolalar duch kelgan manbaga berilmasligi va havola berishning oʻz qonun-qoidasi, tartibi borligini butun umrini ilm yoʻliga sarflagan zahmatkash olimimiz mendan-da yaxshi biladilar.

 

 

 

Maqola bir qancha maqollar bilan ziynatlangan ekan. Men ham bir maqol aytay: Boshingga qilich kelsa ham, rost gapir. Bir umr qoʻrqoq boʻlib yashagandan koʻra mard boʻlib oʻlgan afzal. Qaytarib aytaman, maqolada tilga olingan birorta olimning ilmiy salohiyati va fanga xizmatini aslo shubha ostiga olmaganman. Baxtiyor Mengliyev va Nizomiddin Mahmudovning oʻzbek tilshunosligidagi yetakchi olimlar ekanini baralla aytaman. Ayniqsa, Nizomiddin Mahmudovni akademik unvoniga loyiq haqiqiy olim deb bilaman. Ammo ilmiy xolislik va obyektivlik borasidagi qarashlarimiz ayro boʻlgan va shunday boʻlib qoladiganga oʻxshaydi.

 

 

Alqissa, haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi. Men maqolamda aniq faktlar va raqamlarni keltirganman. Rost va raso haqiqat avtoritetlarning balandparvoz gaplarida emas, aniq raqam va dalillarda. Ilm-fan sohasi uchun javobgar shaxslarga qarata aytar soʻzim: men sizga oyna tutdim, istasangiz – xatolaringizni koʻrib, tuzatishga harakat qiling, istasangiz – “qirolning yangi libosi”ni vasf etib yashashda davom etavering. 

 

Feruza MANUKYAN,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

1 Izoh

Abdulaziz

10:01 / 18.01.2024

Baxtiyor Mengliyev bilan eʼlon qilingan suhbat juda qiziq boʻlgan edi. Ilmiy maktab haqida yaxshi gaplar bor edi. Bir oʻqiganda olimning ilmiy maktabiga havas qilib, gʻayratingga balli deb yuboradi odam. Ammo vaqtning hamma inson uchun bir xilda 24 soat ajratilganini inobatga olsang, domlaning jismoniy imkoniyatiga qoyil qolasan kishi. Men endigina ilmga kirib kelayotgan tadqiqotchiman. Baʼzida birgina sahifa uchun ustozim bilan kunlab ishlaymiz. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yoki domla va uning shogirdlari juda mukammal ( unday deyishimga ishlarning saviyasi yoʻl qoʻymaydi), yoki qolganlar juda sekin fikrlaydi. Maqoladagi bir jumla juda yoqdi. Haqiqat avtoritetlarning balandparvoz gaplarida emas. Toʻppa-toʻgʻri. Ismini toʻgʻri yozib, gapning ega-kesimini ajratolmaydigan DSc lar, oʻz mutaxassisligiga dars berishga qoʻrqib, fakultetlararo fanlarni arang oʻtib yurgan professorlar talaygina va ularning rahbarlari, ularga ilm diplomini bergan odamlar, aynan oʻsha balandparvoz nutq sohiblari...

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19324
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16419
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi