“U shug‘ullanmagan sohalarni sanash osonroq” – anjuman ishtirokchilari Beruniy haqida (2-qism)


Saqlash
18:09 / 29.09.2023 918 0

Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya chin ma’noda “ilm bayrami”ga aylandi.

 

Anjumanga dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan mutaxassislar tashrif buyurdi. Oyina.uz tadbirlar tafsilotlarini muntazam ravishda sizga ulashib bordi:

 

Birinchi kun;

Ikkinchi kun;

Uchinchi kun;

To‘rtinchi kun.

 

Ahamiyatli jihati, Beruniyning 150 asariga asoslangan 50 ga yaqin tadqiqotlar yagona to‘plam holiga keltirildi. Bu kitobning qiymatini so‘z bilan ifodalash qiyin. Chunki bu manba – buyuk olim ilmiga yetaklovchi 50 xil qarash, 50 xil rakurs degani.

 

Xorijliklar mana shu ilm yo‘lida Beruniy shaxsini yaqindan taniganlar va, o‘ylaymizki, ularning mulohazalari sizlar uchun ham qiziq.

 

Budi Agung Sudarmanto, Indoneziya

 


Abu Rayhon Beruniyning Indoneziya madaniyatiga yaqinlik jihatlari bor. Alloma qadimiy sanskrit tili va dravid yozuvini o‘rganib, ilmiy izlanishlar olib borgan. Buni qarangki, aynan mana shu til keyinchalik Indoneziya tiliga aylandi. Zamonaviy indonez tilida sanskrit tilidan qolgan so‘zlar juda ko‘p. Masalan, asara – aksara (yozuv), indra – indrara (ma’no), pravira – pervira (jasur), guru – guru (murabbiy, ustoz), devi – devi (iloha) va hokazo. Musulmon olimi sifatida Abu Rayhon Beruniyning merosi Indoneziya uchun muhim ahamiyatga ega. Biroq bizda bu haqda ilmiy adabiyotlar yetarli deb bo‘lmaydi. Shu bois alloma merosi yuzasidan tadqiqotlarni, kitoblarni ko‘paytirishga katta ehtiyojimiz bor.

 

Massimiliano Borroni, Italiya

 


Beruniyning meteorologiyaga oid qarashlari bugun ham aktual. Uning aynan mana shu mavzuga atalgan asari boʻlmasa-da, barcha qo‘lyozmalarida meteorologik bayonlarni uchratish mumkin. Bu o‘z-o‘zidan olim tafakkurining yuksakligini anglatadi. Afsuski, uning bu sohaga oid qarashlari ko‘proq ifodalangan “Kitob al-Anvoh” asari bizgacha yetib kelmagan.

 

Beruniy merosi bilan tanishayotganimda bir qiziq voqeaga duch keldim. U o‘z davrida hatto olimlar orasida ham mashhur bo‘lgan yada (jada) toshini rad etgan. O‘sha vaqtda bunday toshlar yomg‘ir chaqiradi deb ishonilgan. Beruniy unga shunday tosh sovg‘a qilgan kimsadan yomg‘ir yog‘dirishni so‘raydi. Tabiiyki, yomg‘ir yog‘maydi va sovg‘a egasi uyalib qoladi. Beruniy hududlarning iqlim sharoitlari bir-biriga o‘xshamasligini, yomg‘ir yog‘ish hodisasini turli marosimlar bilan emas, balki “tog‘larning joylashuvi, tuzilishi, shamol esishi va dengiz bulutlarining suzishi” bilan bog‘lash kerakligini ta’kidlagan.

 

Olimning meteorologiya, shu jumladan, iqlim sharoitlarini sezilarli darajada shakllantiruvchi, joiz bo‘lsa, sivilizatsiyaga ham ta’sir ko‘rsata oluvchi shamollar haqidagi fikrlari chuqur o‘rganilishga muhtoj.

 

Jalal Al Said Al Hafnaviy, Misr

 


Beruniyning asarlari juda ajoyib, uning kitoblari oradan X asr o‘tib ham dolzarbligini saqlab kelmoqda. Masalan, uning hind jamiyati va sivilizatsiyasi, urf-odatlari to‘g‘risida yozilgan “Hindiston” asari bugungi kunda ham muhim, hindlarning qadimiy an’analarini o‘rganishda tengsiz manba hisoblanadi.

 

Beruniy o‘z davrida ilm-fan uchun katta hissa qo‘shdi. U boshqa dindagi xalqlar, mamlakatlarni o‘rganishga kuch sarfladi va bu bilan ilm olishda chegara yo‘qligini ko‘rsatdi. Beruniy bilan tanishgan barcha sharqshunoslar uning qomusiy merosini e’tirof etishadi. Olimning asosiy e’tibori birinchi navbatda tabiiy fanlar, matematika, astronomiya va tibbiyotga qaratilgan bo‘lsa-da, tarix haqida ham yozgan va arab manbalarida tajribali geograf sifatida tanilgan. Shuning uchun akademik Ignatiy Krachkovskiy arab geografiyasiga bag‘ishlangan o‘z kitobida Beruniyga butun bir bobni ajratgan va unga nisbatan “shug‘ullangan sohasini sanashdan ko‘ra shug‘ullanmagan sohasini sanash osonroqdir” iborasini qo‘llagan.

 

Bachir Halafiy, Jazoir

 


Beruniy davrida hozirgidek maxsus taʼlim tizimi boʻlmagan, bilim asosan shaxsiy intilishlar orqali o‘zlashtirilgan. U davrda kitob tayyorlash oson ish emas edi, xattotning qo‘l mehnati bilan ko‘chirib chiqilgan va bitta kitobni ko‘paytirish uzoq va qiyin jarayon bo‘lgan. Ana shunday sharoitda Beruniy ilm olishga chanqoqligi tufayli insoniyat va islom tafakkuri tarixidagi eng yorqin mutafakkirlardan biriga aylandi.

 

Beruniy falsafa borasida chuqur bilimga ega bo‘lgan. Uning falsafiy fikrlari teranligi mutaffakkirning Ibn Sino bilan suhbatlarida namoyon bo‘ladi. Ikki allomaning xat almashuvlari Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida qayd etilgan. Ibn Sino va Beruniy oʻrtasidagi bahslarda asosiy eʼtibor Aristotel falsafasi, yaʼni tabiiy mohiyat, koinot, ruh, his, metafizika kabi mavzularga qaratilgan. Bu olimning falsafa borasida mustaqil va o‘ziga xos fikrlari mavjudligini isbotlaydi.

 

Amerikalik faylasuf va tarixchi Artur Upham Pope aytganidek, Beruniy dunyoning eng buyuk olimlari ro‘yxatida yuqori o‘rinlarda turishi kerak. Na matematika, na astronomiya, na geografiya, na antropologiya yoki din tarixi uning ilmiy qarashlarisiz tugal bo‘la olmaydi. Beruniy, shubhasiz, barcha zamonlarning eng buyuk aql sohiblaridan biri bo‘lgan.

 

 

Muhammadqodir SOBIROV.

Oyina.uz

 

O‘xshash maqola:


“XI asrning birinchi aqli”, “Aristoteldan xato topgan olim” – konferensiya ishtirokchilari Beruniy haqida

 

  

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16846
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi