150 asar, 150 ishtirokchi, 1050 yillik yubiley – Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi


Saqlash
15:10 / 04.10.2023 1032 0

Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirlar Nukus shahri, Beruniy tumani, Urganch, Xiva hamda Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda OYINA.UZ portali xabar bermoqda.

 

Konferensiyada Turkiya, Ozarboyjon, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Italiya, Malayziya, AQSh, Eron, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Misr kabi 20 ga yaqin davlatlardan kelgan olimlar hamda mamlakatimizning yetakchi professor va tadqiqotchilari qatnashdi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati  va Toshkent shahar hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan anjuman tadbirlari to‘rt kun davom etdi.

 

 

Birinchi kun – 25-sentabr

 

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning birinchi kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tdi. Ishtirokchilar Nukus xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. I.V.Savitskiy nomidagi san’at muzeyiga sayohat uyushtirildi. So‘ng Beruniy tumaniga yo‘l olindi. Bu yerda ulug‘ alloma sharafiga o‘rnatilgan haykal poyiga gulchambar qo‘yildi hamda ramziy qabri ziyorat qilindi. Beruniy tumani Madaniyat saroyida asosiy tadbir o‘tkazildi, allomaning ilmiy merosiga bag‘ishlangan qiziqarli ma’ruzalar tinglandi, spektakl namoyish qilindi. Amfiteatrda konsert dasturi qo‘yildi.

 

 

 

 

 

 

 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 25-avgustda qabul qilingan “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ ajdodimizning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Bu esa pirovardida Yangi O‘zbekistonning irfoniy va ruhiy asoslarini mustahkamlash, yangi ilmiy maktablarni yaratish va rivojlantirishga xizmat qiladi, – deya ta’kidladi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo.

 

Abu Rayhon Beruniyning ilm ummoni nechog‘lik poyonsiz ekanini uning ulkan qomusiy olim sifatida yaratgan asarlari yaqqol ko‘rsatib turibdi. Falsafa ilmi bilimdoni bir vaqtning o‘zida astronom, matematik, geolog, geograf, biolog, o‘lkashunos, o‘simlikshunos, ma’danshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, jamiyatshunos, mantiqshunos, ilohiyotchi va shoir bo‘lgan. Akademik I.Krachkovskiy so‘zi bilan aytganda, Beruniyning shug‘ullangan sohasini sanashdan ko‘ra shug‘ullanmagan sohasini sanash osonroqdir.

 

 

Ikkinchi kun – 26-sentabr

 

Anjumanning ikkinchi kuniga Xorazm viloyati mezbonlik qildi. Mehmonlar Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosida mutafakkir hayoti va ilmiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishi bilan qarshi olindi. Shundan so‘ng “Abu Rayhon Beruniyning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosida amaliy fanlarning o‘rni”, “Abu Rayhon Beruniy va ijtimoiy-gumanitar fanlar” kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi. Xorijlik olimlarning Nurillaboy saroyiga, afsonaviy ochiq osmon ostidagi muzey – Ichanqalʼaga, oʻz davrida koʻplab olimlarni bir nuqtaga birlashtirgan, mustaqillik yillarida qayta tiklangan Xorazm Maʼmun akademiyasiga tashrifi taassurotlarga boy bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

 

Ilmiy faoliyatim davomida bir necha o‘n yillar mobaynida Abu Rayhon Beruniy asarlariga tez-tez murojaat qilaman. Bugun alloma tug‘ilib-o‘sgan yurtga kelganimdan juda baxtiyorman. Universitetda talabalar bilan Beruniy o‘qishlarini tashkil etamiz, kitoblarida ko‘tarilgan masalalarni o‘rganib muhokama qilamiz. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, Abu Rayhon Beruniy dunyo tan olgan o‘n olimning biridir. Uning mavzuga qarashi ma’lumot beruvchi, tavsiflovchi va tushuntiruvchi – chin ma’noda zamonaviy akademik qarashdir. Har bir asari fanlar tarixida yangi ufqlarni ochgani bejiz emas, – deydi turkiyalik professor Mustafa Demirji.

 

 

Uchinchi kun – 27-sentabr

 

Anjuman ishtirokchilarini bir nuqtaga to‘plagan navbatdagi manzil Toshkent shahri bo‘ldi. Mehmonlar dastlab “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga borib, Mustaqillik monumentiga gul qoʻydilar. Kun davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida tarixiy qo‘lyozmalarni varaqladilar, Adiblar xiyobonidagi shoir-yozuvchilarning haykallari bilan tanishdilar, Alisher Navoiy hamda Abu Rayhon Beruniy haykallari poyiga gulchambar qo‘ydilar, O‘zbekiston Milliy universiteti olimlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar, Toshkentning ko‘hna qiyofasini o‘zida aks ettirgan Hazrati Imom majmuasini tomosha qildilar hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi “Kitab al-saydana fi-t-tibb” kitobi taqdimotida ishtirok etdilar. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazidagi ulkan bunyodkorlik ishlari mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

 

 

 

 

 

 

 

Italiyalik tadqiqotchi Massimiliano Borroni o‘z taasurotlari bilan bo‘lishdi:

 

– Anjuman tadbirlari bizga g‘oyat manzur bo‘lmoqda. Toshkent menga juda yoqdi. Daraxtlarga to‘la manzarasi, Adiblar xiyoboni, madaniy yodgorliklari… Umuman, hammasi chiroyli. Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy sabab shu manzillarga keldik. Aytishim o‘rinliki, sizlarning ajdodingiz juda qobiliyatli va juda zehnli bo‘lgan. Uning ko‘p asrlar oldin yaratgan asarlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Alloma merosini o‘rganishga astoydil harakat qilyapmiz. Sharqshunoslik institutida qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qib ko‘rdim, bu jarayon meni hayajonga soldi…

 

 

To‘rtinchi kun – 28-sentabr

 

“Hyatt Regency” mehmonxonasida anjumanning asosiy qismi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va boshqa mutasaddilar konferensiya ishtirokchilarini qutladi. UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi onlayn tabrik yo‘llab, buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosi kelajak avlodlarni ham ilhomlashtirishda, madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtirishda davom etaversin, deya ezgu tilak bildirdi.

 

 

 

 

 

 

 

Ikki shu’ba majlislari qizg‘in ruhda o‘tdi. Mamlakatimiz va chet el olimlarining 40 dan ziyod ma’ruzalarida Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining turli jihatlari yoritib berildi. Ayniqsa, xorijlik mutaxassislar buyuk alloma haqida to‘lqinlanib so‘zladilar. Shubhasiz, Beruniy shaxsi bunday hurmat-e’tibor va e’tirofga munosibdir. Malayziyaning Hadhari Islom instituti professori Fariza Sham ta’biri bilan aytganda, “Har bir yosh avlod Beruniyni o‘zi uchun ibrat deb bilsa, uning insoniy xususiyatlariga ergashsa, unga o‘xshashga intilsa, hayotiga yanada mazmun kiradi va katta ishlarga qodir bo‘ladi”.

 

Yuksak saviyada, yorqin taassurotlarga boy tarzda o‘tgan konferensiya ayni yuqori nuqtasida yakunlandi. Ishtirokchilarga maxsus sertifikat, anjumanning ma’ruzalar to‘plami, Abu Rayhon Beruniy asarlarining ko‘pjildligi va esdalik sovg‘alar taqqim etildi. Yakdillik bilan ta’kidlanganidek, bunday xalqaro konferensiyalar ilmiy rivojlanish va xalqaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. O‘tgan to‘rt kunlik xulosalardan anglash mumkinki, ilmiy-amaliy anjuman oldiga qo‘yilgan asosiy maqsadlarga a’lo darajada erishildi. Jahon beruniyshunosligi yangi tadqiqotlar uchun turtki oldi.

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

OYINA.UZ muxbiri

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19459
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16845
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi